Musiqa olami

5088 marta o'qildi
Ilyos ARABOV: SANAT XAYOLDA TUG`ILADI, TAFAKKURDA CHARXLANADI

O`zining yuqori pardali ovozi, diltortar ohangi, betinim izlanishlari va bir qancha yutuqlari bilan, xususan, yoshlar, balki katta avlod vakillarini ham birdek xushnud etayotgan Ilyos Arabov bilan suhbatimiz juda samimiy kechdi. “Nihol” mukofoti sovrindori, Yunus Rajabiy nomidagi VI maqom ijrochilari ko`rik-tanlovi g`olibi

Iste`dod — millat mulki


Ilyos ARABOV:
SAN’AT XAYOLDA TUG`ILADI,
TAFAKKURDA CHARXLANADI



O`zining yuqori pardali ovozi, diltortar ohangi, betinim izlanishlari va bir qancha yutuqlari bilan, xususan, yoshlar, balki katta avlod vakillarini ham birdek xushnud etayotgan Ilyos Arabov bilan suhbatimiz juda samimiy kechdi. “Nihol” mukofoti sovrindori, Yunus Rajabiy nomidagi VI maqom ijrochilari ko`rik-tanlovi g`olibi bo`lgan qahramonimiz bolalik yillarini shunday xotirlaydi:
— o`rt-besh yoshlarimda to`ylarda qo`shiq aytib yuradigan tog`alarim ortidan ergashib yurganim, men ham kuy chalay, deya o`zimdek keladigan dutorni qo`ltiqlamoqchi bo`lganlarim hamon esimda. Keyinchalik musiqaga qiziqishimni sezgan onam Buxoro shahridagi 5-musiqa maktabiga yetaklab borganlar. U yerda birinchi ustozim Mashrab Qodirovdan ta'lim oldim. Buxoro davlat san'at bilim yurtida ham ko`plab ustozlar orttirdim.
2002-yil O`zbekiston Davlat Konservatoriyasiga qabul qilindim. U yerdagi ustozlarimdan hozirga qadar dutor chalishni va maqom yo`nalishining barcha sir-asrorlarini o`rganib kelmoqdaman.

— Ilyosbek, sizning ijodingizni kuzata turib, repertuaringizdan asosan klassik qo`shiqlarni uchratish mumkin. Aytingchi, tengdoshlaringiz shou-biznes olamida juda tezlik bilan tanilib borayotgan hozirgi vaqtda maqom yo`nalishida ijod qilishingizga sabab nima?

— Rahmatli otamdan menga bir doira qolgan. Otam o`zlari qo`shiq aytmasa ham, klassik qo`shiqlarni miriqib tinglardi. Onam ham Sanobar Rahmonovaning “Ustozlar” qo`shig`ini bizga ko`p bor kuylab berganlar. Demoqchi bo`lganim, qulog`imga bolaligimdan mana shu boqiy qo`shiqlar singib kelgan. Shu sababdan ham mening boshqa yo`nalishda ketishim mumkin emasdi.

— Biz bilamizki, har qanday ijodiy jabhada iste'dodsiz marraga yetishish qiyin. San'atda-chi? Nima deb o`ylaysiz: san'at tinmay mehnat qilayotgan yoshlarni iqtidorsiz ham o`z bag`riga olarmikin?

— Mehnat, izlanish! Nazarimda, san'atda biror yutuqqa erishmoqchi bo`lgan yoshlardan asosan shular talab etiladi va ozgina iste'dod. Agar Xudo ozgina yuqtirmagan bo`lsa ham qiyin. Bu jarayonni foizga soladigan bo`lsak, 99% mehnat va 1%gina iste'dod. Bu — haqiqiy omad kaliti.

— Hozirgi vaqtda xonandalarning jadallik bilan ko`payib borayotgani sababini qanday izohlash mumkin? Bu — qo`shiqchiligimiz rivojimi yoki yoshlarning mashhurlikka va yengil-yelpi hayotga oshkora intilishimi?

— Menimcha, keyingisi. Chunki biz yoshlarda mashhurlikka o`chlik, istaymizmi-yo`qmi, juda ham yuqori. Achinarlisi, iste'molchi-tinglovchilar ham ana shu sayoz qo`shiqlar saviyasiga moslashib bormoqda. Yoshlar esa ma'nosiz matnlarga, shovqin to`la, jazavaga soluvchi musiqalarga, umuman aytganda, yengil-yelpilikka o`rganib bormoqda. Barcha yoshlarni ham bu qatorga qo`shmoqchi emasman. Yurtimizda haqiqiy musiqiy asarni ajrata oladigan, musiqiy bilimi va ma'naviyati yuqori yoshlarimiz ham anchagina.

— Xonandaning, umuman san'at kishilarining yurti, xalqi oldidagi vazifa va burchlari avvalo nimalardan iborat deb o`ylaysiz?

— Mana biz ustozim O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist, dotsent Malikaxon Ziyoyeva bilan Fransiya, Portugaliya, AQSHda bo`lib, u yerda bir necha bor konsert dasturlari namoyish qildik. U yerdagilarning bizning san'atimizga, maqom qo`shiqlariga qiziqishlarini ko`rsangiz edi. Ur-sur musiqadan charchagan Yevropa odamlarining mayin va shirali ohanglarni eshitgandagi xushnudligi, “yana, yana” deya qayta-qayta ijro etishimizni iltimos qilishlari...
Shu paytda o`zbek ekanligimizdan hamda ularda klassik qo`shiqlarimizga nisbatan hurmat va katta qiziqish uyg`ota olganimizdan boshimiz ko`kka yetdi.

— Hozirgi yoshlarning kitobga munosabati haqida aytib o`tsangiz. O`zingiz ham tez-tez mutolaa qilib turasizmi?

— Yoshlarning kitobdan uzoqlashib borayotganini hozir barcha bir holat bilan izohlamoqda. Ya'ni, texnika taraqqiyoti. Bu vaj qaysidir ma'noda to`g`ridir. Lekin bir yangilik boshqa bir, aniqrog`i, asrlar davomida qadrlanib kelinayotgan e'zozli udumni siqib chiqarib yuborishiga rosti... ishonish qiyin.
Bu holatga bir sababni keltirish mumkin. Avvalo, oilalarda kitobxonlik susayib ketyapti. irikchilik g`amida yurgan ota-onalar barcha oila a'zolari yig`iladigan payt — dasturxon boshida (ovqatlanishdan so`ng, albatta) bolalariga qiziq bir kitob o`qib bersa, qanday yaxshi. Uning ustiga kitob va kitob mutolaasi o`zining kelajagiga katta foyda ekanligini ham farzandlarimizga bot-bot uqtirib borsak, nazarimda, maqsadimizga erishamiz. O`zim asosan klassik adabiyot namunalari — Navoiy, Fuzuliy, Bobur, Munis g`azallarini sevib o`qiyman.

— Xush ovoz bilan yuqori pardada kuylay olish katta mashaqqat ekanligi barchamizga ayon. Bu borada Ma'murjon Uzoqov, Komiljon Otaniyozov, Faxriddin Umarov kabi elimiz ardog`idagi hofizlarni hamon ehtirom bilan tilga olamiz. Ular yaratib ketgan o`lmas merosga, bir so`z bilan aytganda, klassik qo`shiqlarga farzandlarimizni qaytara olamizmi?

— Yuqorida aytganimdek, barcha narsa avvalo oiladan boshlanadi. Shunga o`xshash uyda ota-ona maqom qo`shiqlari eshitmasa, farzandlar ham boshqa yo`ldan ketishi, tabiiy. Xalqimizning topib aytgan bir gapi bor: qush uyasida ko`rganini qiladi. Ota-onalarimiz televizor ko`rayotganda yoki radio tinglayotganda, shu jihatlarga ozgina e'tibor bersa, nur ustiga a'lo nur bo`lardi.

— Qaysi milliy cholg`u asboblarini chala olasiz?

— Avvalo, dutorni aytishim mumkin. Keyin doira, g`ijjak, tanbur... Qo`ldan kelgancha, albatta.

— Xayolparastlik ijodkorga yordam beradimi yoki aksincha?

— Juda yaxshi savol. Chunki xayol surmaydigan odamdan kashfiyotchi chiqmaganidek, ijodkor ham chiqmaydi. Har qanday san'at asari bo`ladimi yoki boshqa ijod mahsulimi, avvalo, xayolda tug`iladi, tafakkurda charxlanadi. Menimcha, xayol surish nafaqat ijodkorlarga, balki har qanday odamga foyda beradi. Juda katta foyda.

— Kelajakdagi rejalaringiz...

— 2005-yilda O`zbekiston Davlat Konservatoriyasi «An'anaviy ijrochilik kafedrasi» qoshida ustozim Malika opa boshchiligida 15 dutorchidan iborat “Shukrona” professional dutorchilar ansamblini tashkil etganmiz. Orzuim, shu ansambl yordamida o`zbek maqom yo`nalishini, milliy kuy-qo`shiqlarimizni olamga taratish. Xalqimiz suygan ustoz-hofizlar yo`lini davom ettira olsam, menga shuning o`zi katta baxt.

— Jurnalxonlarga aytar so`zlaringiz.

— Biz o`zbek ekanmiz, avvalo tariximizni bilishimiz kerak. Shu qatorida o`zbek klassik qo`shiqchiligi tarixini ham. Yuragimizni maqom qo`shiqlari bilan oziqlantirishimiz zarur. ilagim, bolalarimiz doimo sog` bo`lishsin. Yurtimiz rivojiga munosib hissa qo`sha oladigan fidoyi insonlar bo`lib yetishishsin.

Dunyoqarashi va maqsadi o`zi kuylayotgan qo`shiqlar avji kabi baland bo`lgan bugungi qahramonimiz o`y-kechinmalari siz kabi bizni ham xursand etdi. O`zbek klassik musiqasi osmonida Ilyosbekdek yosh, iqtidorli yulduzlar bor ekan, san'atimiz dovrug`i hali ne-ne jahon sahnalarini lol qoldirishi ayni haqiqat.

Farhod ESHMO`MINOV
suhbatlashdi

"Gulhan" jurnalidan olindi.


Orqaga qaytish