Hikoyalar

5313 marta o'qildi
Ku-ku-ku... (hikoya) Togay Murod

U juda oriq, o’zi sariq bo’lgani uchun siyraklashib qolgan sochlariyam sarg’ish. Qachonlardir yaxshigina she'rlar yozib, endi rasmiy ishlar girdobiga tushib, nazmiy tuyg’ulari so’nib qolgan.

Ku-ku-ku... (hikoya)
Tog’ay Murod

 

 

I

U juda oriq, o’zi sariq bo’lgani uchun siyraklashib qolgan sochlariyam sarg’ish. Qachonlardir yaxshigina she'rlar yozib, endi rasmiy ishlar girdobiga tushib, nazmiy tuyg’ulari so’nib qolgan. Sal engashib, ohista-ohista, nimalarnidir o’ylab, xafaqon kasali bilan og’rib yuradi. Xafaqon kasaliga yo’liqqandan buyon ichmaydi, chekmaydi. So’zlaganda ovozi og’ir kasallarnikiday nimjon, xasta chiqib, diqqat qilmagan odam yaqinida bo’lsayam eshitmaydi. Kulganda tishlari ko’rinmasligi uchun lablarini lablariga shunday qattiq bosadiki, qo’y ko’zlari yumilay-yumilay deb, yuzlari qizarib ketadi...

U jurnallarga obuna bo’lishni yaxshi ko’radi. Har yili ko’plab xorijiy va o’zimizning jurnallarga obuna bo’ladi. Uyida jurnallardagi rasmlarni, Rembrandt, Rafael, Bottichellining nodir asarlarini tomosha qilib o’tiradi. U yana qushlar, ularning sayrashiniyam yaxshi ko’radi. Ishlab charchaganida o’zi direktor o’rinbosari bo’lib ishlayotgan shahar istirohat bog’ining xilvat joyiga o’tirib, Shishkinning rasmlarini tomosha qiladi, qushlarning sayrashini kutadi. Ayniqsa, Shishkinning «Bug’doyzor»iga uzoq tikilib qoladi. U o’zicha ikki toifadagi odamlarga achinadi. Biri — Shishkinning rasmlari oldidan beparvo o’tgan odamga, ikkinchisi — qushlar sayrayotganda so’zlashgan odamga. Shu odamlarni to’xtatib, degisi keladi:

«Birodar, to’xtang, ko’ryapsizmi Shishkinning qayinlarini: hayot go’zal, shunaqa...»

«Birodar, eshityapsizmi, tog’ chumchug’i sayrayapti. Bu ohangni Betxoven ham bilmasa kerak. Afsus, bu ohanglarning nomi yo’q. Eshiting, qushlarni eshiting...»

Shu payt daraxt shoxlarida qo’nib turgan qushlarning turli nag’madagi sayrashlari eshitiladi. U «Munojot»ni tinglayotganday boshini ma'yus egib, eshitadi. Yuzlariga tabassum yuguradi. O'rnidan turib, qo’llarini ko’ksiga qo’yadi-da, qushlarga ta'zim qiladi:
— Ofarin, birodar, ofarin. Qulluq!..

Xayolan qushlar ovozi qanotida uzoqlarga — oppoq bulutlar olamiga uchib ketadi...

U:

«Ay, birodarlar, sizlar uchun yog’ochdan uya yasadim, shunaqa. Tog’lardagi birodarlarimizgayam ayting, bog’imizga kelsinlar. Men ulargayam uya qurib beraman, shunaqa...»

U xushvaqt jilmayadi...

II

U keksa ota-onasini ko’rish uchun qishloqqa borib, tez qaytdi. Mashina baland dovondan soyga tushib, shovullab oqayotan ko’m-ko’k suvdan o’tdi. Chapga burilib, suv yoqasida to’xtadi. U mashinadan tushib, kostyumining tugmalarini o’tkazdi. Tevarakka qaradi: yo’lni ikki tomonidan haybatli tog’ cho’qqilari o’rab turibdi. Botayotgan quyosh tog’ cho’qqisi uchida osilib qolganday... Tog’dan oqib tushayotgan suvning shovullashi eshitilib, suv oqayotgan soydan salqinlik ufurib turibdi. Tog’ qushlarining nag’malari... Bir gala yovvoyi kaptarlar cho’qqilar uzra uchib yuribdi. Kaptarlar qo’nganda, chap qo’lini peshonasi ustiga soyabon qilib qaradi. Ko’rmadi. Sayr uchun kaptarlar qo’ngan tarafga yurdi. Katta tosh ostida bir narsaning pitirlayotganini ko’rdi. To’xtab, o’sha yoqqa yurdi. Ikki tosh orasidagi qizil tuproq ustida turgan inni ko’rdi. Yaqinroq bordi. Xas-xashakdan ustalik bilan yasalgan inda qush bolasi, yumshoq tuproqda esa yana biri... Yerdagisi tipirchilab inga chiqmoqchi bo’lar, ammo chiqolmas, indagisi esa bo’yinlarini qisib, pusib yotardi. U in yaqinidagi sariq toshga o’tirib, ularni uzoq tomosha qildi. Musicha bolalarining onasi yo’q... Yo ular onasizmikin?

Quyosh botib tog’larga oqshom cho’kdi. Musichalarning onasi hamon yo’q. U ketmoqchi bo’ldi. Shunda, musichalar bo’yinlarini cho’zib, biram g’alati chiyilladiki... Uning yuragi uvushib ketdi. Musichalarni olib ularning ho’l badanini to’liq yopmagan junlarini silay-silay pastga tushdi. «Eng beozor qush. Bular odamlarga faqat yaxshilik tilaydi. Kukulashlari, ta'zimlari... shunaqa», dedi u o’zicha. Ro’molchasini mashina o’tirg’ichiga yoyib, ustiga musicha bolalarini qo’ydi. Idoraga kelganlarida u musicha bolalarini divanga qo’yib, junini siladi. Ularni hovliga — daraxtlar ostiga qo’yib yubormoqchiyam bo’ldi. Tog’dagiday bu yerda ham o’z tirikchiligini o’zi qilar, deb o’yladi. Avaylab, hovliga olib chiqdi. Ko’m-ko’k o’tlar ustiga qo’yib birpas kuzatib turdi. Ular joyidan qimirlayvermagach, mendan hayiqyapti, deb o’ylab, xonasiga qaytib kirdi. Birpas yangi jurnallarni titkilab o’tirib, derazadan qaradi. Musicha bolalari daraxt yonida boshlarini bir-biriga tegizib, mudrab, mung’ayib turardilar!.. U shoshib borib, ularni olib keldi. Hech qayoqqa chiqarmaslikka ahd qildi. Ularga joy qidira boshladi. Qorovulxona qulayday. Ayniqsa burchaqtsa turgan shkaf tepasi. U hovlidan rangi ko’chib ketgan eski mis tovoqcha topib, unda suv olib keldi. Yer, yemasa turar, degan xayolda bozordan yarim kilo tariq olib keldi-da, bir siqimini musichalar oldiga sepib, uyiga ketdi.

Musichalar o’z umri bilan tug’ilgan ekan. Katta bo’lib qolishdi.

III

Sovet — Yapon shartnomasi imzolanib, alohida moddasi bir davlatdan ikkinchi davlatga uchib o’tgan qushlarga ozor bermaslik, ularni avaylash haqida edi. U gazetadagi shu moddaga tikilib to’ymaydi. Quvonchini bog’ qorovuliga izhor etadi:
— Eshitdilarmi, otaxon. Hukumatimiz ko’p tanti hukumat, qushlar to’g’risidayam g’amxo’rlik qilyapti, shunaqa. Rahmat, hukumat, rahmat. Aytganday, qushlarga uya yasang, deb edim, tayyor bo’p qoldimi?
— Endi ikkita bo’ldi.
— E, tezlating-da, otaxon, men qushlarga va'da berganman, birodarlarimizni olib kelinglar deb.

Hali-zamon keladilar, shunaqa...

U qorovulxonaga kirdi. Musichalar endi uchadigan, xonada yo’rg’alab yuradigan, bir-birlarini quvalab stollar ostiga kirib ketadigan bo’lgan edilar. Sarg’ish junlari qorayib, tumshuqlari bigizday... Chiroyli! Uzun qanotlarining usti sal qoraygan, osti esa oppoq. Birining qanotlari xuddi kaptarlarnikiday ola. U poyandoz ustida yo’rg’alab yurgan musichalarga qarab zavqlanib:
— E-e, juda go’zal bo’psizlar-ku, birodarlar. Yaxshi emas, ko’z tegishi mumkin, shunaqa, — dedi.

Tariq olib kelgani bozorga bordi. Sotuvchi cholga:
— Iltimos, yaxshirog’idan bering, yaqinda musichalarim kukulaydi, shunaqa, — dedi.

Chindan ham musichalar oqshomda ilk bor... ilk bor yonma-yon turib, vazmin, samimiy ta'zimlar bilan salom qildilar:
— Ku-ku-ku-ku...

IV

U musichalar ketib qolmasligi uchun derazalarni yopib qo’ydi. Xonada musichalar qo’nib-uchib turadigan joy qilmoqchi bo’ldi. Hovlidagi o’rikning kichkina shoxchasini sindirib oldi-da, devorga suyab qo’ydi. Musichalar qo’nishiga bu noqulayday tuyuldi. Idora supurish uchun ishlatiladigan paqirlarning biriga picha loy olib keldi-da, o’rik shoxchasini loyga suqib qo’ydi. Paqir atrofiga don sochib, kichkina mis idishda suv olib keldi. Musichalar xona ichida aylanib uchib, stol ustiga qo’ndilar-da, baravariga boshlarini egib, ta'-zim qildilar:
— Ku-ku-ku-ku...

U o’zida yo’q quvonib, bosh irg’adi:
—Bali, bali...

V

.. U ertalab o’zini yomon sezib, valeryanka ichdi. Yonboshlab yotganida qorovul telefon qilib, direktor kurortdan qaytib, idoraga kelganini aytdi. U kiyinib, uyidan zo’rg’a chiqdi. Sochsiz boshi yuzlariday qip-qizil, qop-qora ko’zlari chiroyli, lablari go’daklarnikiday juda yupqa, qoshlari siyrak direktor bir soxta tabassum qildi-da, yana asliga qaytdi:
— Ja, yangilik ko’p-u. Bizning aqlimiz yetmabdi-da shularga. Buni qarang-a...

Kutilmaganda direktor ko’zlarining oqi ko’payib, qorachiklari qayoqqadir yo’qolib qolganday bo’ldi.
— Bu madaniyat bog’i! Bu yerda parrandalar emas, xalq hordiq chiqarishi kerak! Tavba, hamma daraxtlarga uya qo’ndirib chiqibdi-ya. Hammayoq musicha tezagi... Nima,bu zooparkmi?..
— O'rtoq direktor, qushlar ham xalq...
— Siz rahbarmi yo kaptarboz oktyabryatmi? Marhamat, yozing ariza. Akli kirib qolar, bolaligini tashlar, deb shuncha sabr qildim, yetar...

U direktor surib qo’ygan qog’ozni oldi-da, o’z xonasiga chiqib, ariza yozdi. Ariza yozganida yuragi yomonlashdi. Shunda zo’r sog’inish bilan musichalarini ko’rgisi, ular bilan muloqotda bo’lgisi keldi. Qorovulxonaga borib alanglab, turib qoldi. Musichalar yo’q. U stol, shqaf taglarini, deraza pardalari orqasini qaradi. Yo’q. Qorovul ham yo’q. Direktorning eshigi oldiga kelib entikib:
— Musichalarimni ko’rmadingizmi? — dedi.
— Ana hovlida. O'zlaridan ko’rsin, haydadim, ket-madi... — dedi direktor boshini ko’tarmay.

U shoshib hovliga chiqdi. Chiqindilar qutisida mu-sichalar boshlari orqasiga qayrilib yotardi... Uning yuzlari oqarib, lablari pirpiradi. Boshi g’uvillab, butun fikru xayollari tumanday xiralashib, ko’zlari hech narsani ko’rmay qoldi. Entikib, chuqur nafas olmoqchi bo’ldi-yu, ammo nafasi yetmadi. Yuragini xuddi bir maxluq panjalari tirnoqlarini botirib changallaganday, keyin esa birdan... g’ijimlaganday bo’ldi. Ko’kragini ushlab ingrab, siniq ovoz bilan: a-a-a-a-a-a... dedi-da, skameykaga o’tirib qoldi.

U o’ziga kelib, boshida unga termulib turgan qoro-vul bilan direktorni ko’rdi. Direktor jilmaydi:
— Ayyorlik qilmang-e, qo’rqitvordingiz. Ariza yoz, deb shunchaki aytdim-da...

U yorug’ olamga qaradi... Xuddi Shishkinning rasmlarini tomosha qilayotganday hayotga suqlanib-suqlanib termildi. Shunda, olcha shoxiga qo’nib turgan musichaga ko’zlari tushdi. Uning musichalariga juda o’xsharkan. Musicha bir nag’mada ku-kuladi:
— Ku-ku-ku...

Tabassum! Uning oppoq yuzlarida ma'yus tabassum...

1971


Orqaga qaytish