O'zbek adabiyoti

5002 marta o'qildi
Imom Muhammad Ismoil Al-Buxoriy

Imom al - Buxoriy nafaqat yirik olim, balki o'zining go'zal xulq-atvori,  muruvvatliligi, himmatliligi va beqiyos saxovatliligi bilan boshqalardan tamomila ajralib turgan

Imom al - Buxoriy nafaqat yirik olim, balki o'zining go'zal xulq-atvori,  muruvvatliligi, himmatliligi va beqiyos saxovatliligi bilan boshqalardan tamomila ajralib turgan. U zehni o'tkirligi va yodlash qobiliyatining kuchliligi bilan ham xalq orasida g'oyat shuhrat qozongan. Manbalarda al - Buxoriyning 600 mingga yaqin hadisni yod bilgani qayd qilingan.

Imom al -Buxoriy xorijdan qaytgach, o'z vatani Buxoroda ko'plab shogirdlar va ulamolarga hadis ilmidan saboq berish bilan mashg'ul bo'ladi. Ko'pchilik uni hurmat qilgan, ammo ba'zi hasadgo'y, qora niyatli kishilar al -Buxoriyni ko'rolmas edilar, natijada hasadgo'ylarning hatti -harakati tufayli Buxoro amiri Xolid ibn Ahmad az -Zuhaliy bilan al - Buxoriyning aloqasi buzilib qoladi. Bunga sabab, amir olimdan huzuriga kelib «Al jome' as -sahih», «At -ta'rix» kitoblarini o'qib berishni talab qiladi. Lekin al -Buxoriy «Men ilmni xor qilib, uni hokimlar eshigi oldiga olib bormayman, kimga ilm kerak bo'lsa, o'zi izlasin. Lekin Alloh oxirat kuni ilmni yashirmay uni toliblarga sarf qilgan uchun meni kechiradi», degan javobni aytadi. Amirga javob yoqmay, fitnachi, bo'htonkor shaxslarning gapiga kirib al -Buxoriyga shaharni tark etishni buyuradi. Shundan keyin al -Buxoriy Samarqandga qarab yo'l oladi va birmuncha Xartang qishlog'ida o'z shogirdlari va qarindosh -urug'larinikiida yashagandan keyin og'ir kasalga chalinib, hijriy 256- yil (melodiy 870- yil 1 sentyabr) 60 yoshida vafot etadi va shu yerda dafn qilinadi.

Imom al -Buxoriy avlodlarga boy va qimmatli ilmiy meros qoldirgan bo'lib, u yozgan asarlarning soni yigirmadan ortiqdir. Ulardan «Al-jome' as -sahih», «Al -adab al -mufrad», «At -ta'rix as -sag'iy», «At - ta'rix al -avsot», «At -ta'rix al -kabir», «Kitob al -kuna» va boshqalarni ko'rsatish mumkin. Buyuk allomaning eng muhim asari, shubhasiz, «Al - jome' as -sahih»dir. Bu asar «Sahiyh al -Buxoriy» nomi bilan ham mashhur.

«Al -adab al -mufrad»da boshqa mualliflarning asarlarida uchramaydigan bir qancha hadis va xabarlar bor. Tanqidchi muhaddislardan ba'zilarining so'ziga qaraganda «Al -adab al - mufrad»dagi hadislarning isnodlari e'timod jihatidan muallifning «Al - jome' as -sahih»laridagi hadislarning isnodiga yaqinroq bo'lib, «Olti kitob»dagi hadislar isnodidan yuqori hisoblanadi.

«Al -adab al -mufrad» kitobi 1889-yili Hindistonning Bixar viloyatidagi «Al -xaliliy» matbaasida, ikki marta Konstantinada va 1930- yili Qohiradagi «Al -g'oziya» matbaasida chop etilgan. Bundan tashqari ko'p mamlakatlarda uning qo'lyozma nusxalari ham saqlangan, lekin, afsuski, bu qimmatli asarga sharh, hoshiya yoki taliqalar yozishga deyarli e'tibor berilmagan.

Hadislarning mavzu qamrovi nihoyatda keng. Ular Muhammad payg'ambarning hayoti va faoliyati bilan bog'liq hadislar talqini, o'zaro insoniy munosabatlar, do'stlik, ahillik, saxovat, ota -onalarga va qarindosh -urug'larga munosabat, halollik, poklik, adolat, insof, diyonat, hasad, xiyonat, rostgo'ylik, yolg'onchilik, fitna -fasod va boshqa insoniy fazilatlar va nuqsonlar ustida bahs yuritadi. Muhimi, ularda yuksak insoniy fazilatlar ulug'lanadi, kishilarda shunday xislatlarnng bo'lishi ma'qullanadi va targ'ib qilinadi, aksincha, yomon fel -atvor va xususiyatlarning kishilik jamiyati uchun kulfat va azoblar keltirishi qayta -qayta ta'kidlanadi. Ilm - ma'rifat borasida ham ko'plab hadislar mavjud. Masalan, ularning birida «Garchi Xitoyda bo'lsa ham, ilmga intilinglar, chunki ilm olishga harakat qilish har bir mo'minga farzdir», deyiladi. Bunda kishilarni ilm olishga undash, o'z bilimini chuqurlashtiishga da’vat ochiq ko'rinib turibdi.

Vatan va vatanparvarlik bilan bog'liq hadislar ham anchagina. Tabiiyki, ular orasida «Vatanni sevmoq iymondandir» hadisi mashhurdir.

Hadislar hayot hodisalari haqidagi o'gitnomalardir. Aslida dinning o'zida ham bu xislat mavjud. «Din — nasihatdan iborat» degan hadis bejiz emas. Umuman, kishilarni ahillik, hamjihatlik, ittifoq bilan yashashga undash, buning oqibati xayrli va barakali natijalar bilan yakunlanishini ko'rsatish, aks holda esa parokandalik, fayzsizlik sodir bo'lishi bu  o'gitnomalarda ko'rinib turadi.

   Hadislar insonni samimiyatga, pokdomonlikka, mustahkam iymon va sobit e'tiqod egasi bo'lishga undaydi:

«Savobli ish qilganingizda xursand bo'lsangiz, gunoh ish qilganingizda esa xafa bo'lsangiz, demak, siz haqiqiy mo'mindirsiz».

Hadislarda ijtimoiy jihatdan himoyaga muhtoj bo'lgan kishilarga alohida e'tibor berilgan: «Qalbing muloyim, hojating ravo bo'lishini xohlaysanmi? Xohlasang, yetimlarga mehribon bo'l, ularning boshini sila, o'z taomingni ularga yedir. Shunda diling yumshab, hojating ravo bo'lur».

Ammo yetimlar haqqini yeyishdan tiyilmoq shart, hatto u harom qilinadi: «Ikki zaif toifa, ya'ni yetim va ayol haqqini yemoqlikni sizlarga harom qilaman».

Odamiylik ham hadislarda tez - tez tilga olingan mavzulardan. Bundagi asosiy e'tibor barcha insonlarni teng tutib, hurmat qilishga, barchaga mehr - muhabbat bilan qarashga tortiladi. Jumladan, «O'zingga yoqqan narsani boshqalarga ham ravo ko`r!» deyilgan.

Shuningdek, hadislarda qo'li ochiqlik, saxovat, xayr - ehson, boshqalar dardiga sherik bo'lishning ulug'langan.


Orqaga qaytish