Ertaklar

5654 marta o'qildi
QANDOLATCHI VA TUZCHI

Hali tuz juda ham tanqis bo`lgan zamonda bir boy tuzchi bo`lgan ekan, uning tuzi hech ham tugamas ekan. Nega desangiz, uning g`aroyib qaynar xumchasi bor ekan. Tuzchi xumning yoniga borib asta:

QANDOLATCHI VA TUZCHI
Hali tuz juda ham tanqis bo`lgan zamonda bir boy tuzchi bo`lgan ekan, uning tuzi hech ham tugamas ekan. Nega desangiz, uning g`aroyib qaynar xumchasi bor ekan. Tuzchi xumning yoniga borib asta:
— Xumcha, xumcha, tuz ber! — desa o`sha zahotiyoq xumchadan oppoq, shifobaxsh tuz qaynab chiqar, to egasi, bas qil xumcha, demaguncha xumcha ishdan to`xtamas ekan. Tuzchining bir qandolatchi o`rtog`i bo`lib, uning ham sehrli xumchasi bor ekan. Qandolatchining xumchasidan esa shakar qaynab chiqar ekan. Tuzchi ham, qandolatchi ham juda saxiy ekan. Qo`ni-qo`shni, qarindosh-urug`dan yordamini ayamas ekan. Ushbu ajoyib xumchalar to`g`risidagi ovoza butun mamlakatga tarqalibdi. Hammaning og`zida xumlarning karomati, xum egalarning saxovati emish. Oxir-oqibat sehrli xumchalarning daragi mamlakat podshohiga ham borib yetibdi. Podshoh uzoq o`ylab: “Bunday sehrli xumchalar faqat mening saroyimga yarashadi”, — degan xulosaga kelibdi. U darhol vazirini chaqirtirib, sehrli xumchalarni topib keltirishni buyuribdi. Vazir saroydan chiqib, tuzchining yoniga borib xumchasini sotishini so`rabdi.
Tuzchi:
— Afsus, xumchani sotolmayman. Men rosa qirq yil dashtu biyobonda ter to`kib, suv chiqarib, zarang yerni hosildor dalaga aylantirdim. Mehnatdan qochmadim. O`zimni emas, elimni o`yladim. Bu mehnatim evaziga Xizr buva shu xumchani menga in`om etdi. Siz ham shunaqa xumchaga ega bo`lishni istasangiz, huv anavi ikki tog` orasidagi dalaga boring, — debdi.
Noiloj ahvolda qolgan vazir qandolatpazning yoniga boribdi. Undan ham sehrli xumchasini sotishini so`rabdi. Qandolatchi:
— Bu xumcha sotilmaydi. Men ko`p yillar davomida qand lavlagi ekib, undan shakar olardim. So`ng xalqqa ancha arzon narxda sotardim. Bir kuni tush paytida dalaga ishlov berayotib, shu xumchani topib olganman. Demak, Alloh buni menga halol mehnatim evaziga bergan, — debdi.
Shunday qilib, chorasiz qolgan vazir saroyga qaytibdi. U podshohga bor gapni so`zlab beribdi. Vazir xumchalarga erishish uchun faqatgina peshona ter to`kib mehnat qilish lozimligini pisanda qilibdi. Ertasi kuni podshoh o`sha ikki tog` orasidagi qishloq dalasiga yetib boribdi. U yer egasi bilan kelishib, bir yil tinmay ishlabdi. Ammo hosili ko`ngildagidek bo`lmabdi. Ikkinchi yili ham podshoh astoydil yeng shimarib mehnat qilibdi. Lekin hosilni sel olib ketibdi. Holdan toygan podshoh dalada yil bo`yi ishlash oson emasligini tushunib yetibdi. Dehqonlarning sabr-qanoatiga qoyil qolibdi. O`ziga-o`zi dehqonlarni ortiqcha qiynamaslikka so`z beribdi. Saroyiga qaytgach, ularni barcha soliqlardan ozod qilibdi. Shu kundan boshlab uning yurtida mo`l-ko`lchilik, farovonlik hukm suribdi. Tuzchi bilan qandolatchi ham yurt obod, dasturxon to`kin bo`lishi yo`lida o`z mehnat va muruvvatlarini ayamabdilar.


Orqaga qaytish