Hikoyalar

4933 marta o'qildi
SO`NGGI YAPROQ

Ikki dugona — Syu bilan Jonsi Nyu Yorkning g‘arb tomonidagi Vashington maydonida qad ko‘targan ko‘hna g‘ishtin binoning uchinchi qavatida yashashardi.
Qizlar rasm chizar, ularni sotib, arang kun kechirardilar. Bir so‘z bilan aytganda, ular faqir rassomlar edi.
Nima bo‘ldi-yu, noyabr oyida Jonsi og‘ir kasalga chalinib, to‘shakka mixlanib qoldi. U uzzukun karavotida derazadan ro‘paradagi g‘ishtin binoga termulib yotardi.

SO`NGGI YAPROQ
(HIKOYA)
Ikki dugona — Syu bilan Jonsi Nyu Yorkning g‘arb tomonidagi Vashington maydonida qad ko‘targan ko‘hna g‘ishtin binoning uchinchi qavatida yashashardi.
Qizlar rasm chizar, ularni sotib, arang kun kechirardilar. Bir so‘z bilan aytganda, ular faqir rassomlar edi.
Nima bo‘ldi-yu, noyabr oyida Jonsi og‘ir kasalga chalinib, to‘shakka mixlanib qoldi. U uzzukun karavotida derazadan ro‘paradagi g‘ishtin binoga termulib yotardi.
Bir kuni Jonsini ko‘rgani kelgan doktor Syuga shunday maslahat berdi:
— Dugonangizning dardi og‘ir. Bemor tuzalishi uchun bir yo‘l bor, xolos. Uni hayotga qaytarish, yashashga undash kerak. Dugonangiz ertangi kundan umidini uzibdi. Men qo‘limdan kelganini qilaman. Siz ham menga yordam berishingiz kerak. Bemor ko‘proq o‘z dardi haqida emas, boshqa yaxshi narsalar haqida o‘ylasin.
Syu doktorni kuzatib, xonaga kirganida Jonsi hamon derazaga tikilgancha yotardi. Syu dugonasini uxlayapti, deb o‘ylab, jurnal uchun boshlab qo‘ygan rasmini yana davom ettirdi.
Oradan picha vaqt o‘tdi. Bir mahal Jonsining hazin ovozi eshitildi: u tashqariga termulgancha nimanidir sanardi: «12», — dedi u. Keyin yana sanay ketdi: «11, 10, 9, 8, 7»
Syu taajjublanib derazadan tashqariga qaradi:
Jonsi nimani sanayapti? Derazadan faqat hovli hamda ro‘paradagi binoning g‘ishtin devorigina ko‘rinib turardi. Devor bo‘ylab tarvaqaylab o‘sgan pechakgulning sanoqli barglari qolgandi.
— Nimani sanayapsan, Jonsi? — so‘radi qiziqqandan-qiziqib Syu.
— Olti, — dedi u dugonasining savoliga ahamiyat bermay.
— Endi avvalgidan tezroq to‘kilyapti. Uch kun burun yuztacha kelardi. Ana, yana bittasi to‘kildi. Endi atigi beshtagina qoldi.
— Nima beshta qoladi? Nima? Menga ham aytgin!
— Barglarni aytyapman! Pechakgul barglarini. So‘nggi yaproq tushsa, men ham ketaman. Uch kundan buyon shu yaproqlarni kuzatyapman.
— Bunaqa be'mani safsatani endi eshitishim, — dedi qizishib Syu. — Ertalab doktor tez orada tuzalib ketasan, dedi-ku axir. Kel, manavi sho‘rvadan ozgina xo‘pla. Men ham ishimni qilay.
— Ichgim kelmayapti. Qara-qara, yaproqlar atigi to‘rtta qoldi! Men kech kirmasdan avval so‘nggi bargning qanday yerga tushishini ko‘rgim kelyapti. Keyin... men ham ketaman...
— Jonsi, azizam, qo‘y, hadeb derazaga qarayvermasdan picha mizg‘ib olgin. Men rasmimni chizib tugatish uchun Berman amakini chaqirib chiqaman, — dedi Syu dugonasining sochlarini silab.
— Yaxshi, faqat kelishing bilanoq meni uyg‘otgin-a, xo‘pmi? So‘nggi yaproqning to‘kilishini ko‘ray, — dedi Jonsi ko‘zlarini behol yumarkan.
Qariya Berman qizlar yashaydigan uyning birinchi qavatida istiqomat qilar, u ham rassom bo‘lib, yoshi oltmishlardan oshgan edi. Bermanning san'atda omadi chopmagan bo‘lsa-da, hamon shoh asar yaratishni orzu qilardi.
Syu Bermanning chog‘roqqina hujrasiga kirganda chol allaqanday rasm ustida ishlab o‘tirgan ekan. Syu salomlashgach, dugonasining dardi og‘irligi haqida kuya-pisha gapira ketdi. «Jonsi devordagi pechakgulning so‘nggi bargi tushganda men ham o‘laman, deyapti», — dedi u xo‘rsinib.
Keksa rassom Syu bilan yo‘lga tushdi. Ular kelganlarida Jonsi uxlab yotardi. Berman derazadan tashqariga qarab qoldi.
Jonsi erta tongda uyg‘ondi-yu, darhol devordagi pechakgulga qaradi. Pechakgul poyasida bittagina qizg‘ish barg osilib turardi.
— So‘nggi yaproq, — dedi u ma'yus. — Men barglar tun bo‘yi yog‘ib chiqqan yomg‘irda butunlay to‘kilib tushdi, deb o‘ylovdim.
Kun imillab o‘tdi. Pechakgul poyasida hanuz birgina yaproq osilib turardi. Kech kirdi, atrofni qorong‘ulik qopladi. Qattiq shamol turdi, yomg‘ir derazani chars-churs chertib sharros quydi. ong otdi-yu, ikkala dugona ham beixtiyor shoshilib pechakgulga qaradilar: kechagi yaproq hamon poyada osilib turardi.
Jonsi uzoq vaqt yaproqqa termulib yotdi. Oradan bir oz vaqt o‘tdi. U Syuni chaqirdi:
— Men juda yomon qizman. Anavi so‘nggi yaproqni qara, u menga doimo yaxshilikka umid bilan yashash kerak, deb uqtirdi. Ozgina sho‘rva olib kel, — dedi Jonsi bir ozdan so‘ng, — mana ko‘rasan, bir kun kelib men ajoyib asarlar yarataman.
ushga yaqin doktor keldi.
— Dugonangizning ahvoli ancha yaxshi, tez orada hech nima ko‘rmagandek bo‘lib ketadi. Berman ham zotiljam bo‘lib qolibdi. U ancha keksayib qolgan, tuzalib ketishiga umid yo‘q, kasalxonaga yotqizish kerak, — dedi doktor Jonsini ko‘rib bo‘lgach.
Ertasi kuni doktor Syuga shunday dedi:
— Jonsi endi xatardan holi. Balli, siz kasallikni yengdingiz!
O‘sha kuni tushda Syu Jonsining yoniga keldi, karavoti chetiga o‘tirarkan, shunday dedi:
— Jonsi, senga bir gapni aytishim kerak. Janob Berman bugun kasalxonada vafot etibdi. Ertalab xonasiga kirishganda u behush, kiyimlari jiqqa ho‘l, o‘zi esa sovuqdan qotib qolgan ekan. Uning xonasida moychiroq bilan narvon, yana bir qancha shox-shabba, sariq, yashil bo‘yoqlar bor ekan. ashqariga bir qara, pechakgulning so‘nggi yaprog‘iga qaragin! Yaproq nima uchun kuchli shamolda ham joyidan siljimaganligini bilasanmi? Nima uchun, bilasanmi? Ana shu yaproq — Bermanning shoh asari. Berman o‘zining ana shu shoh asarini so‘nggi yaproq to‘kilgan o‘sha yomg‘irli tunda yaratgan.


Ingliz tilidan
Maftuna AHMEDOVA
tarjimasi


Orqaga qaytish