Hikoyalar

5670 marta o'qildi
RASMLI KITOB

Nargiza 3 “A” sinfda o‘qiydi. Muallima Muhabbat opa darslarning birida:
– Bolalar! Maktabimizda keraksiz qog‘ozlar yig‘ish bo‘yicha musobaqa ketyapti. Sinfimizning barcha o‘quvchilari bunga o‘z hissasini qo‘shadi deb o‘ylayman. Uyingizda ortiqcha qog‘ozlar bo‘lsa, maktabga topshiringlar, – dedi.

RASMLI KITOB

(Hikoya)

Nargiza 3 “A” sinfda o‘qiydi. Muallima Muhabbat opa darslarning birida:
– Bolalar! Maktabimizda keraksiz qog‘ozlar yig‘ish bo‘yicha musobaqa ketyapti. Sinfimizning barcha o‘quvchilari bunga o‘z hissasini qo‘shadi deb o‘ylayman. Uyingizda ortiqcha qog‘ozlar bo‘lsa, maktabga topshiringlar, – dedi.
Shu kundan boshlab Nargiza ham hovli-yu, uy xonalarini titkilab bir talay qog‘oz parchalari, eski daftarlarni yig‘di. Hatto to‘rt yoshga kirayotgan ukasi Botir sevib tomosha qiladigan rasm kitobni hech kimga sezdirmay qo‘shib, topshirib yubordi.
Muhabbat opa xursand bo‘lib bolalarga:
– Yig‘sa bo‘larkan-ku. Mana, Nargiza birinchi bo‘lib topshirdi. Unga nima deymiz, – dedi jarangdor ovozda.
Hamma sinfdoshlari birvarakayiga:
– Rahma-at... rahma-at! – deya qarsak chalishdi.
Quvonchga to‘lib-toshgan Nargizaga bahor havosi biram muattar, biram xushbo‘y tuyulardi. Chor atrofda guldan-gulga qo‘nib yurgan kapalaklar misol tabiat qo‘ynida sakrab-sakrab o‘ynagisi kelardi.
Ammo bu kayfiyat uzoqqa cho‘zilmadi.
Kechga tomon ukasi Botir birdan isitmalab, kasal bo‘lib qoldi. Isitma zo‘ridan tomog‘idan ovqat ham o‘tmay injiqlik qilar, ko‘zlari tobora uyqusi kelganday yumilib ketardi.
Onasi Marhamat opa: – Voy o‘g‘lim!.. Nega birdan bunday bo‘lib qolding-a? – deb Botirning atrofida girgitton edi.
Botir yig‘lamsirab: – Rasm kitob... rasm kitobim qani? – deb qoldi.
– Rasm kitobini sen ko‘rmadingmi? – deb so‘radi onasi.
Nargiza ichki sarosimada bir seskandi-yu, lekin bildirmaslikka urindi.
– Yo‘-o‘q... – dedi yelka qisib.
– Topilsa, shu bilan ovunib kasalini sal unutarmidi. U yoq-bu yoqni qarab ko‘r-chi, qizim, – dedi opasi.
Kechasi Nargizaning uyqusi qochdi... “O‘sha rasm kitobni maktabga topshirmaganimda ukam kasal bo‘lmasmidi?” degan xayol uni behalovat qilib qo‘ydi. Endi, bir chorasini topmasa bo‘lmaydi!
– Dada, – dedi Nargiza nonushta payti.
– Nima deysan, ona qizim?
– Kitob do‘koniga yangi qiziqarli kitob kelibdi, pul bering, – dedi Nargiza. Dadasi “yo‘q” demadi.
Maktabdan qaytgan Nargiza uyga kirishi bilan ukasining yoniga kirdi. Oyisi o‘g‘lining boshini silab o‘tirardi.
– Ukam yaxshi bo‘lib qoldimi? – so‘radi Nargiza.
– Isitmasi pasaydi, – dedi Marhamat opa. Botir uyqusirab yotgan ekan, Nargizani ko‘rdi-yu:
– Opajon, opacha... – deb kasalini unutganday uning bo‘ynidan quchmoqchi bo‘ldi.
– Ko‘p urinma, o‘g‘lim, – xavotir aralash qaradi Marhamat opa.
– Oyi, qarang, ukamga yangi rasm kitob olib keldim, – dedi Nargiza va kitobni ukasiga tutqazdi.
Botirning yuziga kulgi yugurdi, qiziqish bilan kitobdagi rasmlarni tomosha qila boshladi.


Ulug‘bek MUSTAFO


Orqaga qaytish