Ertaklar

4709 marta o'qildi
QIZCHA VA UYQU

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, uzoq o‘tmishdamas, yaqin zamonda bir qizcha bo‘lgan ekan. Uning xayollari ham o‘ziga o‘xshamagan g‘aroyib ekan. Qizchaning bu dunyoda yakkayu yagona yaqini – uning dadasi ekan.

QIZCHA VA UYQU

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, uzoq o‘tmishdamas, yaqin zamonda bir qizcha bo‘lgan ekan. Uning xayollari ham o‘ziga o‘xshamagan g‘aroyib ekan. Qizchaning bu dunyoda yakkayu yagona yaqini – uning dadasi ekan.
Dadasi uzun oqshomlar unga har kuni ertak va rivoyatlar aytib berar, qizcha esa: “Tag‘in aytib bering”, – deb tinglayverishni xush ko‘rarkan. Dadasining ertaklari hech tugamagani kabi qizchaning yuragi ham ertakka to‘ymaskan. Ertaklari cho‘zilgandan-cho‘zilar, qizcha esa hech uxlay demaskan. “Uxla!”, – deyilgan xitobga “Uyqum kelmayapti”, – deb xarxasha qilishdan charchamas ekan. Ana shunday sirli oqshomlarning birida tuyqus uyquning qanday bo‘lishi haqida o‘ylay boshlabdi.
– Dada, dadajon, uyqu qanday odam? U yosh shahzodami, yo oppoq soqollari uzun, oq yaktak kiyib olib, salla o‘ragan chol-bobomi? – deb so‘rabdi qizcha.
– Mana shu chiroyli ko‘zchalaringni yumsang, uning qanday ekanligini ko‘rib-bilib olasan, – debdi otasi.
Qizcha otasining javobidan qanoatlanmabdi, uni yana savolga tutibdi:
– Dada, dadajon, ayta qoling, uyqu yaxshi odammi, yo yomon odam?
– Albatta, yaxshi odam-da, qizim. U kelsagina odam miriqib uxlaydi, dam oladi, yaxshi orom olgach, ertasi kuni sog‘lom aql bilan tetiklanib, katta-katta ishlar qilishga bel bog‘laydi.
– Uyqu bobo qayerdan keladi: mashinadanmi, uchar otdanmi yoki piyoda?
Qizcha hali savollariga javob olib ulgurmasdan, yana bir necha savolni qalashtirib tashlabdi:
– Agar u piyoda keladigan bo‘lsa, yer yuzida qancha bolalar bor, hammasining yotog‘iga bir kechada kirishga ulgurmaydi-ku?! Uning chiroyli etikchasi bo‘lsa kerak-a, agar kelsa, albatta so‘rab olardim, – deya qizcha shirin xayollarga berilibdi.
Qizcha har kecha shunday, uyqu boboni kutarkan, ertalab uyg‘ongach, uni ko‘rolmay uxlab qolganiga qattiq o‘kinarkan. Yarim kecha bo‘lib qolsa-da, ko‘zlarini katta-katta ochib, uning qadam tovushlarini poylab yotaverarkan. Dadasining esa ertaklari ko‘payaveribdi. Qizining tobora kam uyqu bo‘lib borayotganini ko‘rgan dadasi bir kuni shunday debdi:
– Qizim, agar shunday – quloqsizlarcha Uyqu boboni kutib, uxlamay yotaversang, u sendan qattiq xafa bo‘ladi. Chunki u o‘zini poylayotgan bolalarni xush ko‘rmaydi. Xafa bo‘lgach bizning uyga umuman kelmay qo‘yadi.
– Kelmay qo‘ysa, nima bo‘ladi? – xavotirlanib so‘rabdi qizcha.
– Kelmasa, sochlaring, bo‘ying ham o‘smaydi. A’lo baholar ololmaysan. Hatto quyosh, Oy, Yulduzlar ham sendan arazlab qoladi. Chunki ular Uyqu bobo bilan juda qadrdon-da.
Oradan kunlar, oylar va hatto yillar o‘tibdi. Qizcha biron marta ham Uyqu boboni uchratmabdi. Uning sehrli etikchasini olish haqidagi shirin xayollari esa aslo tark etmaydi. Qizcha haliyam Uyqu boboni ko‘rish orzularidan voz kechmay yashayotgan ekan.


Muxayyo PIRNAZAROVA


Orqaga qaytish