Hikoyalar

5350 marta o'qildi
SABOQ

Yulduz maktabdan chiqib, ukasini bog`chadan uyga olib keldi. Qarasa, oyisi hali ishdan qaytmagan ekan.
– Nodir, kel, – dedi Yulduz, – oyim kelishini kutmay, ikkalamiz ovqat qilib turamiz.
– Ovqat qilishni bilmayman-ku, – hayron bo`ldi ukasi.
– Men bilaman, – dedi opasi. – Oyimdan o`rganib olganman. Sen menga yordamlashasan.

SABOQ
 
Yulduz maktabdan chiqib, ukasini bog`chadan uyga olib keldi. Qarasa, oyisi hali ishdan qaytmagan ekan.
– Nodir, kel, – dedi Yulduz, – oyim kelishini kutmay, ikkalamiz ovqat qilib turamiz.
– Ovqat qilishni bilmayman-ku, – hayron bo`ldi ukasi.
– Men bilaman, – dedi opasi. – Oyimdan o`rganib olganman. Sen menga yordamlashasan.

– Xo`p bo`ladi, – dedi Nodir qo`llarini ishqab.
Yulduz oshxonadan kartoshka olib chiqib, arta boshladi.
– Men-chi, Yulduz opa, sizga paqirchamda suv olib kelaqolaymi? – so`radi Nodir.
– Sen o`zing aqlli bolasan-da, mayli, olib kelaqol.
Nodir sevinib, bir necha marta suv olib keldi. Yulduz oyisi ko`rsatganidek, sekin gazni yoqdi. Qozonni uning ustiga qo`yib, ozgina yog` soldi. Yog` qizishi bilan to`g`ralgan go`shtni qozonga tashladi: «jiz» etdi-yu, qo`lchalariga yo`g` sachradi. Yulduz og`riqdan qo`lini «puf-puf»lab, qozonni kavladi. Qozondan ko`tarilayotgan bug` bilagining yog` sachragan joylarini battarroq achishtirardi. Yulduz qiynalib-qiynalib go`shtni qovurdi, so`ng ustiga piyoz va kartoshkani soldi.
Bir payt Yulduzning ko`zlari yoshlanib, achisha boshladi. U hayron bo`lib, atrofga razm soldi. Deraza darchalarini ochmagani uchun oshxonaga tutun qamalib qolgan edi.
Yulduz darrov kursiga chiqib, derazani ochdi. Oshxonaga toza havo kirdi. Qarasa, stol ustida kartoshka, piyoz po`choqlari qalashib yotibdi. U darrov po`choqlarni yig`ishtirib, tashlab kelish uchun ukasiga berdi. O`zi sochiqni ho`llab, stolni yaxshilab artdi. Keyin tog`oracha, idish-tovoqlarning hammasini yuvib, joy-joyiga qo`ydi.
«Ovqat qilish judayam qiyin ekan. Oyim har kuni rosa qiynalarkan, – deb o`yladi o`zicha Yulduz, – Men buni bilmas ekanman. Ukam bo`lsa gohida tayyor ovqatni ham yemayman, deb xarxasha qiladi».
– Nodir, qanisan? – chaqirdi opasi.
– Bu yerdaman, – stol tagidan chiqib keldi. U o`yinchoqlari bilan ovora edi.
– Nodir, men-chi, nonni kesib turaman, sen likopchaga taxlagin, xo`p-mi?
– Bo`p-ti! – xursand bo`ldi Nodir. Ular ishga berilib ketib, uyga oyisi kirib kelganini ham sezmay qolishdi.
– Hormanglar, bolajonlarim, – dedi oyisi, ularni ko`rib. – Men ishda bir oz ushlanib qoldim. Xavotir olmadinglarmi?
– Oyijon! – Nodir yugurib borib, oyisining quchog`iga otildi. Oyisi uni bag`riga bosib, yuzlaridan o`pdi.
– Men kiyimlarimni almashtirib chiqay, ovqat ham kech pishadigan bo`ldi, – dedi oyisi shoshilib.
Opa-uka bir-birlari bilan ko`z urishtirib olishdi. Oyisi oshhxonaga kirib, qozon qopqog`ini ochdi-yu, hayron bo`lib qoldi.
– Voy, o`zim o`rgilay sizlardan, ovqatni ham pishirib qo`ydinglarmi? – xursand bo`ldi oyisi.
– Oyijon, siz o`tiring, biz ovqatni suzamiz, – dedi Nodir.
– Hozir, men hozir chiqaman, – oyisi shunday deb kuldi-da, yotoqxonaga kirib ketdi.
Opa-uka dasturxonga nonlarni qo`yib, qoshiq piyolalarni tayyorlab, oyisining kelib o`tirishini kuta boshlashdi. Oyisi yotoqxonada nimalar bilandir ovora edi.
– Oyijon, qanisiz? Kelaqoling! – chaqira boshladi Nodir.
– Hozir, hozir, – ovozi eshtildi ichkaridan oyisining.
– Mening qornim judayam ochib ketdi. Kelaqoling... – yana yalindi Nodir. Ammo oyisi hadeganda chiqaqolmadi.
Kuta-kuta toqati toq bo`lgan Nodir, bezovtalanib, nima qilishini bilmasdi. Shunda birdan... Yulduz kulib yubordi.
– Qalay? Kutish yaxshi ekanmi? – dedi u ukasiga jilmayib. – Sen har kuni ovqat mahali shuncha kuttirasan-a...
Nodir aybdordek ko`zlarini pirpiratdi. U shundagina har kuni oyisi ovqatga chaqirganda darrov kelib o`tirmay, «yana bir qoshiq yeyaqol» desa, yemay, oyisini qanchalar qiynaganini o`yladi.
– Oyijon, nimalar qilyapsiz o`zi? Yuraqoling, – Nodir oxiri chidolmay, oyisining xonasiga kirdi. – Yuring, ovqatlanaylik...
Oyisi esa o`g`lining kelganini sezmagandek, kiyim iladigan jovonning oldida turib, ko`ylaklarini tartibga solar edi.
– Oyijon, – dedi Nodir. – Meni kechiring. Endi sirayam sizni kuttirmayman. Chaqirganingizda, darrov yetib kelaman. Mana ko`rasiz. Hozir yuring, ovqatlanaylik!
Oyisi Nodirning gapidan kulib yubordi va u bilan birga dasturxon atrofiga kelib o`tirdi. Yulduz ovqatni suzdi.
Oyisi bolalariga qarab: «Yegim kelmayapti», – deb «qaysarlik» qildi. Uchovlari ham baravariga kulib yuborishdi. Chunki oyisining nega bunday deyayotganini bolalar tushunishgan edi-da.


Orqaga qaytish