Yangi o`zbek adabiyoti

4737 marta o'qildi
Pirimqul Qodirov

1928-yilning 25-oktabrida Turkiston tizma tog'lari etagida joylashgan bahavo va xushmanzara Kengkol qishlog'idagi o'ziga to'q cho'ponlardan birinikida o'g'il tug'ildi.

1928-yilning 25-oktabrida Turkiston tizma tog'lari etagida joylashgan bahavo va xushmanzara Kengkol qishlog'idagi o'ziga to'q cho'ponlardan birinikida o'g'il tug'ildi. Qishloq atrofidagi tog'-u tosh, daraxt-u jondorlar Turkiston tog'lari singari qadimiy, mangulikka daxldorday edi. Soy ming yillardan beri oqar, buloq sanoqsiz davrdan buyon qaynab yotar, shoxlari tarvaqaylagan archalarning yoshlari ham asrlar bilan o'lchanardi. Qodir cho'pon oilasida uchinchi o'g'il bo'lib dunyoga kelgan Pirimqul juda serzavq, tiyrak va qiziquvchan bo'lib o'sdi. Tabiatning beqiyos ulug'vorligi xayolchan bolaning o'ylarini bezovta qilar, uni atrofiga hayrat bilan qarashga undardi.

1930- yilda uning otasi quloq sifatida besh yilga surgun qilindi va oilasidagilarning bor mulki: ustlaridagi kiyim-u ko'rp'a-to'shagigacha tortib olindi. Bo'lajak yozuvchi zo'ravonlikning «ta'mi»ni juda erta totib ko'rdi. Maktabda yaxshi o'qidi, ammo quloqning bolasi bo'lgani uchun mukofotlardan mahrum edi. Bu hol uni tezroq ulg'aytirdi. Tirikchilikning tuganmas va yoqimsiz tashvishlari Pirimqul zimmasiga juda erta tushdi. Urush yillarida kolxozda ishladi. Yosh bo'lsa ham Pirimqul savodli, boshqalarga nisbatan hisobdonroq edi. Keyinroq yo'l qurilishida mehnat qildi. Bir muddat Bekoboddagi metallurgiya zavodida ham ishlab ko'rdi. 1951- yilda Toshkent dorilfununining sharqshunoslik fakultetini bitirdi. Moskvada aspiranturani o'tadi.

Bilimga tashna P. Qodirov 1954-yilda Abdulla Qahhor ijodi yuzasidan dissertatsiya yoqlab, filologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasini oldi.

Pirimqul Qodirovning dastlabki kitobi — «Studentlar» chop etilganida muallifning o'zi hali talaba edi. Keyin u «Uch ildiz», «Qora ko'zlar», «0lmos kamar», «Yulduzli tunlar", «Avlodlar dovoni"  singari romanlar, «Qadrim», «Meros», «Erk», «Akramning sarguzashtlari», «Yayra institutga kirmoqchi», «Najot» singari qissalar va ko'plab dolzarb mavzularda pishiq hikoyalar yozib, elning taniqli yozuvchisiga aylandi.

P. Qodirovning ilmiy asarlari ham o'zbek adabiyotshunosligi taraqqiyotida o'ziga xos o'rin tutadi.

Abadiy tog'lar bag'ridan maskan topgan qishloq bag'rida tug'ilib o'sgan adib millatning abadiyligini aks ettiruvchi mavzularga' ko'p murojaat qiladi.

Turkiston Rossiya tomonidan bosib olinganidan to O'zbekiston o'z mustaqilligiga erishguniga qadar o'tgan davr mobaynida xalqimiz o'z tarixidan ataylab ajratib kelindi. Milliy tariximizning yorqin sahifalarini bezagan shaxslar qonxo'r, bosqinchi, ybvuz deb aytildi. Shu tariqa xalqqa sening o'tmishing yo'q edi, kelajakdagi ozod va mustaqil hayoting ham amalga oshmaydigan orzu degan xulosa singdirilishi kerak edi.

P. Qodirov buni tushunib yetgan va o'z xalqining shonli farzandlari haqida badiiy asarlar yaratishga o'zida kuch topa olgan dastlabki o'zbek adiblaridan biridir. U qariyb yigirma yil mobaynida boburiylar saltanati tarixini badiiy aks ettirishga harakat qildi. Shu niyatning mahsuli sifatida uning mashhur romanlari: «Yulduzli tunla" va «Avlodlar dovoni» paydo bo'ldi.

«Yulduzli tunlar romani o'z yurtidan, o'z taxtidan ayrilgan shaxs — shoir va shoh Bobur Mirzoning murakkab taqdirini aks ettirishga bag'ishlangan bo'lsa, «Avlodlar dovoni»da Hindistonda buyuk Bobur tomonidan asos solingan boburiylar saltanatining Humoyun, Akbarshoh va boshqa namoyandalari qismati tasvir etiladi.

Pirimqul Qodirovning tarixiy asarlari o'quvchilarni ajdodlarimizning buyuk ishlari bilan tanishtiradi, ularning maqsadlarini, armonlarini, intilishlarini tushunishga o'rgatadi, buyuk vatandoshlarimizdan faxrlanish tuyg'usini shakllantiradi. Faxrlanadigan millatdoshlari bor millat, faxrlana oladigan farzandlari bor millat o'z istiqbolining egasi bo'ladi.


Orqaga qaytish