Hikoyalar

5349 marta o'qildi
Xudoyberdi To`xtaboyev "Hassa" hikoyasi

Qobil boboning ikki nabirasi Shavkat bilan Shuhrat qo`shni xonada o`ynab o`tirishar edi. Nima bo`ldi-yu, ikkovlari bahslashib qolishdi. Shavkat yugurib bobosining oldiga chiqdi-da: – Bobo, bobo! Kim odobli, menmi yoki Shuhratmi? – deb so`radi.

Hassa

(Hikoya)

Qobil boboning ikki nabirasi Shavkat bilan Shuhrat qo`shni xonada o`ynab o`tirishar edi. Nima bo`ldi-yu, ikkovlari bahslashib qolishdi. Shavkat yugurib bobosining oldiga chiqdi-da: – Bobo, bobo! Kim odobli, menmi yoki Shuhratmi? – deb so`radi.

Qobil bobo hovliga chiqmoqchi bo`lib turgan edi. Uning kumush halqa qadalgan hassasi Shavkat bilan Shuhrat o`ynab o`tirgan uyda edi. – O`g`lim, avval mening hassamni keltirib ber, keyin men o`ylab javob beraman, – dedi nabirasiga. – Yo`q, avval aytasiz! – oyoqlari bilan yerni tepib turib oldi Shavkat. – Axir, o`ylab ko`rish kerak-da, – dedi Qobil bobo. – Unda hassangizni keltirib bermayman, – Shavkat qaysarlik bilan polga o`tirib oldi. – Keltirib bermayman. Qobil bobo hassasini keltirish uchun o`rnidan endigina qo`zg`algan edi, shu payt xonaga, bobosiga salom berib Shuhrat kirib keldi. – O`g`lim, hassamni keltirib ber! – dedi Shuhratga bobosi. – Xo`p bo`ladi, bobojon! – dedi Shuhrat bobosiga ochiq yuz bilan. U kumush halqa qadalgan hassani darrov keltirib bobosiga berdi. Keyin o`rnidan turayotgan bobosining qo`lidan ushlab, turishiga yordamlashdi. – Rahmat o`g`lim, – dedi Qobil bobo nabirasining peshonasini silab, – umring uzoq bo`lsin! – Bobo, kim odobli? Menmi yoki Shuhratmi, ayting, ayting! – der edi Shavkat yer tepib. Qobil bobo kumush halqali hassasini do`qillatganicha hovliga chiqarkan: – Shuhrat odobli! – deb javob qildi.

Xudoyberdi O`XABOYEV


Orqaga qaytish