Yangi o`zbek adabiyoti

5422 marta o'qildi
Zulfiya

Taniqli o'zbek shoirasi Zulfiya 1915- yilning 1-martida Toshkent shahrida Isroil temirchi oilasida tug'ildi. 1922-yildan 1931-yilgacha maktabda, so'ng 1931-1934-yillar orasida qizlar bilim yurtida tahsil oldi.

Taniqli o'zbek shoirasi Zulfiya 1915-yilning 1-martida Toshkent shahrida Isroil temirchi oilasida tug'ildi. 1922-yildan 1931-yilgacha maktabda, so'ng 1931-1934-yillar orasida qizlar bilim yurtida tahsil oldi. Mehnat faoliyatini juda erta boshlagan shoira deyarii bir umr jurnalistika va nashriyot sohasida ishladi. U 1935- 1938- yillarda Til va adabiyot instituti aspiranti, 1938 - 1948-yillar mobaynida Bolalar nashriyoti muharriri, Ozbekiston davlat nashriyoti bo'lim mudiri, 1953- yilgacha «Saodat» jurnalida bo'lim mudiri, 1953- yildan to 1980-yilga qadar, salkam o'ttiz yil davomida, shu jurnalning Bosh muharriri lavozimida ishlab keldi. Mashhur o'zbek shoiri Hamid Olimjonning turmush o'rtog'i, o'ziga xos she'riyati bilan minglab kitobxonlar qalbini rom etgan talantli shoira Zulfiya 1997-yilning  1-avgustida vafot etdi.

Shoira badiiy ijodga juda erta kirishdi. O'n yetti yoshida «Hayot varaqalari» deb atalmish dastlabki she'riy kitobini chop ettirdi. Uzoq ijodiy umri davomida o'ttizga yaqin she'riy to'plamlar, o'ndan ortiq dostonlar yaratdi. Shoira hammani o'ylatadigan, barcha kishilarga jaxldor bo'lgan holatlarni she'rga soladi. Shuning uchun ham yozganlari ko'pchilikka manzur bo'ladi. Zulfiyaning ulkan iste'dodi faqat yurtimizdagina emas balki dunyo miqyosida ham e'tirof etilgan.  U - xalqaro «Nilufar» mukofoti egasi.

Shoira sherlarining el aro mashhurligi tasodifiy emas. U bolaligidan olamga hayrat ko'zi bilan qarovchi, uning boshqalar ko'rolmaydigan jihatlarini ilg'ovchi qizaloq ekanligi bilan ajralib turardi.  Buning ustiga, oilasidagi muhit ham yosh Zulfiyada badiiy ijodga ishtiyoqni alangalatardi. Shoira bolaligini shunday eslaydi: «Otamni... Isroil degrez der edilar. Otam zahmatkash temirchi edi. Otamning hamma vaqt olovga yo'ldosh kasbidan faqat zavq ko'rar edim. Otamday qudratli odam yo'q edi men uchun. Temirlar otam qo'lida chaqmoqlar taratishiga boqib, hayratda qolar edim. Uning qo'llari cho'g'ga aylangan temir parchasini istagan shaklga solib, inson uchun kerakli narsaga aylantirishga qodir edi. Men hali-hanuz otamday bo`lishni orzu qilaman, ammo na iloj, inson qalbiga kira bilish temirga ishlov berishdan mashaqqatliroq, yurakni chaqmoq kabi alanga oldirish har kimga ham muyassar bo'lavermas ekan...

Mening onam o'zining ta'biricha, «usti butun - ichi tutun» ayollardan edi. U hamma vaqt kamgap, xayolchan edi, lekin fikrlari, o'ylari mudroq emasligini, unga mutelik, zaiflik yot ekanligini bilar edim. Ruhidagi ma'yuslik, ovozidagi hazinlik faqat uning xarakteriga xos bir sifatgina edi,  xolos.

Onamning qancha-qancha qo'shiq va afsonalarni, doston va ertaklarni bilishiga aqlim bovar qilmasdi. Bu sehrli afsona va ertaklar bizga benihoya huzur bag'ishlar, o'ziga rom qilib olar, har safar yangi jilva kasb etardi. Aminmanki, mo'jizalar yaratishga qodir, jahonni ko'zga keng ochuvchi, insonni go'zallik sari yetaklovchi so'zga shaydolik hissini mening qalbimda ostona xatlab ko'chaga chiqmagan  oddiy ayol  -  onam  uyg'otgan...»

Zulfiya she'riyati ana shunday pokiza buloqlardan suv ichgan ijoddir. Ayni shu sababdan uning tinchlik haqidagi, inson ruhiyatini g'ajib tashlay oladigan hijron to'g'risidagi, tabiatning ajib bir holati borasidagi she'rlari hech kimni befarq qoldirmaydi. Shu bois shoiraning barcha ayollarga, barcha onaiarga, barcha ma'shuqalarga xos, tushunarli, anglanarli bo'lgan she'riyati aslo eskirmaydi. Uning asarlarida halol inson tuyg'ularining porloq yulduzi charaqlab turadi.


Orqaga qaytish