Jahon mamlakatlari

5023 marta o'qildi
Niderlandiya

NIDERLANDIYA

(Niderlandiya Qirolligi)

Maydoni – 41500 kvadrat kilometr.

Aholisi – 15600000 kishi.

 Bu mamlakatni ko‘pincha Gollandiya deb ataydilar, aslida esa uning faqat ikki viloyati (Shimoliy va Janubiy) Gollandiya deb ata­­ladi.

«Niderlandiya» so‘zining o‘zbekchaga tarjimasi «Pastqam yer» demakdir. Haqiqatan ham mamlakat maydonining katta qismi dengiz sathidan pastda. Niderlandiya hududi ko‘p asrlardan buyon asta-sekin har yuz yilda taxminan 1 metr cho‘kmoqda. Odamlar bu yerda qadimdan yashab kelmoqdalar va ular o‘z uylari hamda ekinzorlarini dengizning bosib kelishidan va daryo suvining toshi­shidan saqlash uchun sakkiz yuz yil davomida (bu davr ichida 7–8 metrga cho‘kkan) dengiz sohili va daryolar qirg‘og‘i bo‘ylab dambalar qurmoqdalar. Shuning uchun bu yerda daryolar dalalardan va, hatto, uylardan ham balandda oqadi.

Qadimgi davrda Niderlandiya Ispaniyaning mustamlakasi bo‘lgan. 16-asrda Niderlandi­yada dunyoda birinchi burjua inqilobi sodir bo‘ldi va mamlakat mustaqillikka erishdi.

Niderlandiya Qirolligining poytaxti –Amsterdam, lekin hukumat Gaagada joylashgan. Mamlakatda hokimiyat qirolicha (yoki qirol) va katta huquqlarga ega bo‘lgan parlament ixti­yorida.

Niderlandiyada foydali qazilmalar oz. Mamlakatda tabiiy gaz bor, lekin ruda, toshko‘mir yo‘q, oz miqdorda neft qazib olinadi. Shuning uchun barcha sanoat korxo­nalari chetdan keltirilgan xomashyo bilan ishlaydi. Zavodlarda kema quradilar, stanoklar, radioapparatlar yasaydilar, mahsulotlar ishlab chiqaradilar.

Mehnatkash gollandlar har bir qarich yerdan mirishkorlik bilan foydalanadilar. Yaylovlarda sigir, qo‘y boqiladi. Dalalarda bug‘doydan tashqari qandlavlagi, zig‘ir, kartoshka ham yetishtiriladi. Golland lolalari, golland pishlog‘i, zig‘ir tolasidan to‘qilgan golland polotnosi va boshqa ko‘pgina tovarlar butun jahonga mashhur bo‘lib, ular azaldan boshqa mamlakatlarga chiqarib sotiladi.

Niderlandiya – dengiz mamlakati. U juda katta savdo flotiga ega. Asosiy dengiz portiRotterdambo‘lib, u dunyodagi eng katta portlardan biri hisoblanadi. Uning kema to‘xtaydigan joylari (prichali) bir necha o‘nlab kilometrga cho‘zilgan. Gollandiyadan jahonga mashhur bo‘lgan ko‘p kishilar yetishib chiqqan. Bular orasida buyuk gumanist olim Rotterdam Erazm, rassom Rembrandt, faylasuf Spinoza, yozuvchi Multatuli va boshqalar bor. Niderlandiya bilan O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida diplomatiya munosabatlari 1992-yilda o‘rnatilgan.


Orqaga qaytish