Jahon mamlakatlari

5307 marta o'qildi
Shveysariya Konfederatsiyasi

Shveytsariya Yevropaning qoq markazida joylashgan. Mamlakat maydonining beshdan uch qismini cho‘qqilari abadiy qor bilan qoplangan, yon bag‘irlari tik qoyali tog‘lar egallagan, tog‘larda tubsiz jarliklar va guldirovchi sharsharalar bor.

SHVEYTSARIYA

(Shveysariya Konfederatsiyasi)

Maydoni – 41300 kvadrat kilometr.

Aholisi – 7096000 kishi.

Shveytsariya Yevropaning qoq markazida joylashgan. Mamlakat maydonining beshdan uch qismini cho‘qqilari abadiy qor bilan qoplangan, yon bag‘irlari tik qoyali tog‘lar egallagan, tog‘larda tubsiz jarliklar va guldirovchi sharsharalar bor.

Shveytsariyada hozirgi kunga qadar mergan Vilgelm Tell haqida ajoyib afsona saqlanib qolgan. Shveytsariya bundan ko‘p asrlar avval Avstriyaga bo‘ysungan. Erksevar inson Vilgelm Tell Avstriya noibining haqoratli injiqligini, ya’ni noibning uyi oldidagi uzun yog‘ochga ilib qo‘yilgan bosh kiyimiga ta’zim qilishni rad etdi. Nihoyatda darg‘azab bo‘lgan zolim hokim Vilgelm Tellni tutib keltirishni buyurdi. Tell jazo tariqasida o‘z o‘g‘lining boshi­ga qo‘yilgan olmani kamon o‘qi bilan urushi kerak edi. Kamon o‘qi olmaga sanchilib, bolaga shikast yetmaydi. Ikkinchi o‘q zolim hokimning ko‘kragini teshib o‘tadi. Bu qo‘zg‘olonning boshlanishiga ishora bo‘ladi, bosqinchilar mamlakatdan haydab chiqarildi. Afsonada shunday hikoya qilingan. Biroq amal­da shveytsariyaliklarning kurashi ma­shaq­qatli bo‘lib, uzoq davom etgan.

1291-yili uchta kanton (mamlakat tumanlari) aholisi avstriyaliklarga qarshi birgalikda kurashish uchun o‘zaro shartnoma tuzdilar. Keyinroq ularga asta-sekin boshqa kantonlar ham qo‘shildi. Shunday qilib, xalq o‘z mustaqilligini saqlab qoldi. 19-asr oxiridan bu davlat Shveytsariya Konfederatsiyasi («konfede­ratsiya» – «ittifoq») deb ataladi. Unga 23 kanton kiradi.

Shveytsariyada doimiy armiya yo‘q. 150 yildan ortiq vaqt davomida u hech qanday urushlarda ishtirok etmadi. 1815-yili
Shveyts­ariyada uning «doimiy betarafligi» haqida, ya’ni hech qanday xalqaro to‘qnashuv­larga aralashmasligi haqida qonun qabul qi­lindi. Uzoq muddat davom etgan tinchlik xo‘jalikning rivojlanishiga yordam berdi.

Shveytsariya – rivojlangan mamlakat.

Shveytsariya zaminida foydali qazilmalar oz. Sanoat uchun zarur bo‘lgan xom ashyo­ning deyarli hammasi boshqa mamlakatlardan keltiriladi. Shveytsariyada soatsozlik, zargarlik kabi kam xomashyo talab qiladigan tarmoqlar rivojlanganligining eng asosiy sabab­laridan biri ham shu. Shveytsariya ayniqsa o‘zining soatlari bilan mashhur. Bu yerdan boshqa mamlakatlarga har yili 80 millionga yaqin soat jo‘natiladi. Shveytsariya bankirlari butun dunyo moliya ishlarida katta rol o‘ynaydilar.

Mamlakatda juda qulay tog‘ yaylovlari ko‘p, shuning uchun chorvachilik yaxshi rivojlangan. Dehqonchilik bilan shug‘ullanish ancha og‘ir. Butun tevarak-atrof tog‘, qulay yerlar kam, shuning uchun deh­qonlar ekishga yaroqli bir parcha yerni ham bo‘sh qoldirmaydilar. Shunday bo‘lsa ham mamlakatda yetishtirilgan qishloq xo‘jalik mahsuloti ichki ehtiyojni qoplamaydi, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini chet eldan keltirishga majbur bo‘ladilar.

Jeneva ko‘pincha juda muhim xalqaro voqealar munosabati bilan tilga olinadi. Bu shaharda ko‘pgina xalqaro tashkilotlar joylashgan va tez-tez muhim xalqaro konferensiyalar, uchrashuvlar, muzokaralar o‘tkazib turiladi. Shveytsariya bilan O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida diplomatiya munosabatlari 1992-yilda o‘rnatilgan.


Orqaga qaytish