Jahon mamlakatlari

5655 marta o'qildi
Polsha Respublikasi

Polsha Markaziy Yevropaning shimolida joylashgan. Bu yer keng tekislikdan iborat bo‘lib, qalin o‘rmonzorlar, dalalar va o‘tloqlar oralig‘ida juda ko‘p daryolar oqadi. Bulardan eng sersuvlari – Visla va Odra. Shimolda pastqam qirg‘oqlarni Boltiq dengizining suvlari yuvib turadi, janubda esa Karpat va Sudet o‘rmonli tog‘lari qad ko‘targan.

POLSHA

(Polsha Respublikasi)

Maydoni – 312700 kvadrat kilometr.

Aholisi – 38500000 kishi.

 Polsha Markaziy Yevropaning shimolida joylashgan. Bu yer keng tekislikdan iborat bo‘lib, qalin o‘rmonzorlar, dalalar va o‘tloqlar oralig‘ida juda ko‘p daryolar oqadi. Bulardan eng sersuvlari – Visla va Odra. Shimolda pastqam qirg‘oqlarni Boltiq dengizining suvlari yuvib turadi, janubda esa Karpat va Sudet o‘rmonli tog‘lari qad ko‘targan.

Bu o‘lkada qadim zamonlardan g‘arbiy slavyanlar yashab kelgan. Ming yillar avval bu yerda dastlabki davlat vujudga kelgan. O‘tmish afsonalarida hikoya qilinishicha, ­knyaz Lex mamlakat poytaxti uchun uzoq vaqt joy izlagan. Kunlarning birida u bir tepalikning ustida oq burgutning uyasini ko‘rib qoladi va poytaxtni o‘sha yerga qurishni buyuradi. O‘sha davrdan boshlab Polsha gerbida oq burgutning tasviri paydo bo‘lgan.

Qadimgi davrlarda Polsha Yevropadagi kuchli davlatlardan biri bo‘lgan. Biroq polyak pomeshchik-dvoryanlari o‘rtasidagi doimiy urush-janjallardan Polsha asta-sekin kuchsiz­lanib borgan. 18-asr oxirida Polshani o‘sha davrda kuchli bo‘lgan uchta davlat: Rossiya, Prussiya va Avstriya o‘zaro bo‘lib olishgan.

1-jahon urushidan keyingina Polsha mustaqil davlat sifatida qayta tiklandi. Biroq, 1939-yil 1-sentabrda fashistlar Germaniyasi Polshaga hujum qildi. Shu kun ikkinchi jahon urushi boshlangan kun hisoblanadi.

Polsha vatanparvarlari bosqinchilarga qarshi kurashdilar va uni ozod qildilar. Ko‘pgina yirik zavod va fabrikalar qurildi. Polsha sanoati rivojlangan mamlakatga aylandi.

Polshada qadimiy shaharlar ko‘p. Ular urush vaqtida qattiq zarar ko‘rgan. Polshaning­ poytaxti – Varshava deyarli butunlay vayron bo‘lgan edi. Polyak xalqi o‘z poytaxtini avaylab va mehr bilan qayta tikladi, zamonaviy binolar bilan bezadi. Go‘zal Varshava shahri xuddi afsonaviy Qaqnus qushi kabi kultepa o‘rnida qaytadan bunyod etildi.

Iste’dodli polyak xalqi orasidan jahonga tanilgan atoqli kishilar: olim N. Kopernik, shoir A. Mitskevich, yozuvchilar E. Ojeshko, B. Prus, kompozitor F. Shopen va boshqalar yetishib chiqdi, ularning ilmiy kashfiyotlari va ijodlari jahon fani va madaniyatini boyitdi. Polsha bilan O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida diplomatiya munosabatlari 1992-yilda o‘rnatilgan.

 


Orqaga qaytish