Mashxur shaxslar

5355 marta o'qildi
KYURILAR

Parij universitetining talabasi Mariya Sklodovskaya Pyer Kyuri bilan tanishganida Pyer mashhur fizik edi. Fanga fidokorlik ularni yaqinlashtirdi, ular turmush qurishdi, bir-birlariga eng yaqin maslahatgo‘y va yordamchi bo‘lishdi.

KYURILAR

 (Mariya 1867 – 1934; Pyer 1859 – 1906;

 Iren 1897 – 1956; Frederik 1900 – 1958)

 Parij universitetining talabasi Mariya Sklodovskaya Pyer Kyuri bilan tanishganida Pyer mashhur fizik edi. Fanga fidokorlik ularni yaqinlashtirdi, ular turmush qurishdi, bir-birlariga eng yaqin maslahatgo‘y va yordamchi bo‘lishdi.

Pyer va Mariya kamtarona yashadilar. Labo­ratoriya sotib olishga pullari yo‘q edi. Ular yarim xaroba yog‘och hujrani o‘z ilmiy tadqiqotlari uchun moslab oldilar. Shunga qaramay, Pyer va Mariya bu yerda ulkan kashfiyotlar qilishdi.

O‘sha yillari fransuz fizigi Antuan Anri Bekkerel g‘alati nurlarni topdi, nurlarni uran tuzi bo‘lagi taratardi. Bu nurlarni odam ko‘zi il-g‘amasdi, lekin uran tuzini qora qog‘ozga o‘ralgan fotoplastinka ustiga qo‘yilsa, fotoplastinka nurlanib qorayib qolardi.

Bu g‘alati nurlar Mariyani qiziqtirib qoldi va ularni sabr-toqat, sinchkovlik bilan o‘rgana boshladi. Kunlar ketidan kunlar, oylar ketidan oylar o‘taverdi va, nihoyat, bunday nurlar faqat urandan emas, boshqa elementlardan ham tarqalishi ma’lum bo‘ldi. «Nur» so‘zi lotinchada «radius» ma’nosini bildiradi. Shuning uchun Mariya ko‘rinmaydigan nurlar tarqatadigan barcha moddalarni radioaktiv moddalar deb atashni taklif qildi.

Mariyaning ishlari Pyerni ham qiziqtirib qoldi, u xotiniga yordam bera boshladi. Ko‘p o‘tmay, ya’ni 1898-yilda ular hech kimga ma’lum bo‘lmagan elementdan taralayotgan nurlarni topishdi. Pyer va Mariya uni Mariyaning vatani Polsha sharafiga poloniy deb atashdi.Yanabir oz vaqt o‘tgach, ular yana bir yangi element – radiyni kashf etishdi. Faqat kashf etibgina qolmay, balki kichkina sof radiy bo‘lagini ham topishdi.

Radioaktivlikni kashf qilganliklari uchun er-xotin Kyurilar va Bekkerel Nobel mukofoti bilan taqdirlandilar.

1906-yil 16-aprelda Mariyaning boshiga katta kulfat tushdi: bema’ni tasodif – arava g‘ildiraklari tagida qolib, Pyer halok bo‘ldi. Bu juda og‘ir judolik edi. Pyer har doim: «Boshimizga qanday kun tushmasin, ishlashimiz lozim», – deb uqtirardi. Mariya uning bu so‘zlarini hamisha yodida tutdi.

Mariya Kyuri professor bo‘ldi, laboratoriya­ga rahbarlik qildi. U sof radiy metalini hosil qilib olgani uchun ikkinchi marta Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi. Uning shogirdlari ko‘paydi. Ular­ning ichida eng iste’dodlisi qizi Iren edi. U ham fizik bo‘lib yetishdi. Iren eri Frederik Jolio bilan birga onasi rahbarligidagi laboratoriyada ishladi. Iren va Frederik tabiatda bo‘lmaydigan sun’iy radioaktiv moddalarni yaratishdi. Bu moddalar ham ko‘rinmaydigan nurlar taratardi. Shunday qilib, Kyurilar oilasida uchinchi Nobel mukofoti paydo bo‘ldi.

Pyer va Mariya Kyurilarning ishlari atom fi­zikasi asosini tashkil etdi. Radioaktivlik hodi­sasi kashf qilingunga qadar atom bo‘linmas deb hisoblanardi. Endilikda ma’lum bo‘ldiki, u ko‘p zarralardan iborat ekan. Keyinroq atom yadrosining o‘zini ham bo‘lish mumkin ekanligi aniqlandi. Iren va Frederik Jolio-Kyuri tadqiqotlari olimlarga atom yadrosini parchalab, atom energiyasini olishlariga imkon berdi.

Iren va Frederik atom energiyasi odamlarga xizmat qilishini: ularni davolashini, yorug‘lik va issiqlik berishini, mashinalarni yurgizishini istashardi. Ikkinchi jahon urushining boshlanishi va Parijning nemislar tomonidan bosib olinishi bu ishlarni to‘xtatib qo‘ydi. Hayo­tini xavf ostida qoldirib, Jolio-Kyuri xodimlari texnik hujjatlarni Angliyaga olib ketdilar. Agar bu hujjatlar fashistlar qo‘liga tushsa bormi, ular atom bombasi yasash sirlarini bilib olishgan bo‘lardi.I.va F. Jolio-Kyuri Fransiyada qoldilar va Qarshilik hara­katida ishtirok qildilar.

Urushdan keyinI.va F. Jolio-Kyuri Fransiya­ning atom energiyasi bo‘yicha Komissarligida katta ish olib borishdi. 1948-yildayoq ularning ishtirokida birinchi Fransuz siklotroni va yadro reaktori ishga tushirildi.

I.va F. Jolio-Kyuri taniqli jamoat arbobi, Tinchlik tarafdorlarining Jahon kongresslari ishtirokchilari edilar. 1949-yildan F. Jolio-Kyuri Jahon Tinchlik Kengashiga boshchilik qildi. 1950-yilda u tinchlik muhofazasiga bag‘ish­langan mashhur Stokgolm Murojaati tashabbuskori bo‘ldi. Frederik va Iren tinchlikni qizg‘in himoya qilishardi. Ularni ta’qib etdilar, lekin olimlar o‘z niyatlaridan qaytmadilar. Ular atom faqat tinchlikka xizmat qilishi uchun kurashishdi.


Orqaga qaytish