Mashxur shaxslar

4507 marta o'qildi
LEONARDO DA VINCHI (1452 1519)

Jahon madaniyati, san’ati va ilm-fani tarixida Leonardo da Vinchi nafaqat Uyg‘onish davrining buyuk rassomi, haykaltaroshi, me’mori, balki iste’dodli ixtirochi muhandis, matematik, anatom sifatida ham yorqin iz qoldirgan.

LEONARDO DA VINCHI

(1452 – 1519)

 Jahon madaniyati, san’ati va ilm-fani tarixida Leonardo da Vinchi nafaqat Uyg‘onish davrining buyuk rassomi, haykaltaroshi, me’mori, balki iste’dodli ixtirochi muhandis, matematik, anatom sifatida ham yorqin iz qoldirgan.

Leonardo uncha katta bo‘lmagan Vinchi shahri yaqinida dunyoga keldi. U 14 yoshga to‘lganda otasi uni Florensiyaga olib keladi va Uyg‘onish davrining ko‘pgina ma’rifatli kishilari qatori har tomonlama iqtidor sohibi, o‘z davri­ning taniqli rassomi, haykaltaroshi va me’mori Andrea Verrokioning badiiy ustaxonasiga shogirdlikka beradi. Tez orada Leonardo nafaqat tengqurlari, balki ustozini ham ortda qoldirib, mohir rassom bo‘lib yetishadi. Rassomning bu qadar tez kamol topishida uning tabiatga, atrof muhitdagi voqea va hodisalarga nisbatan o‘ta sinchkovligi sabab bo‘ldi. U yoshligidan boshlab xotira daftari tutib, unda uylar va ko‘chalar, qir-adirlar va bog‘lar, gullar va daraxtlar, go‘zal qiz­larning yuz tuzilishi, yuzini yuvayotgan mushuk, otning tuyoqlari, matoning buklamalari kabi detallarni sinchkovlik va sabot bilan tasvirlab bordi. Undan o‘z hayoti davomida bitilgan 7 ming sahifaga yaqin xotira daftari qolgan. Uning qo‘lyozmalari orasida uchish apparatlari, parashyut, suv osti kemasi, avtomat to‘quv stano­gi, vertolyot kabi ajoyib narsalarning loyihalarini topdilar. Bir necha yuz yillardan so‘ng bularning barchasi qaytadan ixtiro etildi. Samolyot paydo bo‘lmasdan yuz yillar avval Leonardo da Vinchi qushni eslatuvchi uchish apparatini yaratdi.

Biroq o‘sha davr texnikasining past darajasi tufayli Leonardo ijodiy niyatlarini amalga oshira olmadi.

Lekin rassom – Leonardoning asarlariga anchagina baxtli taqdir nasib etdi. U yaratgan kartinalardan uning zamondoshlari ham, ularning avlodlari ham zavqlanishgan. Rassom ijodiy merosini o‘rganishga bo‘lgan qiziqish bugun ham so‘ngan emas. Rassomning hech bo‘lma­ganda birgina asarini tomosha qilish uchun kishilar soatlab navbat kutishadi.

Uning kartinalari hayot bilan sug‘orilgan. Leonardo asarlarida buyumlar, shuningdek kishi va hayvonlarning tasviri nihoyatda ravshan va hajmi katta qilib ko‘rsatilgandek tuyuladi. Nur va soya yordamida Leonardo kartinada real dunyoning butun rang-barangligini ko‘rsata olgan.

Leonardo da Vinchi hayotining oxirgi ikki o‘n yilligini darbadarlikda, joydan joyga ko‘chib yurib o‘tkazishga majbur bo‘ldi. Shu davrda yaratgan eng mashhur asari «Mona Liza» port­retidir (bu asarni yana «Jokonda» deb ham atashadi). Unda shaharlik badavlat ayol biroz jilmaygan, xayolga cho‘mgan, g‘amginroq holatda tasvirlangan. Bu go‘zal qiyofaga qarab ayol­ning boy va murakkab ichki dunyosini, uning o‘tkir aqlini his etish mumkin. Mona Liza tabiat manzarasi fonida tasvirlangan. Olisdagi tog‘lar, osmon, daryo va daraxtlar – bularning hammasi yengilgina tuman bilan qoplangan.

Portret janrini yangi sifat pog‘onasiga olib chiqqan Leonardo da Vinchi unda tashqi o‘xshashlikdan tashqari insonning ichki dunyosi, ruhiy olamining butun borlig‘ini tasvirlashni bosh vazifa qilib qo‘yadi.

Leonardo da Vinchi tinchlikni xohlardi. Shu­ning uchun gullab-yashnayotgan Italiya yerini poymol etayotganlarning nizo hamda to‘qnashuvlaridan nafratlanardi. Darbadarlikda hayot kechirgan rassom umrining so‘nggi yillarini Fransiyada o‘tkazdi va Ambauza shahri yaqinida vafot etdi.

Buyuk rassomning o‘lmas asarlari hamon kelajak avlodlarga zavq bag‘ish­lamoqda.


Orqaga qaytish