Ertaklar

4709 marta o'qildi
Olmani o'rniga qo'yilgan shart

Bir kuni bir yigit yo'lda ketayotsa, oldiga bir olma "to'p" etib kelib tushibdi. Yigit uyoq-buyoqqa qarab, olmaning egasini ko'rmabdi. Shunda u qirmizi olmani olib, oqib turgan suvga yuvibdi va bir tishlabdi. Bir payt oldidan bir barvasta kishi chiqib

Bir kuni bir yigit yo'lda ketayotsa, oldiga bir olma "to'p" etib kelib tushibdi. Yigit uyoq-buyoqqa qarab, olmaning egasini ko'rmabdi. Shunda u qirmizi olmani olib, oqib turgan suvga yuvibdi va bir tishlabdi. Bir payt oldidan bir barvasta kishi chiqib:

 

- Hoy yigit, sen nega mendan so'ramasdan mening olmamni o'g'irlab yemoqdasan? - deb doq uribdi.

 

- Yo'q, amaki, kechirasiz, men olmangizni o'g'irlaganim yo'q, olma oyog'im ostiga kelib tushgan edi, olib yeyapman,-debti yigit.

 

Lekin u kishi juda qaysar ekan, "yo'q, o'g'irlading", deb turib olibdi.

 

- Ho'p, mayli, o'g'irlagan bo'lay, bu gunohimni nima qilsam kechirasiz? - deb so'rashga majbur bo'libdi yigit oxiri.

 

-Bu gunohingni yuvish uchun mening qizimga uylanasan, - debdi u odam.

 

- Mayli, uylanaman, - debdi yigit.

 

- Lekin, bilib qo'y, qizimning ikki oyog'i shol, ikki qo'li shol, ikki ko'zi ko'r - debdi u kishi.

 

- Yigit so'zi bitta, - debdi yigit, - nima bo'lsa ham qizingizga

uylanaman. Shunday qilib yigit bu kishining qiziga uylanibdi. Go'shangada ko'rsa-ki, oy desa og'zi bor, ko'zlari cho'lpon, lablari g'uncha, qoshlari kamron, yuzlari shirmonday, sochi sumbul, qo'llari ipakdek mayin, qaddi-basti kelishgan sarvqomat qiz ekan.

 

Yigit qaynotasining gaplaridan hayron bo'libdi. To'ydan keyin gaplashib o'tirishgach, bir kuni u yurak yutib:

 

- Dada, nega o'shanda qizingizni ko'zi ko'r, qo'li shol, oyog'i cho'loq degan edingiz? - deb so'rabdi.

 

- Ko'zi ko'r deganimki, qizim hali voyaga yetib, sendan boshqa yigitni ko'rgan emas. Oyog'i shol deganim, ostona xatlab, ko'chaga chiqmagan, qo'li shol deganim, sendan boshqani qo'li qizimning qo'liga tegmagan, - deb javob beribti qaynota. Yigit qaynotasining bu lutfiga tasanno aytgan va yori bilan qo'sha qarigan ekan


Orqaga qaytish