Jahon mamlakatlari

5661 marta o'qildi
Savanna

Afrikaning jazirama issig‘idan qo‘ng‘ir tusga kirgan dasht uzoq-uzoqlardagi moviy tog‘lar etagiga borib taqaladi. Dag‘al o‘tlarning pichoqdek o‘tkir barglari qizg‘ish chang bilan qoplangan. U yer-bu yerda yorilib ketgan qizg‘ish yoki qo‘ng‘ir tusdagi taqir yerlar ko‘zga tashlanadi, bunday yerlarda tikanli butalar o‘sadi.

SAVANNA

    Afrikaning jazirama issig‘idan qo‘ng‘ir tusga kirgan dasht uzoq-uzoqlardagi moviy tog‘lar etagiga borib taqaladi. Dag‘al o‘tlarning pichoqdek o‘tkir barglari qizg‘ish chang bilan qoplangan. U yer-bu yerda yorilib ketgan qizg‘ish yoki qo‘ng‘ir tusdagi taqir yerlar ko‘zga tashlanadi, bunday yerlarda tikanli butalar o‘sadi. Tekislikning u yer-bu yerida kichik siyrak o‘rmonlar va yakka daraxtlar: qing‘ir-qiyshiq shoxli, tovlanuvchi patsimon bargli, ingichka tanali akatsiya hamda sershox, yo‘g‘on baobab uchraydi. Faqat dar­yolar bo‘yidagina yam-yashil bargli qalin chakalakzorlar mavjud.

Yilning quruq mavsumida savanna mana shunday manzaraga ega bo‘ladi. Biroq, shunga qaramay, unda hayot qaynaydi. Buning ustiga, dunyoning biron yerida Afrika savannasidek yirik hayvonlar ko‘p to‘plangan joy yo‘q. Kiyik va buyvollar podasi chang-to‘zon ko‘tarib, dukur-dukur qilib yugurib yurishadi. Chipor zebralar daroz tuyaqushlar bilan yonma-yon o‘tlab yuradi. Jirafalar bo‘yinlarini cho‘zib, daraxt barglarini uzib yeydi. Fillar viqor bilan yurishadi. Qosh qorayishi bilan butun savannani dahshatli o‘kirish qoplaydi – arslonlar ovga chiqadi. Bu yerda sirtlon, gepard, qoplon kabi boshqa yirtqich hayvonlar ham ko‘p.

Afrikaliklar savannada uzun shoxli bukri qoramollarni boqishadi. Aylana tarzida qurilgan kulbalar, poliz, makkajo‘xorizor va tariqzor dalalar shundoqqina suv yaqinida.

Quruq mavsum oxirlarida odamlar o‘tlarni yoqishadi, bunda alanga va tutun to‘lqinlari butun savanna bo‘ylab tarqaladi. Qo‘rquvdan sarosimaga tushgan hayvonlar ko‘pincha oson­gina ovchilarning qo‘liga tushadi. Lekin dastlabki yomg‘ir shivalashi bilanoq yerda qolib ketgan o‘simlik ildizlariga yana jon kiradi va savanna yangi o‘sib chiqqan yam-yashil maysalar gilami bilan qoplanadi.

Savannaga o‘xshash dashtlar Avstraliyada va Janubiy Osiyoning ba’zi yerlarida uchraydi. Lekin ularning hayvonot olami boy emas va ular bunchalik keng maydonni egallamaydi.

Bolalar  ensiklopediyasidan 


Orqaga qaytish