Jahon mamlakatlari

5034 marta o'qildi
Skandinaviya mamlakatlari

Shimoliy Yevropada joylashgan davlatlar: Daniya, Islandiya, Norvegiya va Shvetsiyani shu nom bilan ataydilar. Skandinaviya mamlakatlari tarixi va madaniyatida umumiy tomonlari ko‘p. Bu mamlakatlar xalqlari bir-biriga yaqin tillarda so‘zlashadilar. Skandinaviyaliklar qadim zamonlardan dengizda suzishga mohir bo‘lganlar. Hozir ham bu xalqlar hayotida dengiz muhim rol o‘ynaydi.

 Shimoliy Yevropada joylashgan davlatlar: Daniya, Islandiya, Norvegiya va Shvetsiyani shu nom bilan ataydilar. Skandinaviya mamlakatlari tarixi va madaniyatida umumiy tomonlari ko‘p. Bu mamlakatlar xalqlari bir-biriga yaqin tillarda so‘zlashadilar. Skandinaviyaliklar qadim zamonlardan dengizda suzishga mohir bo‘lganlar. Hozir ham bu xalqlar hayotida dengiz muhim rol o‘ynaydi.

Shvetsiya, Norvegiya, Daniya – sanoati va qishloq xo‘jaligi yuksak darajada rivojlangan mamlakatlar. Ulardagi zavod va fabrikalarda eng zamonaviy kemalar, mashinalar, stanoklar, qog‘oz va boshqa ko‘p narsalar ishlab chiqariladi. Aholi qadimdan baliq ovlash bilan shug‘ul­lanadi. Bu mamlakatlarning har biri katta baliq ovlash va savdo flotiga ega. Ular jahondagi ko‘p davlatlar bilan savdo-sotiq qiladi.

Norvegiya bilan Shvetsiya Yevropadagi eng katta yarim orol bo‘lgan Skandinaviya yarim orolida joylashgan. Norvegiya tarkibiga Shimoliy Muz okeanidagi Shpitsbergen arxipelagi ham kiradi. Norvegiya maydoni 324200 kvadrat kilometr, aholisi 4300000 kishi. Shvetsiya maydoni 449800 kvadrat kilometr, aholisi 8847000 kishi.

Xaritaga bir qarang: siz Skandinaviya yarim oroli qirg‘oq chizig‘ining naqadar ilon izi ekanligini ko‘rasiz. Quruqlik ichkarisiga ancha kirib borgan, qirg‘oqlari tik qoya eni tor qo‘ltiq – fordlar nihoyatda manzarali. Shimolning sovuq iqlimini iliq suvli Shimoliy Atlantika oqimi yumshatib turadi.

Shvetsiya va Norvegiya hududlarining katta qismi qarag‘ay va qoraqarag‘ay o‘rmonlari bilan qoplangan. Aholisining ko‘pchilik qismi o‘rmon xo‘jaligida ishlaydi. Yog‘och mebel, qog‘oz, kimyo sanoatlari uchun xom ashyodir. Norvegiya poytaxti – Oslova Shvetsiya poytaxti - Stokgolm yirik portlar va sanoat shaharlari­dir. Sersuv va tezoqar daryolarda katta quvvatli gidroelektr stansiyalari qurilgan. O‘rmon bilan qoplangan shimoliy tog‘ tumanlarida
dehqonchilik qilish juda qiyin. Shuning uchun deh­qonlar asosan sut va go‘sht beradigan chorva mollarini boqadilar, chorva uchun yem-xashak o‘tlari ekadilar. Norvegiya va Shvetsiya­ning janubiy, tekislik qismidagi dalalarda bug‘doy, javdar, suli, arpa yetishtiriladi.

Shimoliy dengizning Norvegiya qir­g‘oqlariga yaqin joylarida suv ostidan neft va gaz konlari topilgan. Mamlakatda qazib olingan rudalardan zavodlarda alyuminiy, mis, rux eritib olinadi. Shvetsiyaning shimolida bir necha asrdan beri temir rudasi koni mavjud.

Daniya mamlakati Yutlandiya yarim orolida va besh yuzga yaqin mayda orollarda joylashgan. Uning maydoni 43043 kvadrat kilometr, aholisi 5270000 kishi. Aholisi juda siyrak bo‘lgan va juda katta muzliklar bilan qoplangan Grenlandiya oroli ham Daniyaga qarashli. Daniyada sanoat bilan birga dehqonchilik va sut chorvachiligi ham yuksak darajada rivojlangan. Iqlimining yumshoqligi va sernamligi tufayli Daniyada bug‘doy, javdar, dukkakli o‘simliklar, yem-xashak o‘tlaridan yuqori hosil oladilar. Daniya poytaxti Kopengagen – qadimiy savdo markazi, yirik sanoat va port shahri.

 Islandiya mamlakati shu nomdagi orolda joylashgan. Uning maydoni 103000 kvadrat kilometr, aholisi 275500 kishi. Nomi tarjima qilinganda «muzlar mamlakati» ma’nosini ang­latadi. Siz Islandiya orolini xaritada Atlantika okeani­ning shimoliy qismidan topasiz. Bu yerning iqlimi juda sovuq, qor qoplami deyarli yarim yilgacha saqlanib turadi. Unchalik katta bo‘lmagan bu orolda bir necha so‘nmagan vulkan bor. Tez-tez zilzila ham bo‘lib turadi. Ko‘p joylarda yer po‘stidagi yoriqlardan muayyan muddatlarda qaynoq suv otilib turadi. Bular geyzerlardir. Geyzerlarning qaynoq suvlari bilan islandlar uylarni, teplitsalarni isitadilar. Orol aholisining asosiy mashg‘uloti –
baliq ovlash. Sanoat ham rivojlanmoqda. Islan­diyaning poytaxti – Reykyavik shahri.

Skandinaviya xalqlari orasidan jahonga mashhur juda ko‘p atoqli kishilar yetishib chiqqan. Bular: olim va sayohatchilardan F. Nansen va R. Amundsen, T. Xeyerdal, yozuvchi-ertakchi X. K. Andersen, dramaturg G. Ibsen, kompozitor E. Grig va boshqalar.

Bolalar  ensiklopediyasidan 


Orqaga qaytish