Jahon mamlakatlari

5528 marta o'qildi
Somali

Afrikada, ekvatordan shimolroqda, shakli ulkan hayvonning qayrilgan katta shoxini eslatuvchi Somali yarim orolida Somali Demokratik Respublikasi joylashgan.

(Somali Demokratik Respublikasi, SDR)

Maydoni – 638000 kvadrat kilometr.

Aholisi – 7100000 kishi.

 Afrikada, ekvatordan shimolroqda, shakli ulkan hayvonning qayrilgan katta shoxini eslatuvchi Somali yarim orolida Somali Demokratik Respublikasi joylashgan.

Bu davlat maydoni jihatidan ancha katta, biroq aholisi unchalik ko‘p emas. Aholisi­ning ko‘pchiligi tuya, qoramol, echki va qo‘y boqish bilan shug‘ullanib, hamon ko‘chmanchilik va yarim ko‘chmanchilikda hayot kechiradi. Mamlakatning qurg‘oqchil chala cho‘l joylarida dehqonchilik bilan shug‘ullanish nihoyatda qiyin. Bu yerlarda ekinlardan barqaror hosil olish uchun sun’iy sug‘orish talab etiladi. Respublika hukumati sug‘orish tarmoqlarini barpo qilish choralarini ko‘rmoqda. Mamlakatning yer osti boyliklari hanuzgacha kam o‘rganilgan, shunday bo‘lsa ham uni nodir elementlar rudasi, temir va boshqa foydali qazilmalarga boy, deb hisoblaydilar.

Somalining janubida, tez-tez musson yomg‘irlari bo‘lib turadigan sohilga yaqin joylarda, daryo qayirlarida qalin tropik o‘rmonlar saqlanib qolgan. Bu yerda maymun, karkidon ko‘p, daryolarida timsoh va begemotlar yashaydi. Suv havzalari atrofi hamisha sershovqin qushlar galasi bilan gavjum. Shimolroqda, savanna va chala cho‘l zonasida o‘txo‘r hayvonlardan kiyik, zebra, buyvol, jirafani uchratish mumkin. Bu yerda yirtqich hayvonlar – arslon, sirtlon, chiyabo‘ri ham ko‘p.

Yilning quruq mavsumida oftobda bir necha yuz kilometrga cho‘zilgan qizg‘ish-qo‘ng‘ir yerlar qovjirab yotganini ko‘rish mumkin. Bu yerlarda qurib qolgan siyrak o‘tlar, issiqdan barg­lari to‘kilgan tikanli butalar va onda-sonda uchraydigan daraxtlardan bo‘lak hech narsa bo‘lmaydi. Lekin yomg‘ir yog‘ishi bilan manzara butunlay o‘zgaradi: hamma joyda o‘tlar o‘sa boshlaydi, buta va daraxtlarda yosh barg­lar paydo bo‘ladi. Yomg‘ir mavsumida mahalliy aholi makkajo‘xori, tariq, paxta, dukkakli ekinlar ekadi. Somalida yetishtirilgan banan hamda qoramolning bir qismi chetga chiqariladi.

Somaliliklar o‘ziga xos qadimiy madaniyatga ega bo‘lgan xalqdir. Ular milo­d­ning dastlabki asrlaridayoq yunonlar, hindlar, arablar bilan qizg‘in savdo-sotiq qilganlar. 20-asr boshlarida mamlakat mustamlakachilar asoratiga tushib qoldi. Somali xalqi o‘z ozodligini qo‘liga qurol olib mardona himoya qila boshladi. 1960-yili Somali Demokratik Respublikasi tuzilib, Mogadisho shahri uning poytaxti bo‘ldi.


Orqaga qaytish