Mashxur shaxslar

5323 marta o'qildi
Mendeleyev dmitriy Ivanovich

Shunday narsalar borki, ularsiz inson hayo­tini tasavvur etish qiyin. Masalan, taqvim (ka­lendar), soat yoki ko‘paytirish jadvali. Kimyoda esa bunday «jadval» kimyoviy elementlar davriy sistemasidir. Buni 1869-yilda rus olimi D. I. Mendeleyev ishlab chiqqan.

Mendeleyev dmitriy Ivanovich

(1834–1907)

Shunday narsalar borki, ularsiz inson hayo­tini tasavvur etish qiyin. Masalan, taqvim (ka­lendar), soat yoki ko‘paytirish jadvali. Kimyoda esa bunday «jadval» kimyoviy elementlar davriy sistemasidir. Buni 1869-yilda rus olimi D. I. Mendeleyev ishlab chiqqan.

Dmitriy Ivanovich Tobolsk shahrida tug‘ildi. Uning bolaligi qiyinchilikda o‘tdi. Tobolsk shahridagi gimnaziya direktori oilasida o‘n yettinchi bola bo‘lgan Dmitriy ota-onadan erta yetim qoldi.

D.I.Mendeleyev Peterburgdagi pedagogika instituti fizika-matematika fakultetining tabiiyot fanlari bo‘limini oltin medal bilan tugatgach, avval o‘qituvchi bo‘lib ishladi. Ko‘pgina ko‘zga ko‘ringan kimyogarlar uning shogirdlari edi.

U «Kimyo asoslari» degan ajoyib darslik kitobini yozdi. Bu darslik haqiqiy kimyo ensiklopediyasidir. Mendeleyev darslikni yangi kashfiyotlar haqidagi ma’lumotlar bilan doimo to‘ldirib, mukammallashtirib bordi. «Kimyo asoslari» ustida ishlash jarayonida o‘zining mashhur kimyoviy elementlar davriy sistemasini tuzdi.

Mendeleyevgacha ham ko‘pgina olimlar kimyoviy elementlarni sistemaga solishga urinib ko‘rishgan. Lekin bu olimlar har qaysi elementni boshqa elementlar bilan hech qanday bog‘lanmagan deb, mutlaqo ajratgan holda olishdi. Mendeleyev esa o‘zidan ilgarigi tadqiqotchilarning aksicha, elementlar o‘rtasidagi o‘xshashlik va farqni belgilab beradigan qonuniyat mavjudligiga ishon­­g­an edi.

D. I. Mendeleyev o‘z davrida ma’lum bo‘lgan 63 kimyoviy element (agar bu elementlar atom og‘irligi ortib borishi tartibida, ya’ni eng yengil element–vodoroddan tortib to eng og‘ir element – urangacha ketma-ket joylashtirilsa) xossalarining davriy takrorlanishini kashf etdi. Bu qonuniyat o‘sha vaqtgacha hali kimyoviy elementlar dunyosidagi mavjud tartibsizliklarni qat’iy «tartib»ga solgan davriy sistemaning asosini tashkil etdi. D. I. Mendeleyevning kimyoviy elementlar davriy sistemasi bilan siz yuqori sinfda, kimyo darsida tani­shasiz.

D. I. Mendeleyev o‘zining davriy sistemasiga tayanib, hali ma’lum bo‘lmagan bir necha kimyoviy element mavjudligini oldindan aytib, ularning muhim xossalarini bayon ham etdi. Keyinchalik bu elementlarning hammasi kashf etildi. D. I. Mendeleyevning farazi kimyoda birin­chi chinakam ilmiy bashorat edi.

D. I. Mendeleyev inson faoliyatining juda ko‘p sohalari bilan qiziqqan.

U neft konlarini, neftning turli tarkiblarini o‘rgangan. U birinchi bo‘lib, neft faqat yoqilg‘i sifatidagina emas, balki ko‘pgina muhim moddalar manbai sifatida ham qimmatlidir, degan xulosaga keldi. U Yer atmosferasini tekshirgan va yolg‘iz o‘zi havo sharida uchib ko‘rgan.

D. I. Mendeleyev Arktikani o‘zlashtirish bilan qiziqqan va muzyorar kema loyihasini ishlab chiqqan. Lekin kema qurilishiga yetarlicha e’tibor berilmay loyiha, loyihaligicha qolib ketgan.

U ko‘p yillar O‘lchov va tarozi bosh palatasi direktori bo‘lib ishladi va aniq o‘lchovlar to‘g‘risidagi fanning rivojlanishiga yordam berdi.

D. I. Mendeleyev qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullangan, savdo ishlarini o‘rgangan, tutunsiz porox tarkibini ishlab chiqqan, havoda parvoz qilish bilan qiziqqan. Uning To‘la asarlar to‘plami yirik-
yirik 25 kitobni tashkil etadi. U ko‘pgina mamlakatlar akademiyasi va ilmiy jamiyatlarining faxriy a’zosi qilib saylangan.

 


Orqaga qaytish