Mashxur shaxslar

5014 marta o'qildi
Mikluxo-maklay nikolay Nikolayevich

Yigirma besh yashar olim Nikolay Nikolayevich Mikluxo-Maklay hali birorta ham oq tanli odam yashamagan Yangi Gvineya oroli sohilida edi. Orol aholisi – papuaslar haqida noxush gaplar tarqalgan bo‘lib, hatto ko‘pni ko‘rgan dengizchilar ham ana shu «iblislar mas­ka­ni» ga qadam qo‘yishni istashmasdi. Mikluxo-Maklayni esa aynan shu papuaslar hammadan ko‘proq qiziqtirardi.

Mikluxo-maklay nikolay Nikolayevich

(1846–1888)

«O‘ylash va tevarak-atrofni idrok etishga intilish – bundan buyongi maqsadimdir. Bir tomonda marjon qoyali dengiz, ikkinchi tomonda tropik o‘simliklar o‘rmoni – har ikkisi ham hayotbaxsh va rang-barang. Men mo‘ljallangan joyimga yetib kelganimdan mamnun edim». Yigirma besh yashar olim Nikolay Nikolayevich Mikluxo-Maklay hali birorta ham oq tanli odam yashamagan Yangi Gvineya oroli sohilidagi o‘zining bo‘lajak ishlari haqida ana shunday fikrda edi. Orol aholisi – papuaslar haqida noxush gaplar tarqalgan bo‘lib, hatto ko‘pni ko‘rgan dengizchilar ham ana shu «iblislar mas­ka­ni» ga qadam qo‘yishni istashmasdi. Mikluxo-Maklayni esa aynan shu papuaslar hammadan ko‘proq qiziqtirardi.

19-asrning ikkinchi yarmida olimlar o‘rtasida odamning kelib chiqishi va rivojla­ni­shi xususida qizg‘in munozara bordi. Ba’zilar oq tanlilar – oliy irq, qora tanlilar – past irq: ular ham jismonan, ham ma’naviy jihatdan kam taraqqiy etgan, deb isbotlashga urinishgan. Biroq Mikluxo-Maklay barcha irqlarga mansub kishilarning kelib chiqishi bir xil ekanini, ulardagi xususiyatlar yashash sharoitiga va tarbiyaga bog‘liqligini, faqat ular ijtimoiy hayo­tning dastlabki bosqichlarida qolib ketganli­gini ta’kidlaydi.

O‘z fikrini ishonchli isbotlash uchun dalillar keltirish kerak. Dalillar yig‘ish uchun esa o‘zi, o‘z ko‘zi bilan papuaslarning hayoti, turmushi, urf-odatlarini kuzatishi, bu odamlarni turli tadqiqotlar yordamida o‘rganishi lozim edi. Shu maqsadda Maklay Astrolyabiya ko‘rfazi sohiliga, ibtidoiy papuas qabilalari orasiga bir o‘zi yo‘l oldi. Ishonchni qozonish uchun o‘zing ham ishonishing kerak, deya fikr yuritardi Maklay. Shunday ishonch bilan kulbasi yaqinidagi papuaslar qishlog‘i tomon yo‘l oldi. Maklayga bu kulbani uni Yangi Gvineyaga olib kelgan «Vityaz» harbiy kemasi matroslari sohil bo‘­yi­da qurib berishgan edi. Olim yo‘lga chiqar ekan, qurol olmaslikka qaror qildi. U cho‘n­ta­gi­ga faqat yon daftarchasi va qalamini solib qo‘ydi.

Mikluxo-Maklayning papuaslar huzuriga kelishi kutilmagan hodisa bo‘ldi. Papuaslar dastlab Maklayga shubha bilan qarab, uning har bir xatti-harakatini ziyraklik bilan kuzatib bordilar. Keyinroq oq tanli mehmondan yomonlik kelmasligiga ishonch hosil qilgach, u bilan do‘stlashib ketdilar. Keyin esa hatto yaxshi ko‘rib ham qolishdi. Ular Maklayni o‘zgacha bir odam, ilohiy, Oydan tushgan bo‘lsa kerak, deb o‘ylashdi. Maklay ular­ga vatani shimoldagi mamlakatda ekanini tushuntirishga urindi. Demak, papu­aslarning fikricha, Maklayning vatani Oyda joylashgan. Maklay bir necha marta Yangi Gvineyadan ketib, keyin yana qaytib kelardi va har safar papuasdlar uni samimiy va xursandlik bilan kutib olishardi. Olim papu­aslarning tilini ham o‘rganib oldi. Orolning tabiati bilan qiziqdi.

Maklay Yangi Gvineyada ham, Tinch okeandagi Melaneziya orollarida ham ko‘p yillar ish olib bordi. U yaxshigina rassom ham edi. Hali fotoapparatda rasmga olish hozirgidek ommalashmagan bir paytda qo‘lda rasm chiza olish ayniqsa sayyohatchilarga asqotar edi. Sayyoh olimning papuaslar hayotidan chizgan rasmlari saqlangan. U bir necha marta tropik isitma kasalligi bilan og‘ridi va erta – 42 yoshida olamdan o‘tdi.

Olimning xotirasi uning nomi bilan ataluvchi Maklay sohilida abadiy. Uning kulbalari turgan yerlar o‘rab qo‘yilgan, u ekkan palmalar hamon ko‘karib turibdi.

 


Orqaga qaytish