Mashxur shaxslar

5718 marta o'qildi
Nyuton Isaak

Buyuk ing­liz fizigi va matematigi, klassik mexanika asoschisi Isaak Nyuton Grantem (Angliya) shahri yaqinidagi Vulstorn qishlog‘ida fermer oilasida tug‘ildi. 12 yoshida Grantem maktabida o‘qiy boshladi, 1661-yilda Kembrij universiteti kollej­laridan biriga kirib, uni tugalla­ganidan so‘ng bakalavr ilmiy darajasini oldi.

Nyuton Isaak

(1643–1727)

 

Butun olam tortishish qonunini maktab­da o‘qigansiz. Ana shu qonunning kashf etilishiga tasodifan daraxtdan uzilgan olma sabab bo‘lganligi ham sizga ma’lum. Nima sababdan olma hech qayoqqa og‘masdan to‘ppa-to‘g‘ri yerga tushadi, deb o‘yladi olimlardan biri. U yoshlik yillaridayoq bu masala ustida o‘ylay boshla­gan, lekin uning javobini yigirma yildan keyingina e’lon qilgan. Bu olim buyuk ing­liz fizigi va matematigi, klassik mexanika asoschisi Isaak Nyuton edi. U Grantem (Angliya) shahri yaqinidagi Vulstorn qishlog‘ida fermer oilasida tug‘ildi. 12 yoshida Grantem maktabida o‘qiy boshladi, 1661-yilda Kembrij universiteti kollej­laridan biriga kirib, uni tugalla­ganidan so‘ng bakalavr ilmiy darajasini oldi.


1668-yilda Nyutonga magistr unvoni be­rildi, 1672-yilda u London Qirollik jamiyati a’zosi etib saylandi, 1703-yilda esa uning prezidenti bo‘ldi.

Isaak bolalik chog‘laridanoq varrak, mexanik o‘yinchoqlar yasashni xush ko‘rardi. Keyinchalik u ko‘zgu, prizma va linzalarni sayqallovchi mohir usta bo‘lib yetishdi. Ko‘zgularni sayqallash san’ati Nyutonga, ayniqsa, yulduzli osmonni kuzatishga mo‘ljallangan ko‘zguli teleskopni yasashda asqotdi. Teleskopning har bir qismini ishlash juda katta mehnat va sabr-toqat talab qilardi. Matonati tufayligina u ajoyib teleskop yasashga muvaffaq bo‘ldi.

Nyuton turli-tuman optik asboblar kol­lek­siyasini to‘pladi va ular yordamida o‘z laboratoriyasida turli tajribalar o‘tkazdi. Bu tajribalar natijasida Nyuton olimlar o‘rtasida birinchi bo‘lib spektrda turli ranglarning hosil bo‘lishi sabablarini ang­ladi va tabiatdagi ranglarning turli-tumanligini to‘g‘ri tushuntirib berdi. Fizika va matematika fanlari hamma vaqt bir-biriga yordam berib keldi. Fiziklar matematikasiz hech narsa qila olmasligini juda yaxshi tushungan Nyuton yangi matematik metodlarni yaratdi. Ana shu metodlar asosida hozirgi zamon matematika fani vujudga keldi. Nyuton kimyo va metallar­ning xossalarini o‘rganish bilan ham shug‘ullandi. Buyuk olim juda kamtarin inson bo‘lgan. U hamisha ish bilan band va unga shu qadar berilgan ediki, hatto ba’zan ovqatlanishni ham unutib qo‘yardi. U bir kunda atigi 4 yoki 5 soat uxlardi.

 

I. Nyuton mexanika asoschisi hisoblanadi. Nyuton to‘kilayotgan olma, tashlangan tosh, Oy va sayyoralarning harakati barcha jismlar o‘rtasidagi o‘zaro tortishish qonuniga bo‘ysunishini aniqladi. Bu qonun hozirgacha hamma astronomik hisoblar uchun asos bo‘lib kelmoqda.

Uning yordamida olimlar Quyosh qachon tutilishini oldindan aytib beradilar va kos­mik kemalarning harakat yo‘nalishini hisob­lab chiqaradilar. Jahon fiziklari, astronomlari va muhandislari 250 yil davomida o‘z ishlarida Nyuton qonunlariga ta­yanganlar. Faqat 20-asr boshlaridagina yana bir buyuk fizik – Albert Eynshteyn harakatning yangi qonunlarini kashf etdi. Lekin Eynshteyn nazariyasi Nyuton mexa­nikasiga zid bo‘lmay, balki uni to‘ldiradi va unga aniqlik kiritadi. Bolalarning o‘yinchoqlarini yasashdan tortib, ulkan ko­smik kemalar konstruksiyasini ishlab chiqishga qadar bo‘lgan barcha sohalarda Nyuton mexanikasi hamisha o‘z ahamiyatini saqlab qoladi. Nyutonning kashfiyotlari tasodifiy emas edi. U o‘z xulosalari ustida uzoq o‘ylar hamda bu xulosalarning to‘g‘riligi va aniqligiga qat’iy ishonch hosil qilgandan keyingina e’lon qilar edi. Nyuton qarashlarining ilmiy universalligi fizikaning kelgusi taraqqiyotiga juda katta ta’sir ko‘rsatdi.

 

 Bolalar ensiklopediyasidan.


Orqaga qaytish