Mashxur shaxslar

338 marta o'qildi
Shekspir Vilyam

Shekspirning bolaligi va o‘smirligi haqida ko‘p narsa ma’lum emas. Uning hayoti tarixi haqida odatda shunday hikoya qilinadi: bola uzoq o‘qiy olmaydi. Uning otasi qashshoq­lashib qoladi. Vilyam voyaga yetganida o‘z shahridan qochib ketishga majbur bo‘ladi. Shekspirning hayoti yoshligidan boshlab oson kechmagan. Nihoyat, u Londonga bo­rib (ehtimol tasodifan), teatrga ishga kirgan.

Shekspir Vilyam

(1564 – 1616)

 

Angliyaning Eyvon daryosi bo‘yida joylashgan kichkinagina Stratferd shaharchasi barcha xaritalardan ham topilavermaydi. Bu nomni xaritadan izlab topib, eslab qolsangiz, yaxshi. Negaki bu mitti shaharda to‘rt yarim asr muqaddam buyuk ingliz shoiri va dramaturgi Vilyam Shekspir dunyoga kelgan.

Shekspirning bolaligi va o‘smirligi haqida ko‘p narsa ma’lum emas. Uning hayoti tarixi haqida odatda shunday hikoya qilinadi: bola uzoq o‘qiy olmaydi. Uning otasi qashshoq­lashib qoladi. Vilyam voyaga yetganida o‘z shahridan qochib ketishga majbur bo‘ladi. Shekspirning hayoti yoshligidan boshlab oson kechmagan. Nihoyat, u Londonga bo­rib (ehtimol tasodifan), teatrga ishga kirgan.

Teatrda Shekspir kichik rollarni ijro etdi. U mashhur aktyor bo‘la olmadi, ammo sahna hayotini yaxshi o‘rgandi. Bu narsa u teatr uchun pyesalar yoza boshlaganida juda katta yordam berdi. To‘g‘ri, Shekspir o‘zidagi dramaturglik iste’dodini namoyon eta bosh­laganidan tortib, uning hayoti sirtdan qaraganda bir xil kecha bordi. Aftidan, u deyarli hech qayerga bormagan va o‘zining hamma vaqtini yozuv stoli yonida yoki sahnada – o‘z pyesalarining qo‘yilishiga yordam bergan holda o‘tkazgan. Lekin uning tragediya va komedi­yalari qahramonlari sayohatda bo‘ladilar, jang qiladilar, kurashadilar.

Shekspir yashagan davr og‘ir, notinch, jo‘shqin davr edi. Angliya urush olib borar, yangi mustamlakalarni zabt etardi. VOQEA qaysi davr yoki qaysi mamlakatda ro‘y beri­shidan qat’i nazar – mana shu jo‘shqin davr mashhur dramaturgning har bir asarida o‘z aksini topdi.

Shekspir ko‘p pyesalar yaratdi. Ulardan biri – Sharqdagi mashhur ishqiy dostonlar – «Layli va Majnun», «Tohir va Zuhra»larga o‘xshash bo‘lgan «Romeo va Julyetta» – oila­lar o‘rtasidagi shafqatsiz dushmanlik yosh sevishganlarni halok etishi haqidagi go‘zal va mungli afsonadir. «Hamlet» tragediyasi aldov va adolatsizlikka qarshi kurashib, bu tengsiz kurashda halok bo‘lgan yigit tarixi. 1612-yilda Shekspir so‘nggi dramasi «Bo‘ron»ni yozgach, poytaxtdan ketadi va o‘limiga qadar ona shahri Stratfordda yashaydi. Nafaqat London, balki yozuvchilikni ham tark etib, yer-maydon olib sotish bilan shug‘ullandi.

Shekspir tragediyalarini yuqori bosqichga ko‘targan omillar – asarlar mavzuining boyligi, g‘oyaviy yo‘nalishining aniqligi, hayotning tabiiy ifodalanishidir. Shu boisdan uning dramatik ijodi dunyo teatrlari repertuarlaridan mustahkam o‘rin egalladi. Shekspirning «Hamlet», «Otello», «Romeo va Julyetta», «Yuliy Sezar», «Qirol Lir», «Koriolan» kabi tragediyalari, «Veronalik ikki yigit» komediyasi Hamza nomidagi akademik drama teatri (hozirgi O‘zbek milliy akademik drama teatri)da katta maho­rat bilan namoyish etilgan. Ayniqsa, ulug‘ aktyorimiz Abror Hidoyatov ijro etgan Otello roli ancha muvaffaqiyat qozongan.

Kishilar Shekspir asarlarini o‘qiydilar va sahnada tomosha qiladilar, undagi insonlar taqdiri va xarakteri haqida bahslashadilar. Ba’zan ular, buning siri nimada, deb o‘ylab qoladilar ham. Nima uchun Shekspirning pyesalari unutilmaydi, o‘lmaydi, nima uchun tomoshabinlar hali ham ularni ko‘rishni istaydilar, aktyorlar esa, bu pyesalarda rol ijro etishni orzu qiladilar? Shekspir kim to‘g‘rida yozmasin: Daniya shahzodasimi yoki Misr malikasimi, Venetsiya sarkardasimi, u hamma vaqt barcha davrlarda kishini hayajonga soladigan yuksak insoniy hissiyotlar haqida hikoya qiladi.

Shekspir pyesalardan tashqari she’rlar – sonetlar ham yaratgan. Uning besh jildli «Tanlangan asarlari» o‘zbek tilida chop etilgan. Albatta, Shekspir asarlarini o‘qish qiyin, lekin juda qiziqarli. Siz biroz katta bo‘lganingizda, uning she’r va pyesalarini o‘qib, teatrda uning asarlari asosidagi spektakllarni tomosha qilar ekansiz, shubhasiz, Shekspir jahondagi mashhur yozuvchilardan biri ekaniga ishonch hosil qilasiz.

 

 Bolalar ensiklopediyasidan.


Orqaga qaytish