Mashxur shaxslar

4948 marta o'qildi
Pyotr Birinchi

Zaandam aholisi ana shu yosh duradgor Pyotr Mixaylov aslida chet el sayohatiga chiqqan rus podshosi Pyotr 1 ekanligi haqida taajjub bilan xabar topdi. Yosh podsho chet el safariga shunchaki ko‘ngil ochish uchun bormadi...

Pyotr Birinchi

(1672 – 1725)

 

Gollandiyaning Zaandam shaharchasidagi dengiz kemalari qurilayotgan korxonada kunlarning birida yangi duradgor paydo bo‘lib qoldi. Boshqalar qatori u ham taxtalarni randalar, mix qoqar, og‘ir g‘o‘lalarni tashir edi. Qattiqqo‘l usta: «Ey, duradgor Piter, bu yoqqa kel!» deb chaqirsa, u darhol yugurib kelib uning buyruqlariga quloq solardi. Ishdan keyin u iloji boricha ko‘proq qiziqarli narsalarni ko‘rish ishtiyoqida uzoq vaqt shahar aylanib yurardi. Keyinchalik Zaandam aholisi ana shu yosh duradgor Pyotr Mixaylov – aslida chet el sayohatiga chiqqan rus podshosi Pyotr 1 ekanligi haqida taajjub bilan xabar topdi. Yosh podsho chet el safariga shunchaki ko‘ngil ochish uchun bormadi. U o‘zining shaxsiy muhriga «Men shogirdman va ustozlarga muhtojman» deb o‘yib yozdirgandi. Haqiqatan ham ko‘p narsani o‘rganish lozim edi.

Bundan uch yuz yildan ortiq vaqt muqaddam, shahzoda Pyotr dunyoga kelganida, Rossiyada ma’lumotli kishilar yetishmasdi. Lotin va grek tillarining kuchli bilimdonlari, gapga usta notiqlar, jasur jangchilar ko‘p, biroq injener va olimlar qariyb yo‘q edi. Ko‘pchiligi o‘z ismini arang yozadigan johil boyarlar mamlakatni eskichasiga boshqarardilar: ishlarni sekin hal qilishar, yangilikdan qo‘rqishardi. Armiya yomon qurollangan va yomon o‘rgatilgan, harbiy flot esa umuman yo‘q edi. Rossiyani qoloqlikdan olib chiqish, fabrika va zavodlar qu­rish, yangi qonunlar qabul qilish, davlatni boshqarish ishiga ishchan va ma’lumotli kishilarni jalb qilish, bundan bir necha o‘n yillar ilgari shved qirollari bosib olgan Bol­tiq dengizi bo‘yidagi qadimgi rus yerlarini Rossiyaga qaytarish kerak edi. Buning uchun yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan armiya va flot, avvalo, o‘qimishli kishilar zarur edi.

Podsho Pyotr o‘zi o‘qidi va o‘z fuqarolarini ham o‘qishga majbur etdi. Ko‘pchilik yosh boyar va dvoryanlar eski odatlarini tark etib, maktab partasiga o‘tirishni xohlamasdilar. Biroq podsho qarori qat’iy edi. Rus kishilari ilm olish uchun birin-ketin chet ellarga jo‘nab ketdilar. Qaytib kelganlaridan keyin ularni ko‘pincha podshoning o‘zi imtihon qilardi. Kimki vatanidan olisda o‘qish o‘rniga ishyoqmaslik qilib ziyofatlarda yurgan bo‘lsa, uning holiga voy edi.

Pyotr 1 hukmronligi davrida xalq nochor yashardi. Yangi shaharlar qurish uchun haydab kelingan minglab dehqonlar ochlikdan, kasallikdan, nazoratchilarning qamchisidan halok bo‘lardi. O‘n minglab dehqonlar umrbod armiyaga olingan bo‘lib, arzimas gunohlari uchun ularni tayoq bilan shafqatsiz savalardilar. Urush va qayta qu­rish ishlariga kerak bo‘lgan pullar ham od­diy xalqdan undirilardi. Boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas, chunki Pyotr 1 avvalo dvoryan-pomeshchiklar podshosi edi.

Shunga qaramay, Pyotr 1 davrida Rossiya olg‘a tomon katta siljish qildi. O‘sha davrning sanoat korxonalari hisoblangan ko‘plab manufakturalar qurildi. Maktab­lar, bilim yurtlari, Fanlar akademiyasi vujudga keldi. Dastlabki gazetalar, birinchi doimiy teatr paydo bo‘ldi. Qudratli harbiy flot tuzildi. Armiyani ma’lumotli general va ofitserlar boshqara boshladi. Shvetsiya bilan bo‘lgan urush g‘alaba bilan tugallandi: Rossiya Boltiq dengizi bo‘ylarini o‘ziga qaytarib oldi. Endi Rossiyaning dengizga chiqish imkoniyati tug‘ildi va u boshqa davlatlar bilan erkin savdo qila oladigan bo‘ldi. Qaytarib olingan yerda yangi poytaxt – Peterburg barpo etildi.

 

 


Orqaga qaytish