Mashxur shaxslar

4992 marta o'qildi
Pifagor

Pifagor kashfiyotlari ichida eng muhimla­ridan biri uning teoremasi – maktabda o‘qitiladigan  Pifagor teoremasidir. Bu teorema to‘g‘ri burchakli uchburchak tomonlari haqidagi teorema bo‘lib, unga ko‘ra, ...

(miloddan avvalgi taxminan 570 – 500-yillar)

 Bu yunon olimining hayoti haqida uning Samos orolida tug‘ilganligi va 2500 yilcha avval Kroton (Italiyadagi qadimgi yunon koloniyasi)ga kelib yashab qolganligi ma’lum, xolos. Bu yerda u falsafiy maktab, siyosiy partiya hamda diniy birodarlikni mujassamlashtirgan ittifoq (pifagorchilar ittifoqi) tuzgan va o‘z shogirdlari – pifagorchilar bilan birgalikda ilm-fan bilan shug‘ullangan. Son barcha narsaning mohiyati, olam esa sonlar va ular orasidagi munosabatlarning uyg‘unlashuvi degan g‘oyalar Pifagor falsafasida ilgari surilgan. Shogirdlari fanda nimani kashf etgan bo‘lsalar, ularning hammasini ustozimizning kashfiyoti, deb hisoblashgan. Shu sababli ko‘pgina muhim ilmiy kashfiyotlar Pifagor nomi bilan bog‘lanadi. Geometriyada mashhur Pifagor teoremasi, shuningdek to‘g‘ri ko‘p burchaklar va ko‘pyoqlilarning tuzilishi; geografiya va astronomiyada – Yer shar shaklida ekanligi va unga o‘xshash boshqa dunyolar ham mavjudligi; musiqada tor yoki nay bilan u chiqarayotgan ovozning uzun-qisqaligi o‘rtasida uzviy bog‘liqlik borligi haqidagi kashfiyotlar shular jumlasidandir. Muhimi, bularning barchasi ikki yarim ming yil muqaddam qilingan kashfiyotlardir.

Pifagor kashfiyotlari ichida eng muhimla­ridan biri uning teoremasi – maktabda o‘qitiladigan Pifagor teoremasidir. Bu teorema to‘g‘ri burchakli uchburchak tomonlari haqidagi teorema bo‘lib, unga ko‘ra, agar to‘g‘ri burchakli uchburchak tomonlari bir xil masshtabda o‘lchangan bo‘lsa, uchburchak katetlari uzunliklari kvadratlari yig‘indisi gipo­tenuza uzunligi kvadratiga teng:

a2 + b2 = c2

Bunda a2 va b2 – katetlar, c2 – gipotenuza.

Bu teorema qadimgi Misr va Bobilda ma’lum bo‘lgan, lekin birinchi isboti Pifagorga tegishli deb hisoblanadi. Hozir teorema­ning o‘ndan ortiq isboti ma’lum.

 Pifagor vafotidan so‘ng u haqda ko‘plab afsonalar to‘qilganiga ajablanmasa ham bo‘ladi. Masalan, yigitlik chog‘ida Misrga borgan, bu yerda uzoq vaqt istiqomat qilib, misr­lik kohinlar qo‘lida tahsil ko‘rgan; so‘ngra Hindiston tomonga, Gang daryosi bo‘ylarida sayo­hatga jo‘nab, u yerda din ahli bilan suhbat qurgan, deb ishontirmoqchi bo‘lishgan. Shu­ningdek, u o‘zining mashhur teoremasini isbotlaganida, ilhom parilariga minnatdorchilik sifatida yuzta buqa so‘ydirgan, deb hikoya qi­lishadi. Bular, albatta, afsona. Pifagor va shogirdlarining kashfiyotlari esa haqiqatan ham bo‘lgan, ular yashayapti va abadiy yashayveradi.

  Bolalar ensiklopediyasidan.

 


Orqaga qaytish