Mashxur shaxslar

4974 marta o'qildi
Spitamen (?-miloddan avvalgi 328)

 Vatan ozodligi yo'lida Aleksandr Makedonskiy boshchiligidagi bosqinchi yunon-makedon qo'shiniga qarshi Turon zaminda ko'tarilgan xalq ozodlik kurashi rahbari bo'lgan Spitamen aslzoda xonadonda tavallud topgan.

Uning onasi - sug'd, otasi sak qabilasi rahbarlaridan edi. Spitamen yoshligida abjir, chaqqon, jasur yigit bo'lib o'sgan. Otda chopish, kamon otish, qilichbozlikda unga hech kim tenglasha olmagan. Spitamen dastlab axomaniylar davlati podshosi Doro III ning, so'ngra uning o'limidan so'ng Baqtriya satrapi (hokimi) Bessning lashkarboshilaridan, yaqin safdoshlaridan bo'lgan. Bess o'limidan so'ng yunon-makedon istilochilariga qarshi uch yil mardonavor kurashgan.

Miloddan avvalgi 329-yil istilochilar Vatanimiz sarhadlariga bostirib kirib, uning katta qismini bosib oladilar. Aleksandr asosiy qo`sninlari bilan Sirdaryo bo'ylaridagi saklarga qarshi kurashayotganidan foydalangan Spitamen qo'zg'olon ko'tarib Marokanda (Samarqand) dagi yunon-makedon garnizonini qirib tashlab shaharni egallaydi. Aleksandrning qo'zg'olonchilarga qarshi yuborgan qo'shini (3 ming piyoda va 800 otliq askar)dan xabar topgan Spitamen shaharni tark etgan. Uning harbiy-strategik mahorati tufayli dushman Politimet (Zarafshon) daryosi bo'yida yakson qilingan, istilochilarning qolgan-qutgan jangchilari Marokandaga yashiringan. Spitamen yana Marokandani qamal qilgan. Aleksandr bu gal unga qarshi yirik qo'shin jo'natgan. Spitamen dushman o'tadigan yo'lga pistirma qo'yib, unga to'satdan hujum qilgan. U mazkur jangda o'zgacha harbiy usul qo'llagan. Har bir otga 2 tadan jangchi mindirilgan. Ular dushmanga 2 tomondan zarba berar, bin nayza, qilich yoki kamon bilan hamla qilsa, ikkinchisi tosh bilan urib, yovning boshini majaqlar edi. Bu jangda dushman katta talafot ko'rgan. Shundan keyin Spitamenga qarshi Aleksandr asosiy kuchlari bilan otlangan, Spitamen cho'l ichkarisiga chekingan. Aleksandr uni ta'qib etmay, alamini Zarafshon vohasining tinch aholisidan olgan (120 ming kishi qirib tashlangan). Miloddan avvalgi 328-yil bahorida Spitamen raqibining orqa tomonidan aylanib o'tib, 600 otliq bilan Baqtriyada yunonlarga qaqshatgich zarbalar berib turgan, biroq dushmanning Ken boshchiligidagi qo'shini uni dashtga chekinishga majbur qilgan. Miloddan avvalgi 328-yilning kuzida Spitamen Zarafshon vohasidagi qal'alarni egallab, 3 ming otliq bilan Sug'diyona poytaxti tomon yurgan. Hal qiluvchi jangda qo'zg'olonchilar yengiladilar. Sug'diy va baqtriyalik zodagonlarning bir qismi Spitamenga xiyonat qilib dushman tomonga o'tib ketganlar. Spitamen xoinona o'ldirilgan. Spitamenning qizi Apana Aleksandrning lashkarboshisi Salavkka berilgan, bu nikohdan salavkiylarning mashhur hukmdori Antiox tug'ilgan. Spitamenning nomi asrlar osha yashab mardlik va jasorat timsoli sifatida avlodlarga ruhiy madad berib kelgan.

Spitamen haqida ko'plab badiiy (V. Yanning "Qo'rg'on uzra olovlar", Ya. Ilyosovning "Sug'diyona", M. Qoriyevning "Sug'd qoploni" romanlari), tasviriy asarlar yaratilgan.

 


Orqaga qaytish