Hikoyalar

5652 marta o'qildi
QIRQ QIZ

Bir bor ekan, bir yo'q ekan, qadim-qadim zamonda Nasaf  degan tomonda nihoyatda oqil va adolatli podshoh bo'lgan ekan. Podshohning  yakkayu  yagona, sohibjamol qizi bor ekan. Afsuski, malika erka, tantiq ekan.

QIRQ QIZ

Bir bor ekan, bir yo'q ekan, qadim-qadim zamonda Nasaf  degan tomonda nihoyatda oqil va adolatli podshoh bo'lgan ekan. Podshohning  yakkayu  yagona, sohibjamol qizi bor ekan. Afsuski, malika erka, tantiq ekan.

Qizini yeru ko'kka ishonmagan podshoh unga qirqta qizni kanizak qilib bergan ekan. Bu kanizaklar juda aqlli, dono ekanlar. Nozikta'b  bu qizlar nafis palaklar tikishar, baxru bayt musobaqalari o'tkazishar, she'r  yozishar ekan. Ular malikani o'zlariga sirdosh, do'st, qadrdon deb bilishar, unga o'z opalariday mehr qo'yishgan ekan. Malika qirq qizi bilan tez-tez qir-adirlarga chiqib, o'yin-kulgi qilib turarkan.

Ayni bahor chog'ida malikaning ko'ngli sayru-sayohatni tilab qolibdi. U otasi huzuriga kirib, gul sayriga chiqish uchun ruxsat so'rabdi. Ammo podshoh yurtga Ahramon dev oralaganini, shundan ko'ngli g'ashligini aytibdi. Erkatoy malika esa o'jarlik bilan oyoq tirab turib olibdi. Noiloj qolgan podshoh unga ruxsat beribdi.

Malika sayrga ketaversin, endi gapni devdan eshiting. Bosqinchi dev juda yovuz va bahaybat ekan. Uning qadami zarbidan yer larzaga kelarkan. Devning sehrli oynasi bo'lib, shu orqali yer yuzidagi jamiki go'zal qizlarni topib, tomosha qilar, o'ziga yoqqanini tanlab, Qo'hiqofga — o'z yurtiga olib qocharkan. Ahramon dev bir kuni oynasini Nasaf  podsnosi saltanatiga qaratibdi. Ko'zguda aks etgan malikaning husni jamolini ko'rib, oshiqu beqaror bo'lib qolibdi va o'sha ondayoq ko'kka parvoz qilibdi. Bir zumda Nasaf  sarhadiga yetib kelibdi. Tog'  yon bag'ridagi xarsang tosh ustiga o'tirib, malikani olib qochish uchun qulay fursatni kutibdi. Baxtiga qirq qiz sayrga to'plangan joy o'sha  erga yaqin ekan.

Malika  gilamdek lolaqizg'aldoqlar oralab chopib yurar, qirq qiz esa doshqozondagi sumalakni kavlash, bahru bayt aytishga shunchalik berilib ketishgan ekanki, butun olamni, hatto arzanda malikalarini ham unutib qo'yishibdi. Bir payt Ahramon dev ko'zguga qarasa, sevgilisi malika tanho o'zi  o'tloq  oralab yurgan emish.  Xuddi shuni kutib turgan  dev fursatni boy  bermay, qushday uchib, malika qarshisida paydo bo'libdi, xunuk xaxolagancha qizga yaqinlashibdi. Qo'rqib ketgan malika dag'-dag' titrab, kanizaklarini yordamga chaqiribdi. Darhol yetib kelgan qizlar, malikalari atrofida halqa  bo'lib, uni dev ko'zidan yashirmoqchi bo'lishibdi. So'ng devga shunday deyishibdi: «Ey tog'lar hukmdori, qudratli Ahramon dev, malikamizni tinch qo'y.  Bizga, adolatli shohimizga rahming kelsin. Axir u yakka-yu yagona qiz bo'lsa! Shohimiz  bu judolikni ko'tara olmay,  yotib qolishi mumkin.  Agar shahanshoh dardga chalinsa,  yurtimiz xonavayron bo'ladi-ku! Podshosiz  yurt — bog'bonsiz  boqqa  o'xshaydi. Xalq qashshoqlashadi. Shunday ekan, malikaning o'rniga bizni olib keta qol».

Dev qizlarning sadoqati qarshisida lol qolibdi. «Sen nima deysan?» deb malikaga yuzlanibdi. Malika esa takabburlik  bilan, menga nima olib ketsang ketaver, otam boshqa kanizak topib beraveradi, jonim omon qolsa bo'ldi, — debdi. Bunday  javobni eshitgan qizlar qattiq izrirobga tushishibdi. Necha yillik qadrdonlari,  opalariday  yaqin malikalarining bu qadar  nopisandligidan  zor-zor yig'lashibdi.  Na do'stlikni,  na qarindoshlikni,  na oqibatni bil magan shu qizni deb devga  qul  bo'lguncha bizni yer yuta qolsin, deb nola qilishibdi.

 

Yorilgan yer yorilgin-a,

 O'z bag'ringdan joy bcrgin-a.

Bevafo do'st-dugonadan

Yuzimizni yashirgin-a.

Shu payt xudoning qudrati bilan yer ikkiga bo'linib, qirq qizni o'z  qa'riga olib kirib ketibdi. Shundagina malika juda katta xato qilganini anglabdi. Qilgan ishidan pushaymon bo'lib, bir oh tortibdi-yu hushidan ketibdi. Xuddi shuni kutib turgan dev esa qizni yelkasiga olib, ko'kka parvoz qilibdi. Muzday shabadadan o'ziga kelgan malika ichi kuyib, yosh o'rniga qon to'kibdi. Makoniga kelgach dev uni tilla kursiga o'tqazibdi. «Sen endi mana shu tilla qasrning malikasisan, oyog'ing ostiga butun dunyo boyliklarini to'kaman, debdi. Ammo endi malikaga baribir ekan, u bu narsalarga qiyo ham boqmabdi.  Uning ko'ngli faqat qirqta dugonasini qo'msar, ular bilan o'tkazgan damlarni eslab, dardu dunyosi zimiston ekan. Malika na kular, na ovqatga qarar, na devning gaplariga quloq solar ekan. Dev malikaning ko'nglini olish niyatida qirqta parini cho'ri qilib beribdi. Tovushlari chashmaday tiniq, xiromlari tovusdek nozik,  so'zlari boldek shirin pari qizlarning iltifotlari ham malika ko'nglini yozolmabdi. Chunki har tun dugonalari tushiga kirar, uni qoshlariga chorlashar ekan.

Malika devdan o'zini ozod qilishini so'rarkan. Dev esa rozi bo'lmabdi. Bir kuni malika yana devdan uyiga ketishga ruxsat so'raganida dev unga shunday shart qo'yibdi. «Sen menga o'zingday go'zal farzand tug'ib bersang, seni ozod qilaman». Malika noiloj rozi bo'libdi. Yillar ketidan yillar, oylar ketidan oylar o'tibdi. Malika qiz ko'ribdi,  qizi ham juda chiroyli ekan. Qizchani ko'rib dev xursand bo'libdi va malika endi dugonalarini unutadi,  deb o'ylabdi.  Afsuski,  unday bo'lmabdi. Malika ezilib, kundan-kun rangi ketib, guldek so'la boshlabdi va oxir-oqibat og'ir dardga chalinib yotib qolibdi. Malikaning jajji qizi juda sho'x-xushchaqchaq qiz ekan. Bahor kunlaridan birida qizcha otasidan onasi bilan lola sayliga chiqmoqchiligini aytibdi. Ularni yolg'iz yuborgisi kelmagan dev ham ularga hamroh bo'libdi.

Ular yo'lda,  ketaverishsin, endi gapni yer qa'riga olgan qirq qizdan eshiting.

Qizlar yer ostiga tushib,  bunday qarashsa,  ro'paralarida  ulkan qasr turganmish.

Yer osti podshosi saltanatiga  xush  kelibsizlar,  go'zal  qizlar, debdi  darvozasida turgan soqchilar.

Shu choq qirq qiz yonida ovdan qaytayotgan qirq otliq paydo bo'libdi. Ma'lum bo'lishicha  ular yer osti mamlakati shohining o'g'illari ekan. Qizlarga ko'zi tushgan shahzodalar ularga oshiq bo'lib qolishibdi. Har biri o'z otiga bittadan qizni o'tkazib, saroyga olib kelishibdi

Qizlarning chevarligi, chaqqonligi, zukkoligini sinovdan o'tkazgan shoh, ularni qirq kechayu, qirq kunduz to'y qilib, o'g'illariga nikohlab beribdi.

Qizlar shod xurram yashashar ekanu ammo tez-tez malikani eslab, ko'zyosh qilib olishar ekan. Oradan bir yil o'tib qizlar ona bo'lishibdi. Shahzodalar o'z qizlarini jon-dildan sevishar, og'zilaridan chiqqanini muhayyo qilishar ekan.

Malikaning dugonalari farzandlarining tillari chiqib, yo'lga yurgach uyqu oldidan ularga yer yuzidagi hayot, bolaliklari, ota-onalari, dugonalari haqida ertaklar aytadigan bo'lishibdi. Qizaloqlar bu ertaklarga juda qiziqib qolishibdi va yer yuzini ko'rishni orzu qila boshlashibdi. Navro'z  kunlarining birida o'z otalaridan yer yuziga chiqishga ruxsat so'rashibdi. Shahzodalar otalari bilan maslahatlashib rozi bo'lishibdi. «Lekin, onalaringiz yer yuziga chiqishmaydi. Siz enagangiz bilan borasiz», — debdi shahanshoh nabiralariga.

Yorug' olam, sahiy quyosh, gilamdek qizg'aldoqlar qizaloqlarga juda-juda yoqib qolibdi. Ular tong sahardan oqshomgacha qirdan-qirga yugurib, gullar terib mazza qilishibdi. Yer ostiga qaytgach, taassurotlarini so'zlab adog'iga yetkazishol-masmish. Onalari esa qizlarini ko'zlaridan o'pib-o'pib yig'lashibdi. U yerda sohibjamol Malikani ko'rgan-ko'rmaganlarini so'rashibdi. «Qani endi, uni yana bir bor ko'rsak, sog'inch azobidan qutilsak, shohimizga  uzrimizni aytsak», deb yig'lashibdi.

Shunday qilib, qizlar har yili bahorning so'nggi oyida bir marta onalarining yurtiga ziyorat qiladigan bo'lishibdi. Bu kunni qizlar bilan birga ularning onalari — qirq qiz ham orziqib kutishar ekan.

Ular yer ostida kutib turaverishsin, gapni Ahramon devning qizi va xotinidan eshiting.

Malika bilan qizi qir-adirlarni aylanishib, lolalar terishibdi. Bir payt jajji malika uzoqda shamolda hilpirayotgan juda ham ko'p lolalarni ko'ribdi. Qizaloq oyisidan o'sha yoqqa borishni so'rabdi. Malika lolalarni sanasa oz emas ko'p emas, qirqta ekan. Malika yuraklari gupillab, o'sha yoqqa yo'l olibdi. Borib qarasa, ular lola emas, alvon libosii qirqta qizaloq emish. Sal nariroqdagi yoriq izidan esa qirqta lola o'sib chiqqan ekan. Qizaloqlarni ko'rgan Malikaning yodiga dugonalari tushibdi va ularni bir-bir quchoqlabdi. So'ngra ularning kim ekanligini, bu yerda nima qilib yurganliklarini so'rabdi. Qizaloqlar esa yer ostidagi qirq qizning qizi ekanliklarini va bu yerga sumalak pishirib, bazm qilgani chiqishganini aytishibdi. Malika o'z  kasalini unutib, ularga qo'shilib ketibdi. U jajji malikaga bo'lgan voqeani aytib beribdi va yoriq qoshiga kelib kechirim so'rabdi. Shu payt lolalar sekin-asta tebranib, boshlarini egishibdi. Buni ko'rgan dev hayratdan yoqa ushlabdi va malikani ozod qilibdi. Qizi ham  malikaga  ergashibdi.  Dev mehrning, do'stlikning  kuch-qudratiga na davlat, na zo'rlik bas kelolmasligini tushunib, bu yurtni tark etib tog'u-toshlarga chiqib ketibdi. Malika esa qizi va qirq qizaloq bilan otasining yoniga qaytib, bo'lgan voqeani aytib beribdi. Podshoh esa qirq qizning o'rni yo'qolib ketmasligi uchun u yerni ziyoratgohga aylatirmoqchi bo'lib me'morlarni, muhandislarni olib o'sha qirga kelibdi. Malika yer yorilgan joyni tusmollab tiz cho'kibdi, ulardan kechirim so'rab, yolvoribdi. Shu chog'  yer qa'ridan g'alati vishillash eshitilibdi. Keyin yer avvalgi o'rnidan yana ikkiga bo'linib, ichidan qirq malika o'z shahzodalari va podshoh bilan chiqib kelishibdi. Ular quchoq ochib ko'rishibdilar. Yer osti shohi bilan Nasaf  shohi qiyomatlik do'st tutinidilar.

Qirq qiz Malikaga o'z qizlarini topshirib, yer ostiga qaytishibdi. Er qaerda bo'lsa, xotin o'sha yerda bo'lishi kerak.  Biz ketamiz, ammo har yili Navro'zda uchrashuvga  kelamiz, — deyishibdi ular.

Men esa, — debdi yer osti saltanati hukmdori, — oqila kelinlarim, jajji nabiralarim haqqi yer osti boyliklaridan eng qimmatligi oltin, neft, gazni sizlarga in'om etaman. Toki sizning xalqingiz ham to'kin sochinlikda, shod xurramlikda yashasin.

Shunday qilib qirq qiz yer ostida ham yer ustidagidek  mustahkam do'stlik saltanatini yaratibdilar, ko'pdan ko'p o'g'illar ko'rib erlarini shod, yurtlarini obod qilishibdi. Jajji malika va qirq qizaloq onasi, bobosi bilan qazilma boyliklarga boy, xalqi mehr-oqibatli, farovon yurtda davru davron surishib, murodu maqsadlariga yetishibdi.

Maftuna ESHONQULOVA, Toshkerttdagi 26-maktab o'quvchisi.


Orqaga qaytish