Ota-onalar uchun

5081 marta o'qildi
Bolakaylarga ertak kitob tanlash

Siz ham bolaligingizda ko’plab ertaklar eshitgan bo’lsangiz kerak. “Oltin baliq”, “Yoriltosh”, “Uch og’ayni botirlar” va hk. Ertaklar bola ruhiyatida muhim rol o’ynaydi. Afsonaviy qahramonlar bolakaylarning xarakteri, ichki dunyosi va dunyoqarashiga ta’sir etmay iloji yo’q. Shuning uchun ham xalqimiz qadimdan bir-biridan qiziqarli ertaklar aytib berib o’z farzandlarining tarbiyasi bilan shug’illanishgan. Ammo bolajonlarga hamisha ham siz tanlagan ertak yoqavermasligi mumkin. Buning uchun nima qilish kerak? Farzandingiz ma’nan sog’lom bo’lib ulg’ayishi uchun ularni to’g’ri yo’naltira olyapsizmi, ertaklarni to’g’ri tanlay olyapsizmi? Agar bu jihatlarga ilgari ahamiyat bermagan bo’lsangiz, unda maslahatimiz sizga qo’l keladi deb umid qilamiz.

Bolakaylarga ertak kitob tanlash

Siz ham bolaligingizda ko’plab ertaklar eshitgan bo’lsangiz kerak. “Oltin baliq”, “Yoriltosh”, “Uch og’ayni botirlar” va hk. Ertaklar bola ruhiyatida muhim rol o’ynaydi. Afsonaviy qahramonlar bolakaylarning xarakteri, ichki dunyosi va dunyoqarashiga ta’sir etmay iloji yo’q. Shuning uchun ham xalqimiz qadimdan bir-biridan qiziqarli ertaklar aytib berib o’z farzandlarining tarbiyasi bilan shug’illanishgan. Ammo bolajonlarga hamisha ham siz tanlagan ertak yoqavermasligi mumkin. Buning uchun nima qilish kerak? Farzandingiz ma’nan sog’lom bo’lib ulg’ayishi uchun ularni to’g’ri yo’naltira olyapsizmi, ertaklarni to’g’ri tanlay olyapsizmi? Agar bu jihatlarga ilgari ahamiyat bermagan bo’lsangiz, unda maslahatimiz sizga qo’l keladi deb umid qilamiz.

Maslahatlar:

    • 1Bolalar yoshiga mos ertak tanlang. Bolajonlarga ertak kitob tanlaganda shunchaki ularning ruhiyatiga yo’l topa olish kerak, ichki dunyosini tushunish kerak. Shunda hammasi ko’ngildagidek bo’ladi. Dastlab, ertaklarni eng soddasidan boshlagan ma’qul. Ayniqsa aqlini endi taniy boshlagan bolajonlarga bu juda qiziqarli bo’lsin. Masalan, “Bo’g’irsoq”, “Tulki va qarg’a”, “Oltin baliq”; yoshining ulg’ayishiga qarab esa bu ertaklarni bir oz boyitib boring. Masalan, “No’xatvoy”, “Zolushka”, “Buratino” va hk.
    • 2Ertak mavzusini farzandingiz bilan birgalikda tanlang. Farzandingizga ertak o’qib berishdan ilgari uning mavzulari nima haqida bo’lishini u bilan kelishib oling. Masalan, “Bugun nima haqida ertak aytib beray?” – deb so’rang. Agar uzoq o’ylanib javob berishga qiynalsa, unda o’zingiz bir qancha ertak mavzularini aytib o’ting. U albatta o’ziga yoqqan sarlavhani tanlaydi. Shunda bolangiz nimalarni xohlashini, dunyoqarashi qanday rivojlanayotganini ham kuzatib borasiz. Hech qachon bolajonlarga qo’rqinchli, ular yoqtirmaydigan, zerikarli ertaklarni aytmang. Bu ularning ruhiyatiga salbiy ta’sir qilishi mumkin va xalq og’zaki ijodidan, ertaklardan ko’nglini sovitib qo’yasiz. “Uch og’ayni botirlar” haqidagi ertak farzandingizda o’zaro ahillik, mardlik va qahramonlik, to’g’rilik kabi xislatlarning shakllanishiga yordam beradi. Shu bois qadimdan bu ertak barcha bolajonlarga aytib kelingan va hozirga qadar kichkintoylar “Uch og’ayni botirlar”ni juda yaxshi ko’rib tinglashadi.
    • 3Bolangizda kitobga havas uyg'oting. Hozirgi texnika taraqqiyot etgan davrda bolajonlarni kitobga qiziqtirish qiyin deb o’ylashga bir oz shoshilmang. Chunki televizor yoki kompyuterdan chiqadigan zararli nurlar har qancha himoyalanmasin, farzandingiz so’glig’i uchun yaxshi emas. Ularni bu qulayliklardan chalg’itganingiz va kitoblarga nisbatan havas uyg’otganingiz foydaliroqdir. Avvalo, kadrlarda tez ko’rinib o’tayotgan suratlar bolalar xotirasida yaxshi saqlanmaydi va u kadrlarni farzandingiz o’z tasavvuricha noto’g’ri tushunib borishi mumkin. Rasmli kitoblar orqali o’zingiz ertaklar ma’nosini, uning qahramonlariga xos bo’lgan ijobiy xislatlarni tushuntirib borsangiz, bu ularga yaxshi ta’sir qiladi va tushunib yetgan narsalarini tezda unutib yubormaydilar. Buning ustiga, farzandingiz ongida to’g’ri fiklay olish, tahlil qila olish qobiliyatini ham shakllantirib borasiz.
    • 4Ertak kitoblarining suratlariga ahamiyat bering. Masalan, “Zumrad va Qimmat” ertagini o’qib bering va ertak qahramonlarining suratlari bilan uni tanishtiring. Bolangiz rasmlarni uzoq kuzatish orqali ham qahramonlarning xarakterini anglay boshlaydilar. Keyin uni siz so’zda ifodalagan qahramon bilan solishtirib ko’radilar. Shu bois, rasmli ertak kitoblarini tanlashda ham bir oz diqqatli bo’ling. Siz tanlagan kitoblarning suratlarida milliylik, yaxshi fazilat, qahramonlar ko’zlarida ifoda etgan sharqona ruh bo’lsagina ularni xarid qiling. Iloji boricha, farzandingizga “O’zbek xalq ertaklari” kitobini olib bering. Boshlang’ich sinfga borganida ham unga bunday kitoblarni hadya qilib turing. Shunda farzandingiz kitobga mehr qo’ya boshlaydi.
  • 5Muallifi sizga noma’lum bo’lgan ertak kitoblarini tanlamang. Chunki unda qanday g’oya ilgari surilganini bilmaysiz. Barchaga ma’lum va mashhur bo’lgan ertaklarni tanlang. Masalan, “Qizil qalpoqcha”, “Susambil”, “Ur to’qmoq”, “Oltin baliq” va hk.

“Ertaklar – yaxshilikka yetaklar” deya bejiz aytmagan dono xalqimiz. Shunday ekan, farzandingizga hamisha yaxshi ertaklar aytib berishdan, ularning qalbi va ichki dunyosini tinglashdan aslo o’zingizni chetga olmang. Bir kuni kelib buning samarasini ko’rishingizga shubha qilmaymiz. Sizga hamisha oilaviy xotirjamlikda bo’lishni tilaymiz.

Manba: www.maslahat.uz


Orqaga qaytish