Ertaklar

5528 marta o'qildi
Dyuymchaxon

Qadim zamonda bir ayol yashar ekan. Uning farzandi yo'q, lekin farzandi bo'lishini judayam orzu qilar ekan. Bir kuni u sehrgar kampirning huzuriga borib shunday debdi:

—  Men bir qizalog'im bo'lishini juda-juda istayman, u jimitday kichkinagina bo'lsayam mayliga!

Bundan osoni yo'q! — deb javob beribdi sehrgar kampir. — Manavi arpa donini ol. Bu sizlarning dalangizda o'sadigan, parrandalarga beriladigan oddiy donlardan emas. Buni eltib gultuvakka ekib qo'y.

Qadim zamonda bir ayol yashar ekan. Uning farzandi yo'q, lekin farzandi bo'lishini judayam orzu qilar ekan. Bir kuni u sehrgar kampirning huzuriga borib shunday debdi:

—  Men bir qizalog'im bo'lishini juda-juda istayman, u jimitday kichkinagina bo'lsayam mayliga!

—  Bundan osoni yo'q! — deb javob beribdi sehrgar kampir. — Manavi arpa donini ol. Bu sizlarning dalangizda o'sadigan, parrandalarga beriladigan oddiy donlardan emas. Buni eltib gultuvakka ekib qo'y. Nima bo'lishini keyin ko'rasan.

—  Rahmat senga! — debdi ayol unga o'n ikki chaqa berib.

So'ng u uyiga kelib, arpa donini gultuvakka ekib qo'yibdi.

Gultuvakka suv quyishi bilanoq maysa unib chiqibdi. Tuproqdan ikkita nafis barg va nozik poya bosh ko'taribdi. Poyada esa lolaga o'xshash kattagina g'aroyib gul paydo bo'libdi. Biroq hali uning gulbarglari qattiq tugilgan, g'unchasi ochilmagan ekan.

        — Naqadar chiroyli gul! — deya ayol uning ranginbarglaridan o'pib qo'yibdi.

Xuddi shu lahzada g'uncha ichida nimadirqimirlagandek bo'libdi va u ochilibdi. Bu chindan ham kattakon lola bo'lib, faqat uning gulkosasida tirik bir qizaloq o'tirgan emish. U judayam kichkina bo'lib, bo'yi atigi bir dyuym1 kelar ekan, xolos. Shuning uchun ham ayol uning nomini Dyuymchaxon deb atabdi.

Chiroyli loklangan yong'oq po'chog'idan Dyuymchaxonga belanchak qilib beribdi. Parqu to'shak o'rniga bir necha binafsha to'shab, atirgulning gulbargini ko'rpa qilib beribdi. Kechasi ana shu belanchakda yotar, kunduzlari esa stol ustida o'ynab yurar ekan.

Ayol stol o'rtasiga suv solingan chuqurgina likopcha qo'yib, uning chetiga gullar terib chiqibdi. Ularning uzun novdalari suvga cho'mib turar, shuning uchun bu gullar anchagacha so'lib qolmay, atir taratib turaverar ekan.

Jajjigina Dyuymchaxonga bu suvli likopcha butun boshli dengiz bo'lib tuyular, bu dengizda u lola gulbargiga minib olganicha xuddi qayiqdagidek suzib yurar ekan. Eshkak o'rni­ga u ikkita oppoq ot tolasidan foydalanar ekan. Dyuym­chaxon kun bo'yi o'zining ana shu g'aroyib qayiqchasida qo'shiqlar kuylaganicha likopchaning u tomonidan bu tomoniga suzib o'tar ekan. Uning ovozidek nafis ovozni hali hech kim eshitmagan ekan.

      Dyuymchaxon o'z belanchagida uxlab yotgan kechalarning birida lang ochiq derazadan xonaga kattakon, qari shilimshiq va badbashara bir baqa kirib kelibdi. U deraza tokchasidan stol ustiga sakrab tushibdi va atirgul gulbargi ostida yotgan Dyuymchaxonning belanchagiga baqrayibdi.

     —Buncha yaxshi! — debdi bu qari baqa. — O'g'limga
munosib xotin topilib qoldi.

     U qizaloq yotgan yong'oq po'chog'ini changallab olibdi-da, derazadan bog'ga sakrabdi.

     Bog' yonidan anhor oqib o'tar, uning shundoq qirg'og'ida bir botqoqlik bor ekan. Ana shu yerda, qurbaqasallalar og'ushida qari baqa o'z o'g'li bilan yashar ekan. O'g'li ham xuddi onasidek — shilimshiq va badbashara ekan!

    —Vaq-vaq, vaq-vaq, vaqa-vaqa-vaq-vaq! — deya olibdi xolos u yong'oq po'chog'i ichida yotgan jajji qizaloqni ko'rib.

1 Bir dyuym - 2.5 sm.

 

—Ovozingni o'chir! Mabodo uni uyg'otib yuborsang, qochib ketadi, — debdi qari baqa. — Axir u pardan ham yengil-da. Yaxshisi, uni anhor o'rtasiga olib borib, nilufar bargiga o'tkazib qo'yamiz, jimitday bu qizaloq uchun nilufar bargi butun boshli orolga teng keladi. U yerdan sirayam qochib ketolmaydi. Bu orada men ikkalangizga qurbaqasallalardan ajoyib in yasab beraman.

Anhorda ko'plab nilufarlar o'sib yotar ekan. Ularning shapaloq-shapaloq yam-yashil barglari suvda suzib yurar ekan. Eng katta barg esa qirg'oqdan juda olisda ekan! Baqa ana shu barg tomon suzib boribdi-da, uning ustiga qizaloq uxlab yotgan yong'oq po'chog'ini qo'yibdi.

Ertalab uyg'onganida sho'rlik Dyuymchaxonning qanchalar qo'rqib ketganini ko'rsangiz! Qo'rqmay ham bo'ladimi? Uning hamma tomonini suv qurshab olgan, qirg'oq esa olisdan elas-elas ko'rinar ekan. Dyuymchaxon qo'llari bilan ko'zlarini bekitib olganicha achchiq-achchiq yig'labdi.

Qari baqa esa yo'sinlar ustiga o'tirib olganicha, o'z uyini qamish va sarg'aygan nilufarlar bilan bezatar, bu bilan o'zining yosh keliniga yoqmoqchi ekan. Hammasi tayyor bo'lgach, u irkit o'g'li bilan Dyuymchaxon o'tirgan barg yoniga suzib kelibdi, ularning niyati qizaloqni karavotga o'tqazib, o'z uylariga olib ketish ekan.

Qari baqa qizning shundoq qarshisida suvga shalpayib olganicha shirin jilmayib debdi:

—  Mana bu — mening o'g'ilcham! U sening ering bo'ladi! Ikkalangiz biznikida, qurbaqasallalar og’ushida maza qilib yashaysizlar.

—  Vaq-vaq, vaq-vaq, vaqa-vaqa-vaq-vaq! — deya olibdi xolos uning og'ilchasi.

Baqalar po'choqni olgancha suzib ketishibdi. Dyuym­chaxon anhorning o'rtasida, kattakon nilufar bargining ustida yolg'iz qolganicha, achchiq-achchiq ko'z yosh to'kibdi — axir, u bu irkit baqanikida yashashni, uning qo'lansa o'g'liga erga tegishni sirayam istamas ekan-da.

    Suv ostida suzib yurgan baliqchalar qari baqa  aytgan gaplarni eshitishibdi. Kuyov va uning onasini ular avval ham ko'rishgan ekan. Endilikda esa kelinning qandayligini ko'rish uchun suvdan boshlarini chiqazishibdi.

   Dum-dumaloq ko'zlari bilan Dyuymchaxonga nazar tashlagan bu baliqchalar darhol suvning eng tubiga sho'ng'ib, endilikda nima chora ko'rish lozimligi haqida o'ylay boshlashibdi. Ana shunday ko'hlikkina, kichikkina bir qizaloqning suvdagi bir to'nka ostida, quyuq yo'sin-u qurbaqasallalar og'ushida anavi qo'lansa baqalar bilan birga yashashi baliqchalar uchun o'ta achinarli bir hol ekan. Bu insofdan emas-ku, axir! Butun anhordagi baliqchalar Dyuymchaxon o'tirgan nilufar yoniga yig'ilib kelib, bargning bandini g'ajib tashlashibdi.

    Mana, oqibatda nilufar bargi oqim bo'ylab suzib ketibdi. Oqim juda tez bo'lib, barg shitob bilan ilgarilab borar ekan. Endi qari baqa ming urinsa ham Dyuymchaxonni quvib yetolmas ekan.

    Dyuymchaxon suzgandan suzib boraveribdi, butalarga qo'nib olgan qushchalar uni ko'rib kuylay boshlashibdi:

— Qanchalar ko'hlikkina, kichikkina qizaloq!

    Yengilgina oq kapalak Dyuymchaxon boshi uzra aylana-aylana nihoyat nilufar bargiga qo'nibdi — chunki bu jajjigina sayohatchi qizaloq unga judayam yoqib qolgan ekan.

    Dyuymchaxon esa o'z ipakkamarini yechib, bir uchini kapalak ustiga tashlabdi. ikkinchisini bargga bog'labdi, shunda barg yanada jadalroq suzib ketibdi. Shu payt uning yonidan may qo'ng'izi uchib o'tibdi. U Dyuymchaxonni ko'rib qolib, uni changallaganicha daraxt tomon uchib ketibdi. Qizaloqsiz qolgan nilufar bargi va u bilan birga kapalak ham tez orada ko'zdan g'oyib bo'libdi, chunki kapalak nilufar bargiga ipak kamar bilan mahkam bog'lab qo'yilgan ekan-da.

    Mo'ylovdor qo'ng'iz arrador oyoqlari orasiga siqib olib, osmon-u falakka ko'tarilganida sho'rlik Dyuymchaxon qanchalik qo'rqib ketganini ko'rsangiz! U oq kapalakka ham qattiq achinibdi. Endi uning ahvoli nima kecharkin? Agar u qutulib keta olmasa, ochlikdan halok bo'ladi-ku!

    May qo'ng'izining esa parvoyi palak ekan. U kattakon bir daraxtning shoxiga qo'nib, yoniga Dyuymchaxonni ham o'tqazibdi-da, unga, garchi sen may qo'ng'izlariga o'xshamasang-da, menga juda yoqib qolding, debdi.

    So'ng shu daraxtda yashaydigan boshqa may qo'ng'izlari ularnikiga mehmonga kelishibdi. Ular Dyuymchaxonni qiziqib tomosha qilishibdi, ularning qizaloqlari esa hayrat bilan uning qanotlarini ko'tarib ko'rishibdi.

   —Uning atigi ikkitagina oyog'i bor ekan! — debdi ulardan biri.

   —Uning hatto mo'ylovi ham yo'q ekan! — debdi boshqalari.

—   U naqadar zaif, ozg'in! Puf desang belidan sinib ketadi,

— debdi yana boshqa birlari.

—   Odamzotga juda o'xshab ketarkan-u, biroq ancha xunuk ekan, — degan xulosaga kelishibdi barcha qo'ng'izlar.

   Hatto Dyuymchaxonni ko'tarib kelgan may qo'n­g'izining o'ziga ham endilikda u xunuk ko'rina boshlabdi va undan ajramoqchi bo'libdi — qayoqqa ketsa ketaversin. U Dyuymchaxonni pastga olib tushib, moychechak ustiga o'tqazib qo'yibdi.

   O'zining bu qadar xunukligi alam qilib, Dyuymchaxon gul ustiga o'tirganicha rosa yig'labdi. Hatto may qo'ng'izlari ham uni quvib yuborishdi-ya!

   Aslida esa u judayam yoqimtoy bo'lib, dunyoda undan-da ko'hlikroq qizaloqni topib bo'lmas ekan.

   Dyuymchaxon butun yoz bo'yi kattakon o'rmonda toqtanho yashabdi. U o'ziga o't-o'lanlardan belanchak to'qib olibdi va yog'in-sochindan, quyosh taftidan panalash uchun uni qariqizning kattakon bargi ostiga osib qo'yibdi. U har kuni gullar asalidan yeb, har ertalab yaproqlarga ingan shabnamdan ichib yuraveribdi.

   Yoz shu tariqa o'tib bo'lib, kuz ham kirib kelibdi. Uzundan uzoq qahraton qish nafasi sezila boshlabdi. Qushlar uchib ketishibdi, gullar so'libdi, ostida Dyuymchaxon yashaydigan qariqiz bargi ham sarg'ayib, qovjirabdi va quvurchadek buralib qolibdi.

 

   Sovuq Dyuymchaxonning jon-jonidan o'tib ketibdi. Ko'ylakchasining julduri chiqibdi, jajjigina, nozikkina qizaloq bunaqada sovqotmaydimi, axir! Qor ham yog'a boshlabdi, Dyuymchaxon uchun bar bir qor zarrasi bizning bir belkurak qorimizga teng ekan. Bizku katta odamlarmiz, uning esa bor bo'yi-basti atigi bir dyuym ekan. U quruq yaproqlardan biriga o’ranibdi, lekin bundan badani isimabdi. sho'rlik shamolda tebranayotgan kuzgi barg kabi qalt-qalt titrar ekan.

   Shunda Dyuymchaxon bu o'rmonni tark etib, o'ziga qishlik boshpana topmoqchi bo'libdi.

   U yashayotgan o'rmon ortida kattakon dala bor ekan. Undagi g'allani allaqachon yig'ib olishgan, faqat muzlagan tuproqda quruq xas-xashaklar dikkayib turarkan, xolos.

   Dala o'rmondan ham sovuqroq ekan, qovjirab qolgan dag'al somonpoyalar orasiga yetib olguncha Dyuymchaxon qotib qolibdi.

   Nihoyat, u dala sichqonining iniga yetib olibdi. Inning og'zi o't-o'lan, xas-xashak ila hafsala bilan bekitilgan ekan.

   Dala sichqoni iliqqina joyda to'q-farovon yashar: oshxona va ombori don bilan liq to'la ekan. Dyuymchaxon xuddi tilanchi kabi uning ini bo'sag'asida to'xtab qolibdi va hech bo'lmasa bir bo'lak arpa doni berishlarini o’tinib so'rabdi — axir u ikki kundan beri tuz totmagan ekan-da.

   —Voy sho'rlikkina! — debdi dala sichqoni (chindan ham u saxiy kampir ekan). — Qani beri kel-chi, qani mundoq isinib, men bilan birga tamaddi qilib ol!   Dyuymchaxon inga tushib, isinib, ovqatlanib olibdi.

   —Sen menga yoqib qolding, — debdi unga sichqon munchoq kabi yaltirab turgan qop-qora ko'zchalarini tikib. — Qish ichi menikida qola qol. Men seni boqaman,
sen esa uyimga bamaylixotir joylashib olib, menga ertaklar aytib berasan — men ularni o'lguday yaxshi ko'raman.

      Xullas, Dyuymchaxon shu yerda qolibdi. U qari sichqon buyurgan barcha yumushlarni ado etar, bu issiqqina ovloq inda harholda yomon yashamas ekan.    —Yaqinda biznikiga mehmon keladi, — debdi kunlarning birida dala sichqoni.      — Haftada bir bor men qo'shnimni yo'qlab boraman. U juda badavlat, mendan ancha yaxshi yashaydi. Uning yer ostida kattakon uyi bor, o'zi shunaqangi po'stin kiyib yuradiki, bunaqasini sen umringda ham ko'rmagan bo'lsang kerak, ajoyib qop-qora po'stin! Qizaloq, sen unga tega qol! Pichog'ing moy ustida bo'ladi! Attangki, u ko'r, sening ko'hlikkina husningni tomosha qila olmaydi. Lekin evaziga sen o'zing bilgan eng yaxshi ertaklaringni aytib berasan.

Biroq Dyuymchaxon bu boy qo'shniga turmushga chiqishni sirayam xohlamas,

chunki bu badqovoq yer osti fuqarosi — ko'rsichqon ekan.

Chindan ham ko'p o'tmay bu qo'shni ularnikiga mehmon bo'lib kelibdi.

Haqiqatan ham u qora baxmaldan judayam ajoyib po'stin kiyib olgan ekan. Buning

ustiga, dala sichqonining aytishicha, u o'qimishli va juda boy bo'lib, uyi oddiy

sichqonlarnikidan yigirma barobar katta ekan. Biroq uning quyoshga aslo toqati yo'q,

barcha gullarni so'kkani-so'kkan ekan. Buning ajablanarli joyi yo'q! Axir u umrida

hech qachon birorta gulni ham ko'rmagan ekan-da.

Mezbon sichqon Dyuymchaxonga muhtaram mehmon uchun qo'shiq kuylab berishni

buyuribdi, qizaloq istar-istamas ikkita qo'shib aytibdi, shunaqangi jozibali kuylabdiki,

ko'rsichqon bundan jo'shib ketibdi. Biroq hech narsa demabdi — u shundoq takabbur,

dimog'dor, kamgap ekan...

Bu mehmondorchilikdan so'ng ko'rsichqon o'z uyidan dala sichqonining inigacha

yer osti yo'lagi kavlabdi va kampir bilan uning tutingan qizini bu yer osti lahmi

bo'ylab sayrga taklif etibdi.

U tumshug'iga bir bo'lak chirindi tishlab olibdi-da, yo'lni yoritganicha oldinga

tushibdi, chunki bu chirindi zulmatni xuddi shamdek yoritib turar ekan.

Yo'l yarimlaganda ko'rsichqon to'xtab bunday debdi:

— Bu yerda qandaydir bir qush yotibdi. Lekin bizning undan qo'rqadigan joyimiz

yo'q — u o'lib qolgan. Buni o'zlaringiz ham ko'rishlaringiz mumkin.  Ko'rsichqon

o'zining yapasqi tumshug'i bilan to tuynuk hosil bo'lmaguncha yo'lak shiftini

kurayveribdi. Yo'lakka kunduzgi yorug'lik tushibdi va Dyuymchaxon tepada o'lib

yotgan qaldirg'ochni ko'ribdi.

Sho'rlik qaldirg'och ehtimol sovuqdan halok bo'lgandir. U qanotlarini tanasiga qattiq siqib, bosh va oyoqlarini patlari ichiga tiqib olgan ekan.

    Dyuymchaxon unga qattiq achinibdi. U bu sho'x, uchag'on qushlarni juda yaxshi ko'rar, chunki ular yoz bo'yi qizaloqqa ajoyib qo'shiqlar aytib berishgan, uning o'zini ham kuylashga o'rgatishgan ekan-da. Biroq ko'rsichqon o'zining kalta panjalari bilan qaldirg'ochni turtganicha javrabdi:

-Ha, daming o'chib qoldimi? Hushtakvozliging tugadimi? Ana shunaqa bo'ladi!.. Men bunday notavon qushcha bo'lishni istamagan bo'lardim. Havoda chirpirab yurib vijirlashdan boshqasini bilmaydi. Qish kelsa, holi ne kechadi? O'ladi-qoladi. Yo'q, mening bolalarim qishning sovug'ida och-yalang'och o'lib ketadigan bo'lmaydi.

—  Haqqast rost, — debdi dala sichqoni. — Behuda vijir-vijir qilishdan ne foyda? Qo'shiq bilan qorning to’yib, vijirlashdan taning ilib qolmaydi-ku, axir!

   Dyuymchaxon sukut saqlabdi. Ammo ko'rsichqon va dala sichqoni qushga orqa o'girishi bilan u darhol qaldirg'och tomon egilib, patlarini yiribdi-da, uning yumuq ko'zlaridan o'pib qo'yibdi.

   «Ehtimol, bu yoz bo'yi yoqimli qo'shiqlar aytgan o'sha qaldirg'ochdir, — deb o'ylabdi u. — Menga qancha-qancha shodliklar baxsh etgan eding, aziz qaldirg'ochginam!»

   Shu payt ko'rsichqon shiftdagi tuynukni tag'in bekitib qo'yibdi. So'ng chirindini tishlab olganicha qari sichqon va Dyuymchaxonni o'z uyiga boshlab boribdi.

    Dyuymchaxon kechasi uxlay olmabdi. O'rnidan turib, quruq xashaklardan kattakon gilam to'qibdi va yer osti yo'lagiga tushib borganicha o'lik qaldirg'ochning ustini gilam bilan yopib qo'yibdi. So'ng u dala sichqonining omboridan iliqqina pat, qup-quruq momiq topib, muzlab yotgan tuproq badaniga botmasligi va sovuq qotmasligi uchun qaldirg'ochga uyasimon bir joy hozirlabdi.

— Alvido, aziz qaldirg’ochginam, — debdi Dyuymchaxon. — Alvido! Daraxtlar yashnab turgan, quyosh saxovat bilan qizdirgan paytlarda, yozda menga aytgan g'aroyib qo'shiqlaring uchun rahmat senga.

Shunday deya u qushcha ko'ksidagi ipakdek mayifl patlarga bosh qo'yibdi.

Qo'qqisdan u qaldirg'och ko'ksida nimadir bir maromda «Duk-duk! Duk-duk!» urib turganini eshitib qolibdi. Avval sekin eshitilgan bu tovush tobora ko'tarila boribdi. Bu qaldirg'ochning urib turgan yuragi ekan. U o'lmagan, faqat qattiq sovuqdan karaxt bo'lib qolgan ekan, endi esa tanasi ilib, unga jon kiribdi.

Hamisha qishda qaldirg'ochlar galasi issiq o'lkalarga uchib ketishadi. Kuz hali daraxt yaproqlarini yulqib olishga ulgurmay turib, sayyor qushlar olis yo'l hozirligini ko'rib qo'yishadi. Mabodo ulardan biri ortda qolsa yoki kechiksa, ignadck izg'irin uning nozik vujudini darhol muzlatib qo'yadi. U karaxt bo'lib, yerga o'likdek qulab tushadi va qorga ko'milib qoladi.

Dyuymchaxon ilitgan bu qaldirg'och ham ana shunday ahvolga tushib qolgan ekan.

Qush tirik ekanligini bilgan qizaloq ham sevinib, ham qo'rqib ketibdi.

Qo'rqmay ham bo'ladimi? Chunki o'zining bo'y-bastiga nisbatan qaldirg'och juda ulkan qush bo'lib tuyular ekan-da.

Biroq bari bir Dyuymchaxon o'zini o'nglab olib, to'qigan gilami bilan qaldirg'ochni yaxshilab o'rab qo'yibdi, so'ng chopib borib uyidan o'zi ko'rpa o'rnida o'ranib yotadigan yalpiz bargini olib kelibdi va qushning boshi ostiga buklab qo'yibdi.

Keyingi kechada Dyuymchaxon yana sekingina qaldirg'och yoniga kelibdi. Qush ancha jonlanib qolgan bolsada, biroq hali madori yo'q ekan, qizchani ko'rish uchun ko'zlarini zo'r-bazo'r ochibdi.

Dyuymchaxon uning oldiga bir bo'lak chirindi tutganicha turar, chunki uning boshqa fonusi yo'q ekan.

—  Rahmat senga, jajjiginam! — debdi xasta qaldirg'och. — Men juda yaxshi isinib oldim! Hademay butunlay sog'ayib ketaman, yana kunning ko'zida uchib yuraman.

—  Oh, — debdi Dyuymchaxon, — hozir shunaqangi sovuqki, qor yog'ib yotibdi! Yaxshisi, sen issiqqina to'shagingda yotaver, men esa seni parvarishlab turaman.

U qaldirg'ochga arpa doni va gul yaprog'ida suv olib kelibdi. Qaldirg'och yeb-ichibdi, so'ngtog'olcha daraxtiga urilib qanoti jarohat olganini, shuning uchun boshqa qaldirg'ochlar bilan issiq o'lkalarga uchib keta olmay qolganini, bu orada qish tushib, havo sovib ketganini va natijada yerga qulab tushganini qizaloqqa so'zlab beribdi.

So’ng nima bo'lganini qaldirg'och eslay olmabdi. U hatto bu joyga, yer ostiga qanday tushib qolganini ham bilmas ekan.

Butun qish bo'yi qaldirg'och ana shu yerosti yo’lagida yashab qolibdi, Dyuymchaxon uni parvarish qilibdi, taom, suv berib turibdi. Bu haqda ko'rsichqonga ham, dala sichqoniga ham g'ing demabdi — chunki ularning ikkalasi ham qushlarni yoqtirishmas ekan-da.

Bahor kelib, quyosh borliqni qizdira boshlaganida Dyuymchaxon bir paytlar ko'rsichqon shiftdan o'ygan tuynukni ochib yuboribdi, yerostiga iliq quyosh nurlari oqib kiribdi.

Qaldirg'och qizcha bilan xayrlashibdi, qanotlarini parvozga shaylabdi, lekin uchib ketish arafasida Dyuymchaxondan, men bilan birgalikda ozodlikka chiqishni istamaysanmi, deb so'rabdi. Istasa, qizaloq uning yelkasiga o'tirib oladi-da, ikkalasi yam-yashil o'rmon tomon uchib ketishadi.

Lekin qari dala sichqonini tashlab ketgani Dyuymchaxonning ko'zi qiymabdi, o'zi bo’lmasa kampir juda zerikib qolishini u yaxshi bilar ekan-da.

—  Yo'q, menga mumkin emas, — debdi u xo'rsinib.

—  Na iloj, alvido! Alvido, mehribon qizaloq! — deya vijirlabdi qaldirg'och.

—  Dyuymchaxon uning ortidan uzoq termilib qolibdi. Ko’zlaridan tomchi-tomchi yosh oqib tushibdi — chunki u ham kengliklarni qo'msar,buning ustiga, qaldirg'och bilan ajralish juda og'ir ekan.

—  —  Chiv-chiv-chiv, chivich-chiv! — deya qichqiribdi so'nggi bora qaldirg'och va yam-yashil o'rmonga kirib g'oyib bo'libdi.

—  Dyuymchaxon esa sichqon inida qolaveribdi.

—  Kundan kunga uning yashashi og'irlashib, zerikishi ortib boraveribdi. Qari sichqon unga indan uzoqroq ketishga ruxsat bermas, uya atrofidagi maydonda esa baland-baland yo'g'on boshoqpoyalar o'sib yotar, ular Dyuymchaxonga chakalak o'rmon bo'lib tuyular ekan.

—  Kunlarning birida qari sichqon Dyuymchaxonga gap ochib qolibdi:

—  — Qo'shnimiz, keksa ko'rsichqon senga unashgani keladi. Endi senga sep tayyorlash kerak. Sen ulug'vor zotga tegasan, shuning uchun hamma narsang ortig'i bilan bo'lishi kerak.

—  Natijada Dyuymchaxon kun bo'yi narsa to'qib o'tiradigan bo'libdi.

—  Qari sichqon to'rtta o'rgimchakni yollabdi. Ular kecha-yu kunduz sichqon inining burchak-burchaklariga o'tirib olganlaricha jimgina o'z ishlari bilan mashg'ul bolishar — har xil matolar to'qir, nihoyatda nafis tolalardan to'rsimon liboslar tayyorlashar ekan.

—  Ko'rsichqon esa har kechqurun mehmonga kelib, hademay yoz tugashi, quyosh yerni isitmay qo'yishi, tuproq tag'in yumshoq va g'ovak bo'lib qolishi haqida vaysagani-vaysagan ekan. Ana o'shanda to'yimiz boladi, der ekan u. Biroq Dyuymchaxon g'ussaga botib nuqul yig'lar: chun­ki u umuman turmushga chiqishni, ayniqsa, mana bunaqangi xo'ppasemiz ko'rsichqonga tegishni sira-sira istamas ekan.

—  Har tong quyosh chiqayotganida, har oqshom kun botayotganida Dyuymchaxon sichqon inining og'ziga chiqib o'tirar ekan. Ba'zan sho'x shabada boshoqlarni tebratib o'tar, shunda qizaloqqa osmonning bir parchasini ko'rish nasib etar ekan.

—  «Bu yer naqadar yorug', erkinlikda bo'lish naqadar yaxshi!» — deb o'ylar ekan Dyuymchaxon va nuqul qaldirg'och yodiga tushib ketar ekan. U o'sha qushcha bilan uchrashishni juda-juda istar, lekin bu dalada qaldirg'ochning qorasi ham ko'rinmas ekan. Ehtimol u olis-olislarda, moviy daryo yuqorisidagi yam-yashil o'rmonda yayrab uchib yurgandir...

—  Nihoyat, kuz ham kelibdi. Dyuymchaxonning sepi tayyor bo'libdi.

—  — To'rt haftadan so'ng sening to'ying bo'ladi! — debdi
unga dala sichqoni.

—  Dyuymchaxon esa yig'laganicha diqqinafas ko'rsichqonga ko'ngli yo'qligini aytibdi.

—  Qari sichqonning jahli chiqib ketibdi.

—  — Bekorgap! — debdi u. — O'jarlik qila ko'rma. Yo'qsa tishlarim ostida qiyma-qiyma bo'lasan. Senga ko'rsichqondek er bormi? Bir po'stinining o'zi qancha dunyo turadi! Hatto qirolning o'zida ham bunaqangi po'stin yo'q!
Yertolasi ham liq tola. Peshanangga shunday er bitganiga shukur qilsang-chi!

    Oxiri to'y kuni ham yetib, ko'rsichqon o'z qaylig'ini olib ketgani kelibdi. Demak, endi Dyuymchaxon u bilan qop-qorong'i inga ketishi, chuqur yer qa'rida yashab qolishi, na yorug' dunyoni, na charog'on quyoshni hech qachon ko'rmasligi kerak — axir ko'rsichqonning yorug’ dunyoga ham, quyoshga ham toqati yo'q-da! Lekin cheksiz osmon, alvon quyoshdan manguga ajrash sho'rlik Dyuym­chaxon uchun juda og'ir ekan! Dala sichqonining inida esa u garchi olisdan bo'lsa ham ulardan bahra olib turar ekan.

    Mana, u yorug' dunyoga so'nggi bor nazar tashlash uchun tashqari chiqibdi.

    Daladan g'alla allaqachon yig'ib olingan, tag'in avvalgidek yalang'och, qovjiroq boshoqpoyalar dikkayib turar ekan. Qizaloq sichqon inidan nariroq borib, quyoshga qo'llarini cho'zibdi:

—Alvido. quyoshjon, alvido!

So'ng u mittigina qizil gulchani ko'rib qolib, uni quchganicha debdi:

—  Aziz gulginam, agar qaldirg'ochni ko'rib qolsang, unga Dyuymchaxondan salom deb qo'y.

—  Chiv-chiv-chiv, chivich-chiv! — degan ovoz eshitilibdi qo'qqisdan uning tepasida.

Dyuymchaxon bosh ko'tarib qaragan ekan, dala uzra uchib yurgan qaldirg'ochni ko'rib qolibdi. Qaldirg'och ham qizaloqni ko'rib qolib suyunib ketibdi. U yerga qo'nibdi, Dyuymchaxon yig'laganicha o'z o'rtog'iga keksa, badqovoq ko'rsichqonga tegishni va hech qachon quyosh shu'lasi tushmaydigan yer qa'rida u bilan birga yashashni sirayam xohlamasligini hikoya qilib beribdi.

—  Sovuq qish bostirib kelyapti, — debdi qaldirg'och, — endi men uzoq-uzoqlarga, olis o'lkalarga uchib ketaman. Men bilan ketishni istaysanmi? istasang, mening yelkamga chiqib ol, faqat o'zingni kamar bilan menga mahkam bog'lab qo'y, ikkimiz bu irkit ko'rsichqonni tark etamiz, olis-olislarga, moviy dengizlar ortidagi issiq o'lkalarga, quyosh charaqlab turgan, doimiy yoz hukmron bo'lgan, gullar hamisha ochilib yotadigan yurtlarga uchib ketamiz. Men bilan ucha qol, jajjiginam! Qop-qorong'i, sovuq o'rada muzlab yotganimda mening hayotimni sen saqlab qolgan eding-ku, axir.

—  Ha, ha, albatta, men sen bilan uchib ketaman! — debdi Dyuymchaxon.

U qaldirg'ochning ustiga chiqib, o'zini uning eng katta va baquvvat pariga bog'lab qo'yibdi.

Qaldirg'och o'qdek uchib ko'kka ko'tarilibdi va qorong'i o'rmonlar, moviy dengizlar va qor qoplab yotgan yuksak tog'lar ustidan parvoz etib ketibdi. Yuksaklik juda sovuq bo'lgani uchun Dyuymchaxon qaldirg'ochning iliq patlari orasiga bekinib olib, tubandagi manzaralardan zavqlanish uchun faqat boshini chiqarib ketaveribdi.

Mana, nihoyat issiq o'lkalarga ham yetib kelishibdi! Bu yerlarda quyosh bizdagidan ko'ra mo'1-ko'l nur sochar, osmon ham ancha yuksak, chetan devorlar bo'ylab yam-yashil uzumzorlar chirmashib ketgan ekan. Butazorlarda apelsin va limonlar pishib yotar, so'qmoqlarda esa katta-katta rangin kapalaklarni tutish uchun sho'x-shodon bolalar yugurib yurishar ekan.               Biroq qaldirg'och yanada olislab ketaveribdi.

Shaffof moviy ko'l qirg'og'ida, tarvaqaylab ketgan daraxtlar orasida qadimiy bir oq marmar saroy bor ekan. Uning yuksak ustunlariga tok butalari chirmashib ketgan, tepada, tom ostida esa qushlar in qurgan ekan. O'sha inlar­ning birida shu qaldirg'och yashar ekan.

— Mana shu mening uyim! — debdi u. — Sen o'zingga
eng chiroyli gulni tanlagin. Men seni uning kosasiga o'tqazib qo'yaman, maza qilib yashayverasan.

Dyuymchaxon suyunganidan chapak chalib yuboribdi.

Pastda, o'tlar orasida oq marmar parchalari yotar, bu ustunlardan birining peshtoqidan ko'chib tushib uchga bo'linib ketgan marmar bo'laklari ekan. Ular orasida qordek oppoq yirik gullar o'sib yotar ekan.

Qaldirg'och pastlab kelib, qizchani shapaloqdek gulbargga o'tqazib qo'yibdi. Bu qanday mo'jiza bo'ldi ekan? Gulkosada xuddi billur yoki tonggi shabnam kabi tiniq va musaffo bir mitti odamcha o'tirar ekan. Uning yelkasida nafis qanotlari pirpirab turar, boshiga yaraqlab turgan mittigina oltin toj kiyib olgan, bo'yi esa Dyuymchaxonnikidan oshmas ekan. Bu elflar qiroli ekan.

Qaldirg'och gulga uchib kelganini ko'rib elf qattiq qo'rqib ketibdi. Chunki u mittigina bo'lib, qaldirg'och esa juda haybatli ekan!

Biroq qaldirg'och Dyuymchaxonni gulga o'tqazib qo'yib, o'zi uchib ketganini ko'rgach, u nihoyatda quvonib ketibdi! U hali hech qachon o'zi tengi bunday go'zal qizchani ko'rmagan ekan. U ta'zim qilganicha qizaloqning ismini so'rabdi.

—  Ismim Dyuymchaxon! — deb javob beribdi qizaloq.

  -Azizam Dyuymchaxon, — debdi elf, — sen menga turmushga chiqishga, gullar qirolichasi bo'lishga rozimisan?

Dyuymchaxon bu xushbichim elfga nazar tashlabdi. Oh, bu yigitcha qari baqaning ahmoq, irkit o'g'liga yoki baxmal po'stinli ko'rsichqonga sirayam o'xshamas ekan! Va u darhol rozi bo'libdi.

Shunda har bir guldan bir-birini quvalab elflar uchib kelishibdi. Ular Dyuymchaxonni qurshab olib, har xil sovg'alar hadya etishibdi.

Bu sovg'alar ichida xuddi ninachinikiga o'xshash bir juft yngilgina harir qanot unga nihoyatda yoqib qolibdi. Uni Dyuymchaxonning yelkasiga taqib qo'yishibdi va endilikda u ham guldan gulga uchib boradigan bo'libdi. Ana xursandchiligu mana xursandchilik!

—Endi seni Dyuymchaxon deb atashmaydi. Biz elflarning ismlarimiz boshqacha, — debdi Dyuymchaxonga qirol.
— Biz seni endi Mayya deb ataymiz!

Shunda gul bargidek yengil va ravshan barcha elflar gullar uzra davra olib o'yinga tushib ketishibdi.

Qaldirg'och esa tepada, o'z uyasida o'tirib olib, bilganicha qo'shiq kuylay boshlabdi.

Butun iliqqina qish bo'yi elflar u aytgan qo'shiqlar ohangida o'yinga tushishibdi. Sovuq o'lkalarga bahor kelganida esa qaldirg'och o'z vataniga qaytish tadorigini ko'ra boshlabdi.

—Xayr, xayr! — deya vijirlabdi u jajji o'rtog'iga va dengizlar, tog’-u o'rmonlar osha Daniyaga uchib ketibdi.

U yerda ajoyib ertaklar so'zlay oladigan bir kishi bo'lib, derazasining ustida qaldirg'ochning mo'jazgina uyasi bor ekan. Qaldirg'och u kishiga Dyuymchaxon haqida hikoya qilib beribdi, biz esa bu voqealarni ana o'sha kishidan bilib oldik.


Orqaga qaytish