Ertaklar

5654 marta o'qildi
BO'HTONNING TAGI ZIL

Sulton Alp Arslon zamonida Hirot shahrida bir mo'min donishmand qariya o'tgan ekan. Kunlardan bir kuni sulton shahar arkiga kelib tushdi va bir muncha vaqt shu yerda turg'un bo'ldi. Uning  yaqin mulozimlaridan bo'lgan tog'asi amir Abdurahmon esa o'sha donishmand qariyaning hovlisida to'xtadi. Kunlardan bir kuni bazmu safo avjiga mingan bir paytda amir Abdurahmon sultonning qulog'iga shivirladi:

 

BO'HTONNING TAGI  ZIL

 Sulton Alp Arslon zamonida Hirot shahrida bir mo'min donishmand qariya o'tgan ekan. Kunlardan bir kuni sulton shahar arkiga kelib tushdi va bir muncha vaqt shu yerda turg'un bo'ldi. Uning  yaqin mulozimlaridan bo'lgan tog'asi amir Abdurahmon esa o'sha donishmand qariyaning hovlisida to'xtadi. Kunlardan bir kuni bazmu safo avjiga mingan bir paytda amir Abdurahmon sultonning qulog'iga shivirladi:

— Men qo'ngan hovlining sohibi har kuni kechasi kichik bir xonaga kirib ketadi, lekin chirog'i ertalabgacha o'chmaydi. Boshda namoz o'qib, tuni bilan toat-ibodat qilib chiqsa kerak, deb o'yladim.

Oradan bir necha kun o'tgach, sabrim chidamay kechasi asta-sekin borib u o'ltirgan xona eshigining yorig'idan mo'raladim va ne ko'z bilan ko'rayki, qariya mudrab o'tiribdi, oldida bir ko'zachada sharob va birinj (bronza) dan yasalgan but. Chol o'sha butga sig'inib o'ltiribdi.

Amir Abdurahmon eshik yonida turgan chuhraga imo qildi. Eshik ochilib, qo'lida o'sha but bilan ko'zachani ko'tarib amir Abdurahmonning g'ulomi kirib keldi. G'ulom but bilan ko'zachani ohistagina sultonning oldiga qo'ydi va ikki bukilib ta'zim qilganicha orqasi bilan yurib xonadan chiqdi. Amir Abdurahmon sultonning ko'zlarida hayajon va g'azab uchqunlarini ko'rib, shu ondayoq o'sha qariyani oldirtirib keladi va o'limga mahkum etadi, deb o'yladi. Darhaqiqat, sulton vaziri a'zamga ishora qilib o'sha qariyani oldirib kelishni buyurdi. Vaziri a'zamning g'ulomi hali saroydan chiqmagan ham edi, sultonning tanti g'ulomlaridan biri tiz cho'kib murojaat qildi:

— Sultonim, cholni chaqirtirmang. Hammasini o'zim aytib beraman.

G'ulom sultonning qulog'iga nimalarnidir shivirladi. Hamma hayron bo'ldi. Vaziri a'zam sultonga murojaat qildi:

— A'lo hazrat, g'ulom boraversinmi?

—  Yo'q, qaytsin, — dedi sulton. — Hammasi tushunarli. Ushbu hodisa tog'am amir Abdurahmonning surbetligi orqasida yuz beribdi.

— Moshollo! — Hamma yoqasini ushladi. So'ng sulton tog'asiga qarab dedi: —  Sen menga qariya haqida ko'p yomon gaplarni aytding va oldimga sharob to'latilgan ko'zacha bilan butni keltirib qo'yding. Lekin, bilib qo'y, haqiqatni aniqlamay turib qariya xususida biron hukm chiqarmayman. Qani, «Aytgan gaplarim to'g'ri», deb qasam ich!

Amir Abdurahmonning a'zoyu badanini titroq bosdi, sultonning oyoqlariga yiqildi:

— Avf eting, sultonim! Men yolg'on gapirgan edim.

— O, munofiq, nega o'sha bechora qariyaga shuncha malomat qilding va behuda uning qonini to'kmoqchi bo'lding?!

—  Uning hovlisi shinamgina ekan. Sen uni o'limga mahkum etsang, o'sha hovli menga qolarmikan, deb o'ylagan edim, — deb javob qildi amir Abdurahmon.

 


Orqaga qaytish