Ertaklar

5528 marta o'qildi
BORI NEGA TERISIDAN AJRADI?

       Bir falokat yuz berib hayvonlar shohi- yo’lbars og’ir kasalga chalinib qolibdi. U o’z g’orida yotib, shunaqangi og’irarkanki, o’rmonning narigi chetida yashaydigan quyon qo’rqqqanidan shalpangquloqlarini panjalari bilan yopib, qayerga qochishini bilmay qolarkan.

BO’RI NEGA TERISIDAN AJRADI?

 (Koreys xalq ertagi)

      Bir falokat yuz berib hayvonlar shohi- yo’lbars og’ir kasalga chalinib qolibdi. U o’z g’orida yotib, shunaqangi og’irarkanki, o’rmonning narigi chetida yashaydigan quyon qo’rqqqanidan shalpangquloqlarini panjalari bilan yopib, qayerga qochishini bilmay qolarkan.

       O’rmondagi jonivorlarning o’z hukmdorlariga dori izlab, yelib-yugurishlaridan biron naf chiqmabdi. Kundan kunga yo’lbarsning ahvoli og’irlashaveribdi. Shunda hayvonlar shohininh bosh vaziri bo’lmish bo’ri hukmdor bilan vidolashish fursati yetganini e’lon qilibdi. To’lbars yashaydigan g’ordan kun bo’yi hayvonlar oyog’i uzilmabdi. Har biri kirib, ta’zim bajo qilarkan, uning tezroq shifo topishini tilarkanlar.

      Oqshomga borib, shoh huzuriga bitta hayvondan bo’lak hamma kelib-ketgani ma’kum bo’libdi. Shoh ziyoratiga birgina sariq tulki kelmagan ekan. U doim bo’rining ustidan kulib, bosh vazirimiz eng jaydari itga o’xshaydi, deb yurgani sababli bo’ri unga ichida kek saqlab yurarkan. Tulkining kelmaganini aniqlagan bo’ri g’orga kirib boribdi:

-    Ey buyuk shoh! Qo’l ostingizdagilarning barchasi oyog’ingizga bosh urib, sizga sihat va salomatlik tilashdi. Faqat bittagina hayvon o’z burchini unutdi va huzuringizga kelishdan bosh tovladi.

-     Kim ekan u?- o’kirdi yo’lbars. – Kimligini ayt menga hozir!

-     Ey adolatli shohim, bu tulkidir. Ha, u o’limga loyiq!

-     To’g’ri. Uni topgin-da, tilka-tilka qilib tashla, vassalom!

     Suyunib ketgan bo’ri g’ordan otilib chiqibdi-da, tulki yashaydigan tomonga qarab ketibdi.  Tulki esa bu paytda g’orga bekinib olib, u haqda bo’ri nimalar deganini eshitib yotgan ekan. Bo’ri ko’zdan g’oyib bo’lgach, tulki g’orga kirib, betob shohga odob bilan salom beribdi.

 -  Seni kim kiritdi buyoqqa?- qichqiribdi yo’lbars.-Sen meni ziyorat qilmaslikka qanday jur’at etding?

  Tulki mayin ovozda so’zlabdi:

- Cho’ringiz ne sababdan kechikkanini eshiting, ey ulug’ shoh.  Barcha jonivorlar allaqachonoq huzuringizga kelib, sizni ziyorat qilib ketishibdi. Ammo ularning birontasi  sizga shifobaxsh dori keltirmabdi va sizning mushkulingizni oson qilish haqida o’ylab ham ko’rmabdi.

-  Bu gaping rost,- debdi yo’lbars.- Ularning birontasi bu haqda g’ing deyishmadi.

Tulki davom etibdi:

-  Hol-ahvol so’rab qo’yish- qiyin ish emas, ammo bundan hali hech kim tuzalib ketmagan. Men kecha-yu kunduz o’ylab, sizni sog’aytirish yo’llarini izladim. Ko’plab mamlakatlarga bordim, mashhur tabiblarga uchradim-da, kasalingizni daf qiladigan dorini topdim. Shu sababli huzuringizga kechikib qoldim, ulug’ shoh.

  Bu so’zlarni eshitgan hukumdor suyunganidan hayqiribdi:

-  Bo’ri hukmi bajarishga ulgurolmagani qanday yaxshi bo’libdi, Qani tezroq dorini ber, agar undan naf topdsam, seni bosh vazir etib tayinlayman.

  Tulki shunday debdi:

-  Mashhur hind tabibiga duch kelgunimcha o’nlab yurtlarni kezdim. Undan mening hukmdorim, tog’lar va o’rmonlar shohi sog’lom va baxtiyor bo’lmog’I uchun nima qilmog’I lozimligini so’radim. Taniqli tabib shunday dedi:

-  Yo’lbars o’n kun davomida kechasi uxlaganda bo’rining terisini yopinib yotsin- o’shanda u yana sog’lom bo’ladi.

     Tulki shu so’zlarni aytarkan, shohga ta’zim bajo keltiribdida, g’orni tark etibdi.    Yo’lbars esa shu zahotiyoq bo’rini topib, terisini shilib olishni buyuribdi. Bo’ri terisiga o’ranib olgan o’rmonlar shohi tuzalib, ketishini kuta boshlabdi. Tulki esa bu orada  ko’ch-ko’ronini yig’ishtiribdi-da , boshqa o’rmonga ko’chib ketibdi.

   Yo’lbars o’n kecha-yu o’n kunduz bo’ri terisini yopinib yotibdi, ammo ahvoli o’nglanmabdi. U tulkining laqillatib ketganini anglaganda kech bo’lgan ekan: o’rmonni qancha kezishmasin, tulkini topisha olmabdi.

   Bo’ri esa qilmishiga yarasha jazosini olibdi; ha, kimki birovni qaqshatishni istasa, o’zi “ terisi” dan ajralarkan.


Orqaga qaytish