Ertaklar

5460 marta o'qildi
DOVDIR KUYOV

    Tay- Nguyen degan qishloqda  bir beva ayol yasharkan. Uning dovdirroq og’li  bo’lib, oti Viyet Soy ekan.

    Kunlarning birida Viyet Soy chiroyli qizni ko’rib qolibdi. Uyiga kelibdi-da onasiga:

-   Qishlog’imizning chekkasida judayam chiroyli bir qizni ko’rib qoldim. Unga uylansam maylimi?-debdi.

DOVDIR KUYOV

(Vyetnam xalq ertagi)

     Tay- Nguyen degan qishloqda  bir beva ayol yasharkan. Uning dovdirroq og’li  bo’lib, oti Viyet Soy ekan.

    Kunlarning birida Viyet Soy chiroyli qizni ko’rib qolibdi. Uyiga kelibdi-da onasiga:

-  Qishlog’imizning chekkasida judayam chiroyli bir qizni ko’rib qoldim. Unga uylansam maylimi?-debdi.

 - Agar rozi bo’lsa, uylanaqol, - debdi onasi.

  - Uning rozi bo’lganini qayoqdan bilaman?

 -Sen qizga guldasta olib bor. Qo’lingni qaytarmasa-demak, unga yoqqan bo’lasan. Agar qaytarsa – boshqa qayliq axtaraverasan. Odatimiz shunaqa…

  Ertalab guldasta hozirlayotgan Viyet Soyga onasi:

 -Qaylig’ingning ota-onasini qandoq hurmat qilishingni ko’rsatib qo’ygin. Sirayam erinma. Bo’lg’usi qaynatang nima qilsa, sen ham shuni qilaver. Uning nima qilmoqchi ekanligini oldindan bilib tur,- deya tayinlabdi.

 - Aytganlaringizni bajaraman, oyijon,- deb va’da beribdi dovdir o’g’il.

Shunday qilib Viyet Soy go’zal qiz yashaydigan uyga kelibdi. Qiz uning giuldastasini olibdi. Og’zi qulog’iga yetgan Viyet Soy o’zicha: “ Endi oyijonimning ikkinchi topshirig’ini bajarishim kerak- erinmasligim lozim, qaylig’imning otasi nima qilsa, shuni qilishim, uning nima qilmoqchiligini oldindan bilib turishim shart”,  deb o’ylabdi.

  Viyet Soy bundoq qarsa, qizning otasi bolani olib, uydan chiqib ketayotganmish. U shatta o’rnidan turibdi-da, narigi boltani olib, cholning orqasidan yo’rg’alabdi.

   Chol o’rmonga boribdi-da, qurib qolganpalmayonida to’xtabdi. Chopmoqchi bo’lib boltani endi ko’targan ekan, Viyet Soy uning qo’lidan ushlab, to’xtatibdi-da:

-Keling , men kesa qolay!- deb xitob qilibdi.

- Kesa qol,- debdi chol va nariroqdagi bambuk daraxti yoniga boribdi. Biroq endi boltani ko’tarayotganda, Viyet Soy yana uni to’xtatibdi:

- Keling, shuni men kesa qolay!

-  Palmani kesishga kuching yetmagan bo’lsa- mayli, bambukni kesa qol,- debdi chol va qaytib palmaga yaqinlashibdi.

   Endi bolta uraman deb tursa, Viyet Soy ta’g’in yetib kelib:

-  Yo’q, yo’q,- dermish,- men burchimni bilaman. Bu palmani hozir kesaman.

 “ Bu bola tentakka o’xshaydi-ku?”- deb tashvishlanibdi chol. Lekin sir boy bermay. 

- Mayli , sen palmani kes, men bambukni yiqita qolaman,- debdi-da , bambuk daraxti tomon yo’ olibdi. Tag’in daraxtga endi bolta uray deganda Viyet Soy uning qo’lidan ushlab qolibdi:

-  O’zingizni qiynamang, men o’zim hozir buni kesib yashlayman.

“Buning jinniligi aniq!” degan qat’iy qarorga kelgan chol tashvishi ortib uyiga jo’nabdi.

  Viyet Soy onasining “Bo’lg’usi qaynatang nima qilsa, sen ham shuni qailaver” deya tayinlaganini eslab qolibdi-yu, cholning orqasidan chopibdi.

  Orqasidan Viyet Soyning kelayotganini ko’rgan  chol dahshatga tushibdi-da, o’zini bitazorga uribdi. Uning qalpog’I bir shoxga ilingancha qolibdi. Viyet Soy shu yerga kelganda o’zining yap-yangi qalpog’ini yechib, o’sha shoxga ilib qo’yibdi. Bolta bilan yugurishga qiynalgan chol uni o’tloqqa uloqtiribdi. Viyet Soy ham boltasini o’sha yoqqa otibdi.

  Chol orqa-oldiga qaramay qochibdi. Muyulishda bir to’nkaga qoqilib, zovurga ag’anab tushibdi. U yerdan endi chiqay deganda Viyet Soy o’zini zovurga otibdi. Viyewt Soy ham xuddi unga o’xshab jim yotaveribdi.

- Bu axmoq til tortmay o’ldi, shekilli- o’ylabdi chol ichidan quvonib.- O’ziga kelmasidan tezroq uyimga borib olay.

 Chol bir amallab zovurdan chiqibdi-da, uyiga jo’nabdi. Bir mahal o’zi bilan kimdir izma-iz kelayotgandek tuyulibdi. Bundoq qarsa, orqasida Viyet Soy turganmish.

  Chol oyog’ini qo’lga olib yana qochibdi.

  O’takasi yorilayozgan chol o’z kulbasiga  kiribdi-yu, ovozi boricha baqira boshlabdi:

- Viyet Soy aqldan ozgan! U meni bolta olib quvlab kelyapti! U meni o’ldirmoqchi! U sizlarni ham o’ldiradi! Bu tentakning ko’ziga ko’rinmanglar! Bekininglar!

  Yuragi chiqib ketgan qiz va uning onasi o’zlarini qorong’I burchakka urishibdi. Chol guruch solingan qopga kirib yashirinmoqchi bo’libdi.

   Huddi shu paytda kulbaga Viyet Soy kirib kelibdi. Qarasa, qizning otasi qopning ichiga kiryapti, u ham o’zini o’sha yerga uribdi. Buni ko’rgan ona-bola qichqirishibdi:

- Qutqaringlar! Yordam beringlar! O’ldiryapti!

 Chol ham baqira boshlabdi:

-Qutqaringlar! Yordam beringlar! O’ldiryapti!

 Onasi tayinlagan gapni eslab qolgan Viyet Soy ham ovozi boricha baqirarmish:

- Qutqaringlar! Yordam beringlar! O’ldiryapti!

  Albatta, shuncha baqir-chaqirga butun qishloq yig’ilibdi. Qo’rqib ketgan cholini qopdan chiqarishibdi. Chol yuz-ko’ziga yopishgan qipiqlarni qoqarkan, kuyovga g’azab bilan qarabdi-da:

- Mening uyimdan qorangni o’chir!- debdi.

Viyet Soy uyiga qaytibdi. Yo’l bo’yi o’zini nima sababdan haydab yuborishganini o’ylabdi. O’ylab, o’yiga yetolmabdi.

   Aytishlaricha, Viyet Soy haligachayam uylanmagan emish. Hali- hanuz bo’lg’usi  qaynatasiga nima uchun yoqmaganini o’zicha muhokama qilarmish.


Orqaga qaytish