Jahon adabiyoti

5647 marta o'qildi
BARZUYA HAKIM HAQIDAGI BOB

Fors Hakimlarining buzrugi Barzuya shunday naql qiladi: " Mening otam qo’shin boshliqlaridan, onam esa Zardo’sht pirimug’onlari oilasidan edi. Ollohning menga baxsh etgan ilk ne'mati ota-onamning muhabbati bo’ldi. Ular mening haqimda qayg’urur, boshqa farzandlaridan ko’proq sevar, mening tarbiyam  bilan maxsus shug’ullanar, yeyish-ichishimga alohida e'tibor berar edilar.  Yetti yoshga yetganimda tib ilmini o’rganish uchun meni maktabga berdilar. Bu ilmning foydali ekanligini anglab uni zo’r ehtiros bilan o’rgana boshladim. Keyin bu hunarda shuxrat qozonib, kasallarni davolay boshladim.  Shu bilan birga hamma singari men ham to’rt narsani orzu qila boshladim:

BARZUYA HAKIM HAQIDAGI BOB

 

         Fors Hakimlarining buzrugi Barzuya shunday naql qiladi: " Mening otam qo’shin boshliqlaridan, onam esa Zardo’sht pirimug’onlari oilasidan edi. Ollohning menga baxsh etgan ilk ne'mati ota-onamning muhabbati bo’ldi. Ular mening haqimda qayg’urur, boshqa farzandlaridan ko’proq sevar, mening tarbiyam  bilan maxsus shug’ullanar, yeyish-ichishimga alohida e'tibor berar edilar.  Yetti yoshga yetganimda tib ilmini o’rganish uchun meni maktabga berdilar. Bu ilmning foydali ekanligini anglab uni zo’r ehtiros bilan o’rgana boshladim. Keyin bu hunarda shuxrat qozonib, kasallarni davolay boshladim.  Shu bilan birga hamma singari men ham to’rt narsani orzu qila boshladim:

mol to’plamoq, kayf surmoq, boshqalarning hurmatiga sazovar bo’lmoq va abadiy shuhrat qozonmoq . Shuni aytish kerakki, tib ilmining butun dunyoda zo’r hurmati bordir. Tib kitoblarida: " Tabiblarning eng fozili bemorlarni pulsiz muolaja etuvchilardir, bu yo’l bilan ular ham bu dunyoning, ham narigi dunyoning  ne'matlaridan bahramand bo’ladilar", deb yozilgan. Dehqonning urug’ sepishdan maqsadi yerdan g’alla undirib, o’z rizq-ro’zini topishdir. Hayvonlarning yem-xashagi bo’lgan o’t o’z-o’zidan o’saveradi.

Xullas, qaerda sog’ayishiga umidi bo’lgan odamni eshitsam, borib uni muolaja eta boshladim. Birozdan keyin tengqurlarimning mol va davlati menikidan ziyod ekanligini ko’rdim. Nafsim ustun chiqib, mol- dunyo to’plamoq havasiga tushdim. To’g’ri aqldan ozishimga sal qoldi. O’z-o’zimga dedim: " Ey nafs, sen foyda bilan zarar orasidagi farqni ko’rmayapsan. Aqlli odam aziyati ko’p, foydasi kam  bo’lgan narsani orzu qiladimi? Agar sen yaxshi ot qoldirib ketish fikrida bo’lsang, bu foniy dunyoda ochko’z va hasis bo’lma.

Noto’g’ri fikrlardan qayt, savob orttirishga harakat qil. Odamning hayoti bir-biriga zid bo’lgan to’rt unsurning qorishmasidan iborat, xuddi yigirilgan ipga o’xshaydi, uning uzoq vaqt uzilmasdan tura  olishiga ishonch yo’q?.

Odam badaning a'zolari bir mix bilan qoqilgan oltin butga o’xshaydi. Mix sug’urib olinsa, but bo’aklarga bo’linib ketganidek, odamning badani ham yashash qobiliyatini Yo’qotib , parchalanib ketadi. qarindosh-urug’laring, do’st-oshnolaring bilan ko’pda mag’rurlanma va ular bilan birga bo’lishni ortiqcha havas qilma. Hamisha ularning sevinchlari qayg’ularidan oz, g’amlari esa shodliklaridan ko’p bo’ladi. Bu g’am va g’ussa ustiga yana hijron dardi va ayriliq alami, xotini va bolalarini ta'min qilish uchun mol yig’ib, boylik to’plashga majbur bo’ladi va bu yo’da o’zini qurbon qiladi. Bunday odam  olovga tashlangan xushbo’y ud yog’ochiga o’xshaydi, uning hididan boshqalar foydalanadi, o’zi esa yonib kul bo’ladi".

Yana o’z-o’zimga dedim: "Sen bemorlarni muolaja qilishdan qolma, jamoat hakimning qadrini bilmaydi, degan gaplarga quloq solma. Agar biror odamni o’lim changalidan  qutqarib olishga muvaffaq bo’la olsang, buning savobi har narsadan ko’p ekanligini nazarga ol.

Uzoq davom etgan og’ir kasallik tufayli bola-chaqasi bilan osh-nonga muhtoj bo’lib qolgan bir odamni muolaja etish va uning salomatligini qaytarib berish qanchalik savob

ish ekanligini kim e'tirof etmaydi?"

O’z nafsim bilan olishib, o’zimni yana to’g’ri yo’lga sola bildim. Hech narsa olmasdan sidqidil bilan bemorlarni davolay boshladim, uzoq muddat shu ish bilan mashg’ul bo’ldim. Bu xizmatim evaziga rizqi ro’z darvozalari qarshimda ochila berdi. Shoxlar menga birin-ketin sarupolar in'om qila boshladilar, xazina darvozasini ochib qo’ydilar.

Boylikda, shonu shavkatda o’z tengdoshlarimdan o’zib ham ketdim.

Kunlardan bir kun men tib ilmining muvaffaqiyatlari va natijalari haqida, beradigan foyda va samaralari borasida fikr yurita boshladim. Natijada, tib ilmi sog’liqni abadiy saqlay olmaydi, hech bo’lmasa biror kasallikni tamomila yo’qotib, uni qaytib kelmaydigan qila olmaydi, degan xulosaga keldim. Bas, shunday ekan, aqlli odam tib ilmini shifobaxsh etuvchi ilm deb hisoblay oladimi? Shunday savob ishlar qilib oxiratni o’ylash menga zarurroq ko’rina boshladi. Aytishlariga ko’ra, oxiratni o’ylash har qanday kasallikni bir yo’la yo’qotadi, yo’qotganda ham qaytib kelmaydigan qilib  yo’qotadi.

Men mana shularning hammasini o’ylab chiqqandan so’ng tib ilmidan qo’l tortib, ilohiyot bilan mashg’ul bo’la boshladim. To’g’risi, men endi  avvaliyu oxiri ko’rinmaydigan bir yo’lga tushdim. Yo’l qorong’i va hatarli edi. Na bir yo’l biluvchi odam bor edi, na bir yo’l yorituvchi mash'al. Tib kitoblarida ham bu  haqda bir narsa deyilmagan ediki, o’shanga suyanib shak va shubhadan, xayrat va taraduddan qutulsam. Turli xalqlarning dini orasida ham katta farq va ziddiyat bor edi. Ularning orasida g’olib va mag’lub , yaratuvchi va

yaratiluvchining har birisi o’zi aytgan so’zlarni to’g’ri, muholifning aytganini noto’g’ri deb bilardi.

Shunday o’ylar bilan shak va shubha sahrosida goh oldinga ketar, goh orqaga chekinardim, tepalar oshib, vodiylarni bosib o’tardim, lekin na maqsadga olib boradigan va na haqiqatga erishtiradigan to’g’ri bir yo’l topa bilardim. Nihoyat, butun din olimlari bilan ko’rishib, ularning e'tiqodlarini o’rganib, yuragimga mos to’g’ri bir tariqat topishga ahd qildim. Butun din-mazhablar bilan chuqur tanishib chiqdim, qarasam, har toifa o’z dinining ustunligidan  lof uradi, boshqalarnikini esa yomonlaydi. Men ulardan birontasiga ham ergashmadim, o’z dardimga darmon topolmadim. Ularning hammasi bema'ni-beburd ekanligi menga oydin bo’ldi. Aqlli odam ularning so’zlaridan hech birisini qabul eta olmas edi.

O’z-o’zimga dedim: " Agar men bunday muloxazalardan  so’ng bu dinlardan birini qabul etsam, quyidagi hikoyatda bayon etilgan nodon o’g’ri ahvoliga tushib qolaman.

 

 

alila va Dimna.- T. 2010 


Orqaga qaytish