She`rlar va ruboiylar

5528 marta o'qildi
Sa'diy Sheroziy ruboiylari

Boylik va amal — nokas uchun olamda,

Ov chog‘ida it yaxshi, axir, odamdan.

 

RUBOIYLAR

 

Ko‘nglim o‘tidan ichimdagi qon qaynar,

Shundan meni el telba debon gap o‘ynar.

Kim ko‘rsa edi Layli yuzini bir bor,

Bilgay edi: Majnunni nima dard qiynar?

 

* * *

 

Vah-vah, na qiyomat bu kelishgan qomat!

Yo‘q sarvda hatto qomatingga nisbat!

Boshlandi qiyomat, demasin, marhumlar,

Hech o‘tma mozor qoshidan, ey mohtal’at!

 

* * *

 

Buzgancha vafo shartini ul jonona,

Tark ayladi — ko‘nglimni qilib vayrona.

Dedi: «Meni uyqungda ko‘rarsan endi!»

Dedim: «Menga sensiz uyqudir begona!»

 

* * *

 

Shohdir o‘sha bevafo ko‘ngil taxtimda,

Sham’ elga, biroq alangadir raxtimda.

Ul barcha bilan o‘ng-u, faqat men ila ters,

Yo‘q aybi uning, gunoh bu sho‘r baxtimda!

 

* * *

 

Tunlar o‘tadi — uyqu qochib ko‘zimdan,

Ko‘nglimni uzolmagum dilafro‘zimdan.

O’z qo‘li bilan to‘ksa edi qonimni,

O’lsam edi rozi bo‘lib o‘z-o‘zimdan.

Ergash Ochilov tarjimalari

 

 

 

FARDLAR

 

Balolar domida qolsang, Xudo nomini tutgaysan.

Agar hal bo‘lsa mushkuling, yana Haqni unutgaysan.

 

* * *

 

Shunday deyishar ,ekan bir qavmi arab:

Nasli tutasin, agar tug‘ilsa beadab!

 

* * *

 

Ey bo‘ri, kuchingga bo‘lma maftun,

Yuz bergusidir dodingnn bir kun.

 

* * *

 

Xudoni esla doim sog‘u boyu shod yurganda,

Dilu jondan Xudo deysan, axir, baxt yuz o‘girganda.

 

* * *

 

Kim kuchliyu qudratliyu ham pahlavon?

O’z nafsini yengolgan odam pahlavon!

 

* * *

 

Insofga kirib, kim xayr uchun bog‘lar bel:

Topsin uni(ng) xayridan madad muhtoj el.

 

* * *

 

Boylik va amal — nokas uchun olamda,

Ov chog‘ida it yaxshi, axir, odamdan.

 

 

 

Ergash Ochilov tarjimalari


Orqaga qaytish