Ota-onalar uchun

5682 marta o'qildi
Tarbiyali bolani qanday voyaga yetkazish mumkin?

Xushmuomalalik - madaniyatli insonning muhim xislatlaridan biri hisoblanadi. Xushmuomala bo'lmasdan turib, atrofdagilarda ijobiy fikr uyg'otish mushkuldir. Shu sababli ota-onalar o'z farzandlariga ana shunday xislatlarni singdirishga harakat qiladilar. Ayrim bolajonlar bunday talablarni osonlikcha qabul qiladilar, ayrimlari esa buni qiyinchilik bilan o'zlashtiradilar.

 

Xushmuomalalik - madaniyatli insonning muhim xislatlaridan biri hisoblanadi. Xushmuomala bo'lmasdan turib, atrofdagilarda ijobiy fikr uyg'otish mushkuldir. Shu sababli ota-onalar o'z farzandlariga ana shunday xislatlarni singdirishga harakat qiladilar. Ayrim bolajonlar bunday talablarni osonlikcha qabul qiladilar, ayrimlari esa buni qiyinchilik bilan o'zlashtiradilar. Buning sababi nimada? Muloyim va xushmuomala farzandni qanday tarbiyalash mumkin?

Ushbu maqolada aynan shu xislat haqida, uni bolada qanday o'yinlar orqali shakllantirish mumkinligi haqida to'xtalib o'tamiz.

"Muloyimlik" bu qanday xislat? Ushbu xislatning muhimligini va ijobiyligini barcha birdek tan oladilar. Aksariyat ota-onalari o'zlarining hali kichkinagina chaqaloqlarini 3-4 yoshlik bo'lganda, aqlli, idrokli va xushmuomala ko'rinishda tasavvur etadilar. Ota-onalar ushbu tushuncha ostida qanday ma'noni tushunadilar? Barcha ota-onalar muloyimlik va xushmuomalalik kabi tushunchalari borasida turlicha fikr bildiradilar. Ayrimlari bolaga eslatmasdan oldin, farzandning o'zi, mustaqil anglagan holda "Assalomu alaykum", "Xayr", "Rahmat", "Iltimos" kabi sehrli so'zlardan foydalanishlarini istaydilar. Boshqalari sho'xlik qilmasdan omma oldida o'zini tarbiyali tutishlarini xohlaydilar. Ular xushmuomalalikni shunday tushunadilar, uchinchilari esa o'z bolasining urushqoq bo'lmasa, uni muloyim deb hisoblaydilar. Bunday fikrlar bolajonlarning ota-onalari kabi juda ko'p. Ota-onalar o'z farzandlarida ana shunday salbiy jihatlarning yo'qolishini istab, muloyim va xushmuomala bo'lishini istaydilar. Siz uchun, farzandingizni tarbiyalashda "muloyimlik" tushunchasi deganda nimani tushunasiz? Va sizning uchun, bolangizda ko'rishni istagan sehrli so'zlarning yig'indiisi qanday? Ana shu savolga o'zingiz javob topa olsangiz, tarbiyaning to'g'ri yo'nalishini tashkil eta olasiz.

 

Bola bilan voyaga etuvchi muloyimlik

 

Bolaga qaysi yoshda muloyimlik xislatlarini singdirishni boshlash mumkin? Bir xil ota-onalar ushbu xislatni bola tug'ilishi bilan yo'rgakdaligidan boshlash lozim deb aytadi, boshqasi esa o'zining 4 yoshlik farzandini bunga hali bunday xislatni singdirish erta, bola hali tushunmaydi deb fikr bildiradi. Aslida esa, birinchi fikr bildirgan, bolani tug'ilishi bilan tarbiyani boshlagan ota-onalar haqdirlar. Chunki bola atrof-muhitni tez o'rganishni boshlaydi, u shunday yaratilgan, atrofdagi axborotni o'zining kichkina "miyachasiga" bosma qog'oz singari singdirib boraveradi. Bir yoshlik davrgacha bo'lgan davrni chindan ham ulkan yutuqlar davri deb atash mumkin. Bola kichkina hech narsani bajara olmaydigan chaqaloqdan, atrof-muhitni tushunadigan va undagi insonlar bilan muloqot qilishni o'rganadigan bir insonga aylanadi. Va aynan shu davrda muloyimlik va xushmuomalalikning ilk asoslari solina boshlanadi. Bu qanday ro'y beradi? Bola hali kichkina bo'lsa, ushbu asoslarni qanday tushuntirish mumkin? Kichkintoy bunday xislatlarni atrofdagi insonlardan o'rganadi, ular o'zaro qanday suhbatlashishadi, ana shu taraflarni bola kuzatadi, kattalarga taqlid qiladi. Misol uchun ikki xil oilani taqqoslab ko'rishimiz mumkin. Birinchi oilada ikki yosh ota ona bir yoshlik farzandni voyaga yetkazmoqdalar. Ular o'zaro muloyimlik bilan suhbatlashadilar. Bir birlariga "Iltimos", "Rahmat" so'zlaridan o'rinli foydalanadilar. Farzandlariga ham "Iltimos anavini olib yubor",-deb murojaat qiladilar. Bola olib berganida esa "Rahmat bolajonim"deyishga erinmaydilar. Ovqat yeyishni boshlaganda "Yoqimli ishtaha" tilaydilar. Bola uyquga ketishidan avval "Yaxshi yotib turgin bolam",-deb muloyimlik bilan uxlatishga harakat qiladilar, bexosdan turtib yuborsa "Bolajonim kechirasan",-deya kechirin so'raydilar.

Ikkinchi oilada esa xuddi ana shunday yosh oila mavjud bo'lib, ularning farzandlari ham hali bir yoshga to'lmagan bo'ladi. Lekin birinchi oilaga nisbatan suhbatlashish uslubi farq qilib, ota-ona bir biriga "Iltimos" yoki "Kechirasan" kabi muloyim so'zlar deyarli ishlatilmaydi. Kichkintoy bilan suhbatlashganda ham ona bunday so'zlardan deyarli foydalanmaydi. "Yaxshi yotib tur" tilagi o'rniga "Bo'l tez uxla!" o'dag'aylangan so'zlar ishlatiladi. "Iltimos menga ber" iborasining o'rniga, "Tez ber dedim, hozir bo'lmasa kaltak yeysan", - degan ibora bilan o'rin almashadi. Endi tasavvur etib ko'ring, qay bir oilada farzand muloyimlikka o'rganadi? Albatta birinchi oilada, bu shubhasiz! Agarda oilada o'zaro hurmat va muloyim muloqot uslubi barqaror topgan bo'lsa, bola uchun ham muloqotning bunday turi odatiy tusga aylanadi, bola ilk oylaridan boshlab shu yaxshi xislatlarni o'ziga singdira boshlaydi. Shu bilan birga bola tili chiqqanida ham uning nutqida bunday so'zlar o'rin egallaydi. Bunday so'zlar tabiiy ravishda, hech qanday darslar va hech qanday tarbiya soatlarisiz paydo bo'ladi. "Bolangizni qanday qilib bunday muloyim, xushfe'l qilib tarbiyaladingiz"degan savolga ayrim ota-onalar, "bilmadik, o'zi shunday bo'lib o'sdi" deyishlari yoki "biz o'zimiz shunday suhbatlashamiz, farzandimiz ham bizga tortgan" deb aytishlari mumkin. Ikkinchi oilada bolaning xushhulq bo'lib voyaga etishi aniq emasdir. Bola suhbatlashishning boshqa turini ko'rmagan, farzandingiz o'zini shunday tutsa, undan esa, o'zingizdan hafa bo'ling. Bolaning o'zini bunday tutishi esa agressiv fe'l-atvor ko'rinishini namoyon etadi. "Sehrli" so'zlar bolaning nutqidan o'rin egallamaydi. Bola bunday holatda o'z o'zidan muloyim bo'lib qolmaydi. Vaqti kelib esa nima sababdan ularning farzandlari, katta odamni ko'rganda salomlashmasligi, xayrlashmasligi va "rahmat" aytmasligidan hayron bo'ladilar. Bolaning bunday fe'l-atvorini ko'rgan ota-ona bolaga jahl qiladilar, uni urishib majburlab ayttirishga urinadilar. Aslida esa bolani emas, ular o'zlarini urishishlari va aynan o'zlarining fe'l-atvorini o'zgartirishlari kerakligi haqida o'ylanib ko'rishlari lozim. Va bir kun onaning o'z farzandidan boshqa bolaga qarab "Qani manga tez ber, bo'lmasa ko'rasan" iborasini eshitib qoladigan bo'lsa, ona biroz fikr yuritib, nima sababdan "Iltimos menga ber"deb aytmasdan, ana shu iboradan foydalangani haqida onaning o'zi o'ylanishi zarur. Bola - oyna! Siz nima qilsangiz, o'zingizni qanday tutsangiz, uning aksini o'z farzandingizda ko'raverasiz! Shu sababli bolani muloyim va xushfe'l qilib tarbiyalashdagi eng muhim va dastlabki bosqich bu - kattalar tomonidan to'g'ri va namunali fe'l-atvorining namoyish qilinishidir.

 


Orqaga qaytish