Yangi o`zbek adabiyoti

5346 marta o'qildi
Umida Abduazimova

Umida Abduazimova 1953-yilda Toshkent shahar Yunusobod tumani ''Bobodehqon" mahallasida tug'ilgan. O'rta maktabni oltin medal bilan tugatib, Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetiga o'qishga kirgan. 

(1953- yilda tug'ilgan)

Umida Abduazimova 1953-yilda Toshkent shahar Yunusobod tumani ''Bobodehqon" mahallasida tug'ilgan. O'rta maktabni oltin medal bilan tugatib, Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetiga o'qishga kirgan. O'qishni bitirgach, O'zbekiston televideniyasi adabiy ko'rsatuvlar muharririyatida ishlagan. 1990 — 1995- yillarda „Ma'rifat" gazetasida bo'lim muharriri va bosh muharrir o'rinbosari vazifasida xizmat qildi. 1995- yildan buyon „Tong yulduzi" gazetasida bosh muharrir lavozimida faoliyat ko'rsatmoqda.

Umida Abduazimovaning „Sevinchim", „Seni ko'rgim kelaveradi", ''Arazlamang", „Salom, hayot", „Qadimiy qo'shiq", „Oydin orzular". „Umrim ziynati", ''Oymoma bog'' nomli o'ndan ortiq she'riy va publitsistik to'plamlari o’z kitobxonlarini topgan.

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi Umida Abduazimova 1997-yil ..Shuhrat" medali bilan taqdirlangan.

 KENGURU

Hayvonot bog'ida bir

G'alati do'stimiz bor.

Egnida qora, qo'ng'ir,

Savlatli po'stini bor.

Uning qo'llari kalta.

Oyoqlari uzundir.

Qornida esa xalta,

Dumi tizim-tizimdir.

Xaltaga bolasini

Solib yurar Kenguru.

Bolangizni seving, deb

O'rnak bo'lib turar u!

 

 

O'RGATARLAR

Qushlarga eng birinchi

Uchishni o'rgatarlar.

Sichqonlarga mushukdan

Qochishni o'rgatarlar.

Xo'rozlarga qichqirish,

Cho'qishni o'rgatarlar.

Bolalarga birinchi —

O'qishni o'rgatarlar.

Katta bo'lgach, albatta,

Qushlar uchishi kerak.

Mushuk yeb qo'ymasin, deb

Sichqon qochishi kerak.

Hamla qilgan dushmanni

Xo'roz cho'qishi kerak.

Bolalar-chi, albatta

A'lo o'qishi kerak.

 

A'lochi o'quvchilar

Bilimdondir, bilimdon!

A'lochi o'quvchidan

Talabimizni bilib ol!

Hamma fandan „besh" olib,

Xulqini „besh" qilmasa,

G'ayratni ishga solib,

Yurakdan ish qilmasa.

Mensimasa do'stlarin,

„A'lochiman”, deb agar,

Bunday “a'lochi”lardan

Kechmoqlik shart muqarrar!

Yolg'izlangan ”a'lochi",

Ayting, kimga qo'shilar?

Garchand kundaligiga

Har kuni ”besh” qo'shilar.

Qo'shilmaydi bolalar

Unday a'lochilarga.

Faqat o'zini o'ylab,

O'ziga „besh" tilarga!

 

BIR BOLA BOR...

Bir bola bor,

Bir so'zli.

Oyoq-qo'lli,

Qosh-ko'zli.

Bir ish qilsa,

Tolarmish,

Chunki u “yosh

Bolamish...”

Ish buyursang.

Chap berar.

Ammo o'zi

Gap bilar:

Olib qo'ying,

Tirnog'imni.

Yuvib qo'ying,

Oyog'imni.

Kiygizing,

Paypog'imni.

Kiygizing,

Qalpog'imni...

Tugmachamni

Taqib bering...

Yong'og'imni

Chaqib bering.

Tufligimni

Artib bering...

Bu bola kim?

Aytib bering...

 QULOQ

Hojiakbar cho'zilib,

Qizargan qulog'ini.

Ushlagancha o'y surib,

Takrorlar so'rog'ini:

Nega odam qulog'i

Tekis emas, burishqoq?

Dazmollasam, dars chog'i

Eshitarmi yaxshiroq?..

 BARNONING QO'G'IRCHOG'I

Barnoning qo'g'irchog'i

Doim kulib turadi.

Barno bo'lsa arazchi,

Qovoq solib turadi.

Barnoning qo'g'irchog'i

Yig'lash nima, bilmaydi.

Barno qiz bir yig'lasa

Hech ovutib bo'lmaydi.

Barnoning qo'g'irchog'i

Kiyim talash qilmaydi.

O'yinchog'-u arg'imchoq —

O'yin talash qilmaydi.

Barno bo'lsa qizg'anchiq,

Hech narsasin bermaydi.

Yoki o'zi ham o'ynab

Bunday kulib yurmaydi.

Barnoning qo'g'irchog'i

Baribir kulaverar.

Arazchi va qizg'anchiq

Qizning adabin berar.

MUHABBAT

Muhabbat oilaning

Kenja qizi — shirini.

Nega bunday ekanin

Aytib beray sirini.

Akasi-yu opasi

Ketishgach o'qishiga,

Yordamlashar yo'q demay

Buvijonin ishiga.

Chelakchada suv sepib,

Hovlini supuradi.

Tuproqning nondek isi

Dimoqqa ufuradi...

Dastro'molini yuvib

Quritadi so'rida.

Buvisi esa maqtar

O'tirib uy to'rida.

Zeriktirmasdan hatto

Qo'shiq aytib beradi.

Buvijoniga yoshlik

Paylin qaytib beradi.

Ulgurar qo'g'irchog'in

Allalab uxlatishga.

Hatto gazga choy qo'yar

Oyijoni qaytishga!

Hammani qarshi olar

Bir-bir „salom", „salom"lab.

Erka qiz bo'lib qolar

Dadasini achomlab...

 


Orqaga qaytish