O`zbek mumtoz adabiyoti

5540 marta o'qildi
Fitrat

Fitrat `oz tarjimai holida yozishicha, 1884 yilda Buxoroda tug`ildi (S. Ayniy uni 1886 yilda tug`ilgan deydi).Otasi Abdurahimboy savdo ishi bilan shug`ullanardi.

Fitrat hozirgi zamon o`zbek adabiyoti, fani va madaniyatining yirik vakilidir. U qomusiy bilimga ega olim, adabiyot nazariyachisi, o`tkir tilshunos, o`ziga xos dramaturg va shoir, jangovar siyosiy publitsist, noshir, jurnalist va talantli davlat arbobi edi.

Fitrat `oz tarjimai holida yozishicha, 1884 yilda Buxoroda tug`ildi (S. Ayniy uni 1886 yilda tug`ilgan deydi).Otasi Abdurahimboy savdo ishi bilan shug`ullanardi. Shuning uchun chet ellarga (Qashqar, Turkiya, Eron) borar, dunyo ahvolidan boxabar edi.Onasining ismi Bibijon edi.Fitrat boshlang`ich tarbiyani diniy maktabda oldi, keyin "Mirarab" madrasasida tahsil ko`rdi. Fors, arab tillarini mukammal bilgan Fitrat o`z davridagi ijtimoiy-siyosiy voqealarga ham qiziqib qaradi. O`zining aytishicha, avval jadidlar harakatiga qarshilik qildi, keyin uning mohiyatini anglab yetgach, bu harakatga qo`shildi. Hatto ashaddiy targ`ibotchilaridan biriga aylandi. Shu jadidlar maslahati va yordami bilan Istambulga (Turkiyaga) o`qishga bordi va 1909 - 1913 yillarda shu yerda istiqomat qildi. Turkiyadagi hayoti Fitratning dunyoqarashi, siyosiy ongini keskin o`zgartirib yubordi. U Turkiston hayotiga Turkiyadagi o`zgarishlar (bu paytlar "Yosh turklar inqilobi" voqeasi bo`lgan edi) va ilg`or mamlakatlar darajasidan chiqib qaray boshladi: diniy xurofotni keskin tanqid qildi, hatto dinni, maktab-maorifni va Turkistondagi idora usulini ham isloh etish qoyasi bilan nafas oldi.

Fitratning 1909 yilda Istambulda "Hindistonda bir farangi ila buxoroli bir mudarrisning bir necha masalalar ham usuli jadida xususida qilgan munozarasi" kitobi bosilib chiqi. (Fitrat asarini 1908 yilda yozganini aytadi).Asarning Buxoroda bosilishiga amir ruxsat bermagach, Istambulda nashr ettirgan edi. Asar forscha yozilgan, uni hoji Muin o`zbekchaga aylantiradi va "Turkiston viloyatining gazetasi"da bostiradi (1911). 1913 yilda alohida kitob holida chiqadi, unga Behbudiy kirish so`zi ham yozgan edi. "hibs qilish, o`ldirish, sangsor qilish kundagi odatlardan edi, - deydi Fitrat - u zamonlarda kitob yozishning o`zi "kofir"-lik edi. Men shu vaqtlarda birinchi asarni yozdim.Buxoroning idora usulini, ta'lim-tarbiya usulini, bir kuy rasmiy idoralarni tanqid qildim.Bu kitob Buxoroda tarqalar edi. Uning noshirlari bo`lg`on Buxoro jadidlarini tahlikaga tushirmaslik uchun amirga qaratib bir so`zboshi yozdi va shuning bilan, go`yo, tanqidning unga emas, ma'murlariga oid bo`lg`onini ko`rsatdim.Bu zamondagi Buxoroning ijobi edi.Shuning bilan meni Buxoro amirining tarafdori, deyish ham mumkin emas. Mening Buxoro amiriga qarshi har vaqt kurashganim va kurashgan tashkilotlarga rahbarlik qilganimni bilmagan yo`q".

Fitrat adabiyotning hamma janrlarida qalam tebrata boshladi.U 1910 yilda Istambulda "Sayxa" ("Chorlov") degan she'rlar to`plamini bostirdi.U ham fors tilida edi. "hind sayyohining qissasi" ham forscha yozilib, 1912 yilda Istambulda nashr etildi. Fitrat Turkiyadan qaytgach, Buxoro, Samarqanddagi qizg`in adabiy jarayon, madaniy, maorif ishlariga va siyosiy ishlarga aralashib ketdi. Samarqandda 1917 yildan chiqa boshlagan "Hurriyat" gazetasiga (27-87-sonlariga) muharrirlik qildi. Gazetada milliy mustaqillik g`oyasini targ`ib etdi.Uning "Qon","Begijon","Temur sag'anasi","O'g'izxon","Abo Muslim","Hind ixtilochilari" kabi dramalarida milliy mustsqillik uchun kurash g'oyasi yorqin ifodasini topgan.

 Fitrat 1921 yilda Buxoro hukumatida Xalq maorifi noziri, keyin Xorijiya noziri, xalq xo`jaligi Kengashining raisi, jumhuriyat Markaziy ijroiya qo`mitasining o`rinbosari,  hukumat reja va xarj-sarf tashkiliy hay'atining raisi kabi mas'uliyatli vazifalarda ishlab, Buxoroning ravnaqi uchun qo`lidan kelgan yordamini ayamadi. 1923-1924 yillarda esa frunzechilar tomonidan quvg'in qilingan shoir Moskvadagi Sharq tillari institutida ilmiy xodim bo`lib ishladi . Shu yillari unga professorlik unvoni berildi.Fitrat Moskvadan qaytib kelgach, Buxoro, Samarqand, Toshkent universitetlarida dars berdi.O`zbekiston Davlat ilmiy-tadqiqot institutida, Til va adabiyot. institutida, O`zbekiston Fanlar komitetida ishladi. Bu yillari qator badiiy asarlar bilan birga juda ko`p ilmiy asarlar yaratdi. Fitrat ham mustabid tuzum tayziqi ostida 1937 yilda hibsga olinib,  1938 yil 4 oktyabrda A. O`odiriy, Cho`lponlar bilan birga vahshiylarcha otib tashlandi.

 Fitrat ko`p qirrali ijodkordir. Bu - uning lirikasi, dramaturgiyasi, publitsistik va ilmiy maqolalaridir. Ammo shuni aytish kerakki, Fitrat hamma janrlarda ham bitta, yagona qalbi bilan namoyon bo`ladi: u badiiy ijodda ham, ilmda ham, ijtimoiy faoliyatida - davlat va jamoat arbobi sifatidagi xatti-harakatida ham bir maqsad, bir orzu-armon bilan nafas oldi. Bu - xalqni jaholat, turg`unlik, g`aflatdan uyg`otish, ilm-ma'rifatga chorlash, erkin, ozod, baxt-saodatli hayotga, birinchi navbatda, milliy mustaqillikka erishishga chorlashdir. U o`zbekning o`zligini tanishi, ota-bobolari kabi ulug`vor kashfiyotlar qilishga, birlashgan, kuchli, qudratli davlat tuzishga va dunyoning ilg`or madaniyatli mamlakatlariga yetib olishga chaqirdi. Butun ijodi xalqning qalb ko`zini ochishga va mehnat, o`qish, yaratish, kurashga  da'vatdan iboratdir.  Fitratning ilk to`plami -"Sayxa" ,to`plamdagi she'rlar fors tilida, undan 15 tachasi o`sha vaqtlarda (1914 yil) "Sadoi Turkiston" gazetasida o`zbekcha izohi bilan bosiladi.To'plam Vatanga muhabbat, xalq g`am-g`ussasiga achinish va zulmdan qutulishga undash tuyg`usi bilan yo`g`rilgan.

Ham mohi mangu osoyishi, izzu sharafi man

Ham ka'bai man, hiblai man, chamani man.

(U - mening osmondagi osoyishta oyim, izzatim, sharafim. U - mening sajdagohim, jonu tanimdir).Fitratning "Uchqun" degan to`plami chiqqanligi to`g`risidagi xabar ham matbuotda bosilgan (1923), ammo u topilmagan.Respublika matbuotida, "O`zbek yosh shoirlari" to`plamida (1922) qator she'rlari bosilgan. Garchand Fitrat fors, arab tillarini yaxshi bilsada, o`z she'rlarida iloji boricha ularni ishlatmaslikka va sodda o`zbek tilida yozishga intildi. Uning ustiga Fitrat `oz badiiy ijodi va ilmiy maqolalari orqali barmoq vaznining qulayligi va keng imkoniyatlarini targ`ib qiladi. "Bir oz kul", "Ishqimning tarixi", "Yana yondim", "O`qituvchilar yurtiga", "Qora" kabi she'rlari soddaligi va ichki tuyg`u va kechinmalarni haqqoniy ifodalab berishi bilan jozibalidir. "O`qituvchilar yurtiga" she'rida elni ma'rifat, haqiqat yo`liga yo`naltirish, jaholatga qarshi kurashishga da'vat etadi:

 Orqadoshlar jangli o`yin yiqqali,

 El ko`zini olg`on qorong`u pardalarni yiqqali,

 Biz erurmiz ma'rifat arslonlari, ilm erlari,

 To`planaylik, turing, elga to`g`ri yo`llar ochg`ali.

 Ellari maxvdan qutqaron ilm erur,

 Bizlarni ham bu kundan o`zi qutqarur.

 Biz erurmiz elning insonlik qonii qaynatuvchi,

 Turk arslonin `orinsiz uyqudan uyg`atuchi,

Fitratning eng mashhur she'rlaridan biri "Mirrix yulduzi"ga deb nomlanadi. Bu she'r uning boshiga ko`p kulfatlar soladi, uni millatchi deb ayblashda yana bir qo`shimcha dastak bo`lib xizmat qildi. 

 Bormi senda bizim kabi insonlar,

 Ikki yuzli ishbuzarlar, shaytonlar.

 O`rtoqqonini qonmay ichgan zuluklar,

 Qardosh etin t`oymay yegan qoplonlar?

 Bormi senda o`ksus, yo`qsulning qonin –

 Gurunglashib - choqir kabi ichganlar?

 Bormi senda butun dunyo tuzugin

 O`z qopchig`in to`ldirgani buzganlar?

 Bormi senda bir o`lkani yondirib,

 O`z qozonin qaynatguvchi qoqonlar?

 Bormi senda qorin, qursoq yo`lida,

 Elin, yurtin, borin-yo`g`in sotganlar?

 Fitratning "Sayyoh qindi" ("hind sayyohining qissasi") nasriy asari 1912 yilda bosildi. Bu asarning ahamiyati uning she'riyati va dramaturgiyasidan qolishmaydi. Asarda jahon xalqlari, ilg`or mamlakatlar fuqarosi ko`zi bilan Buxoro, umuman Turkistonning davlat tuzumiga, tartib qoidasiga, xalqning turmush tarziga, iqtisodiga, siyosatiga, mafkurasi, madaniyatiga, maorifiga nazar tashlab, ulardagi ibratli jihatlarni qo`llab-quvvatlab, illatlarini beayov fosh etgan. Fitrat asarda Buxoro hayotini besh qo`lday bilishi, uning rivojiga g`ov bo`lgan barcha illatlarni bartaraf etish choralarini ko`rsatib bera olishini namoyish qiladi. Asardagi sayyoh nomidagi shaxs ("Men") Fitratning o`zidir, u biror shaxs bilan - mezbon bilan suhbat qilish, munozara etish jarayonida `ozining ezgu fikr, tilak-armonlarini aytadi.Asarni Buxoroni, umuman Turkistonni taraqqiyot yo`liga olib chiqish dasturi deyish mumkin. "Ulamo" bobida Buxoroning ilm markazi bo`lganligini ta'kidlagani holda endi ortda - jaholat botqog`ida botib qolganligini aytib, shu buxoroliklarga boshqalar ham "Jaholat va g`aflat botqog`iga botdilar", "bugungi haqiqiy ilmdan mutlaqo xabarsizlar", deydi. "Umaro" bobida esa amaldorlar "hukmronlik otiga minib, bechorayu badbaxt xalqning mol, jon, arz, nomus va sharafini shafqatsizlarcha poymol etadilar", deydi.Fitrat illatlarni juda asosli, shafqatsiz tahlil qiladi: hovuzlardagi iflos suvlardan ichish - kasalliklarni ichishdir, soxta mozorlarga emas, faqat Ollohga si`ginish lozim deydi. Mutaassib ruhoniylarning hadislarda yo`q gaplarni tashviq qilishlarini tanqid qilib, `ozining qur'on, hadislarni, Imom Ismoil Buxoriyni chuqur bilishini namoyish qiladi: Buxoroda nechta madrasa borligi, ularning nomlari va "olamga to`rt yuz olimni hadya etgani"gacha, hozir esa cho`kib qolganini gapiradi."Ey bechora millat. Bularning barchasi majburan sha'riylashtirilgan huquqlar bo`lib, sen ana shu z`oravonlar - qoningni so'ruvchi, xonumoningni ko'kka sovuruvchi, sharaf va nomusning bunyodiga o`t q`oyuvchi kishilar tarafdorisanki, hali ham buni tushunmaysan! - deydi. Yana bir joyda "hammaga ma'lumki, har bir millatning taraqqiyoti uchun ilm asosiy sababdir.Sizning ilmingiz y`oq", deydi. Fitrat tijorat va boy bo`lishni targ`ib etadi, ammo boylikka sajda qilish, imon-e'tiqodni, insofni yo`qotishni qoralaydi. Shariat peshvolari tijoratni, boylikni qoralaydi, deyishadi. Fitrat payg`ambarimiz "kambag`allik kofirlikka yaqindir" degan edi deydi va faqat nafsni tiyish kerakligini uqtiradi ("Tijorat masalasi bashariyatning hayot-mamot masalasidir" deydi Fitrat). Asarda xalqni birlashishga, zavod-fabrikalar qurishga, tijoratni rivojlantirishga chaqiradi. Fitrat yaxshigina iqtisodchi va dono siyosatchi edi. "Sharq siyosati" (1920) kitobida "Musulmon dunyosi oyoqlari ostida yiqilg`on, tebranib, talpinib turadir" deyar ekan, Turkistonning inglizlar qo`liga tushmaslik va taraqqiy qilishi uchun Rossiya bilan yaqinlashishi kerakligini aytadi.1920 yilda "Chin sevish" va undan uch yil keyin 1923 yilda "Hind ixtilolchilari" fojiasini yozadi. Bunda ingliz boshinchilaridan hindistonni ozod qilishga kirishgan yoshlarning kurashi, jasoratini ko`rsatadi. Bu g`oya "Chin sevish" p'yesasida ham olg'a suriladi. "Chin sevish" Fitratning siyosiy-falsafiy yo'nalishdagi kuchli asaridir. Fitrat tasavvuf, naqshbandlik, yassaviychilik to`g`risida teran risola, maqolalar yozgan."Chin sevish"da bularning ta'siri seziladi.

Fitratning "Abulfayzxon" tragediyasi 1924 yilda Moskvada nashr etiladi.Tragediya garchand XVIII asrda yashagan ashtarxoniylar sulolasining so`nggi vakili Abulfayzxon hayoti haqida hikoya qiladi. Dramaturg toj-taxt va shoh, toj-tax va adolat, toj-taxt va xalq taqdiri, mamlakat taqdiri masalalarini qo`yadi. Zulm, adolatsizlik, zo`ravonlik mamlakat va xalqni xarob qilishini ko`rsatib beradi: zolim shoh, zolim amaldorning taqdiri fojiali yakunlanishi va faqat adolatli hukmdorgina xalq, yurtga tinchlik, baxt-saodat berishi mumkin, degan g`oya olg`a suriladi.  

 Fitrat ijodida diniy mavzuda yozilgan qator risola, maqola, hikoya va p'esalar bor. "Qiyomat" (1924), "Me'roj", "Zaynabning iymoni", "Ohmozor", "qiyshih eshon", "Zayd va Zaynab" kabi fantastik hikoyalar (1928- 1932), "Shaytonning tangriga isyoni" (1924) va "Ro`zalar" (1930) pyesalari shular jumlasidandir. Fitrat "Shaytonning tangriga isyoni"da `osha og'ir vaziyatdan kelib chiqib, doim salbiy ma'no ko`tarib yurgan Shayton obraziga ijobiy mazmun yuklaydi. Shayton odamga qarab turib, "Sen eslik b`ol, tusha qolma tuzoqqa", deydi.  Xudoga qarab:

Uzoqbo`lsin, men yuraman bu kun shod,

Tuthunlikdan, qullikdan-da ozod.

Rahbarim fan, payg`ambarim bilimdir.

 Toping`umdir yolg`izgina o`ziga,

 Yolg`iz o`zim qutildim deb yurmayman,

 Boshqalardan xabar olmay yurmayman

Buni daxi qutqarg`umdir qo`lingdan,

Chiqarg`umdir sening yanglish yo`lingdan.

 Fitrat ijodining yana bir asosiy yo`nalishi uning ilmiy asarlaridir. U ham talantli adabiyotshunos, ham kuchli tilshunos edi. "O`zbek tili grammatikasi" , "Tojik tili grammatikasi" (1930) va "Tilimiz" kabi til haqidagi o`nlab maqolalari uning zo`r tilshunos bo`lganligini ko`rsatadi. Adabiyot sohasidagi faoliyatiga nazar tashlasak, uning o`zbek va fors adabiyotlarini, adabiyot nazariyasining chuqur bilimdoni ekaniga ishonamiz. "Eski o`zbek adabiyoti namunalari", "XVI asrdagi so`nggi o`zbek adabiyotiga umumiy bir qarash", "Chig`atoy adabiyoti" va Yassaviy, Navoiy, Muhammad Solih, Mashrab, Turdi, Furqat, Muhimiy, Nodira, Umar Hayyom, Firdavsiy, Bedil haqidagi va nazariyaga doir, "Adabiyot qoidalari", "Aruz haqida", san'atning kelib chiqishi va she'riyat, o`zbek musiqasi to`g`risidagi asarlari uning ilmiy kuch-qudratining zo`rligini tasdiqlaydi. 

 Ko`rinadiki, Fitrat adabiyot va san'atning barcha turini nozik tushungan va ular to`g`risida shu sohaning yetuk mutaxassisi sifatida fikr yuritgan. Fitrat adabiy ijodi, ilmiy asarlari va ijtimoiy faoliyati bilan o`zbek adabiyoti, san'ati, fani va madaniyatiga katta hissa qo`shgan ulug`zotdir.


Orqaga qaytish