Musiqa olami

5347 marta o'qildi
To'ychi Hofiz Toshmuhamedov

To'ychi Hofiz Toshmuhamedov o'zbek qo'shiq san'atining ulkan namoyandasidir. Yangilikka intiluvchan, o'z zamonasining ilg'or ziyolisi bo'lgan To'ychi hofiz o'zbek hofizlari orasida birinchi bo'lib ijro etgan ashulalarini gramplastinkaga yozdirgan. O'zbek madaniyatining yetuk arbobi, benazir san'atkor To'ychi hofiz Toshmuhamedovning ijodi munosib taqdirlandi. 1927 yilda u "Mehnat Qahramoni" unvoniga sazovor bo'lib, bir necha bor orden va medallar bilan mukofotlangan.

To'ychi Hofiz  Toshmuhamedov

To'ychi Hofiz Toshmuhamedov o'zbek qo'shiq san'atining ulkan namoyandasidir. Yangilikka intiluvchan, o'z zamonasining ilg'or ziyolisi bo'lgan To'ychi hofiz o'zbek hofizlari orasida birinchi bo'lib ijro etgan ashulalarini gramplastinkaga yozdirgan. O'zbek madaniyatining yetuk arbobi, benazir san'atkor To'ychi hofiz Toshmuhamedovning ijodi munosib taqdirlandi. 1927 yilda u "Mehnat Qahramoni" unvoniga sazovor bo'lib, bir necha bor orden va medallar bilan mukofotlangan.

 

Tarjimai hol

O'zbek qo'shiq san'atining ulkan namoyandasi To'ychi Hofiz Toshmuhamedov - Mulla To'ychi 1868 yilda Toshkentda tug'ilgan. 1878-1884 yillarda eski maktabda o'qigan. Yoshligidan ashula aytishga mehr qo'ygan bo'lajak hofiz Navoiy, Hofiz, Bedil, Mashrab, Fuzuliy kabi mumtoz shoirlar asarlarini o'qib bahra olarkan, amakisi Qo'chqor otadan ashula aytish sirlarini qunt bilan o'rgandi.

Dastavval "Ey doston, gul marhabo", "Fig'on", "Shitob aylab" ashulalarni aytib yurgan hofiz, keyinchalik Shojalil hofiz, Shobarot tanburchilar jo'rligida Shahnozi Gulyor siklidagi shulalarini katta mahorat bilan ijro etib, el nazariga tushdi. 1890 yildan boshlab uning shuhrati Namangan, Xo'jand, O'sh, Marg'ilon, Andijon va boshqa shaharlargacha borib yetdi.

Yangilikka intiluvchan, o'z zamonasining ilg'or ziyolisi bo'lgan To'ychi hofiz o'zbek hofizlari orasida birinchi bo'lib ijro etgan ashulalarini gramplastinkaga yozdirgan. Hofizning g'ayrati va harakati bilan 1906-1912 yillarda Andijon, Farg'ona, Xo'jand va boshqa shaharlarda grammofon va plastinkalar sotiladigan do'konlar ochilib, ularda grammofonlar, o'zbek, rus va Ovro'pocha kuy, qo'shiq va ashulalari yozilgan plastinkalar sotildi.

To'ychi hofiz 1900 yilda Eron, Turkiya, Italiya, Hindiston, Misr mamlakatlarida bo'lib, o'zbek qo'shikchiligining asl namunalarini katta mahorat bilan ijro etib, xorijda o'zbek madaniyatini ilk bor targ'ib qilgan yetuk san'atkorlardandir.

1913 yilda Koshg'ar, Yorkent va 1914 yilda Chuguchak shaharlarida ham safarda bo'lib, dilbar ashulalarning iste'dodli, betakror ijrochisi sifatida shuhrat qozondi. XX asr boshida hali hech qaysi o'zbek xonandasi chet el san'at muxlislari orasida bunchalik hurmatga sazovor bo'lmagan edi. To'ychi hofiz 20-yillarda O'zbekistonda o'zbek xalq musiqa ansambllarini tuzishda ham faollik ko'rsatgan va katta konsertlar uyushtirganlardandir.

1927 yildan O'zbekiston Radioqo'mitasi o'zbek xalq cholg'u ansamblida xonanda, O'zbek Davlat filarmoniyasida solist sifatida qizg'in faoliyat ko'rsatgan. Hofiz 1920 yilda Moskvada o'tkazilgan qishloq xo'jaligi ko'rgazmasida, 1937 yilda Moskvada bo'lib o'tgan o'zbek san'ati Dekadasida ishtirok etdi va Katta Farg'ona kanali, Log'on kanali va boshqa xalq qurilishlarida madaniy xizmat qildi.

To'ychi hofiz aytgan "Bayot", "Ushshoq", "Segoh", "Girya", "Ilg'or", "Suvora", "Chorgoh", "Ko'cha bog'i", "Shahnozi Gulyor", "Taronai Dugoh" kabi mumtoz ashulalar o'zbek musiqa va qo'shiq san'ati tarixida alohida o'rin tutadi. 1937 yilda bastakor V. A. Uspenskiyning "Bayot", "Chorgoh", "Ko'cha bog'i", "Suvora" va boshqa ashulalarini yozib olgan.

To'ychi hofizning ijro yo'llarini o'rganib, san'atda o'z o'rnini topgan munosib shogirdlari - Sh. Shoumarov, Yunus Rajabiy, Risqi Rajabiy, Karim Zokirov, Boborahim Mirzaev kabi mashhur xonandalar uning ijrochilik an'analarini uzoq yillar davom ettirdilar.

O'zbek madaniyatining yetuk arbobi, benazir san'atkor To'ychi hofiz Toshmuhamedovning ijodi munosib taqdirlandi. 1927 yilda u "Mehnat Qahramoni" unvoniga sazovor bo'lib, bir necha bor orden va medallar bilan mukofotlandi. U 1943 yilda Toshkent shahrida vafot etdi. Toshkent gramplastinkalar zavodi, Qashqadaryo viloyat musiqali drama teatri To'ychi hofiz Toshmuhamedov nomi bilan tilga olinadi.

O'zbekiston Respublikasi mustaqilligining 9 yilligi munosabati bilan o'zbek milliy madaniyati rivojiga qo'shgan ulkan hissasi uchun To'ychi hofiz Toshmuhammedov "Buyuk xizmatlari uchun" ordeni bilan mukofotlandi.


Orqaga qaytish