Hikmatlar

4789 marta o'qildi
Abulqosim Firdavsiy hikmatlari

Yomonlikni aslo aylama odat,

Ozga qanoat qil, ochlikka toqat.

*   *   *

Baland saroy qurib qilgandan obod,

Yaxshidir bir g'arib dilin qilsang shod

           Hikmatlar xazinasi kitobidan

 ABULQOSIM  FIRDAVSIY

(934-1030)

Yomonlikni aslo aylama odat,

Ozga qanoat qil, ochlikka toqat.

*   *   *

Baland saroy qurib qilgandan obod,

Yaxshidir bir g'arib dilin qilsang shod

*   *   *

Kimki to'g'rilikni o'ylamas dildan,

Nafratga sazovor ul kishi chindan.

*    *   *

Xudo ne'matlarin oliysi idrok,

Aqlni vasf ctar, kimki dili pok.

*   *   *

Aql yo'l ko'rsatib, dilni etar shod,

Har ikki olamda aqlli obod.

*   *  *

Agar aqli xira bo'lsa har inson,

Shodlikka erisha olmas bir zamon.

*   *   *

Gar aqlin rahnamo qilolmas kishi,

Dilin o'rtar uning qilgan har ishi.

*   *    *

Aql ulug’likka etadi payvand,

Aqlsizning doim oyog'ida band.

*   *  *

Aql dil ko'zi-ku, fahmiga yetsang,

Yaxshimas jahondan ko'r o'tib ketsang.

*    *  *

Hamisha aqlingni rahnamo etgil,

Noloyiq ishlardan olisroq ketgil.

*    *   *

Ilmdan bir shu'la dilga tushgan on,

Shunda bilursankim, ilm bepoyon.

*   *   *

Jahonda hech ish yo'q bo'lmasin tadbir.

*   *   *

Yovni kichik bilib, kutma omonlik,

Kuning bitar, taqdir qilsa yomonlik.

*    *  *

Jahonni bermaylik, keling, yomonga,

Barchani boshlaylik yaxshi tomonga.

*    *   *

Yaxshi ham, yomon ham qolmas poydor,

Yaxshisi "yaxshilik qolsin yodgor".

*   *  *

Har qachon yangi yo'l tanlarkan kishi,

Ta'na-malomatlar eshitmoq ishi.

*  *  *

Jahonda qoldirsak agar yaxshi nom,

Bizdan so'ng faqat shul etadir davom.

*  * *

Yomonlikni kimki qilibdur odat,

Bu dunyoda nomi o'char oqibat.

*  *  *

Nima eksang o'sha tushar o'roqqa,

Nima desang shu so'z inar quloqqa.

*   *  *

Olamda dard yo'qki, bo'lmasin darmon.

*   *  *

Jahon boshdan-oyoq hikmat-ku, hikmat,

Nechun g'aflat bo’lmish bizlarga qismat.

*   *  *

Taqdir yomonliqni ko'rganda ravo,

Saboq ol, undan ham yog'ilsin ziyo.

Shoislom Shomuhamedov tarjimasi


Orqaga qaytish