O`zbek mumtoz adabiyoti

4706 marta o'qildi
Nosir Xisrav (1004-1088)

Kishi boshiga til solgay baloni,

Tilidandir uning foyda-ziyoni.

Hikmatlar xazinasi kitobidan

NOSIR XISRAV

(10041088)

*   *  *

Kishi boshiga til solgay baloni,

Tilidandir uning foyda-ziyoni.

*   *   *

Kishilikning jamoli bilmdandur,

Kishilikning kamoli ilmdandur.

*   *   *

Munofiq boyimagay do'sti muvofiq,

Munofiqni munofiq bil, munofiq.

*   *   *

Dili to'g'ri kishi maqsadga yetar.

*   *  *

Birovga yomonlik istamoq yomon,

Undaylar o'zi ham qolmagay omon.

*   *  *

Hech kimsaga qilma yovlik, yomonlik.

Kim adovat qo'zg'ar, topmas omonlik.

*   *   *

Kishini ranjitmoq oson nihoyat,

Ko'nglini ovlamoq mushkuldir g'oyat.

*   *   *

Dono-la o'tgan dam arzir jahonga,

Yuz nodon arzimas bir burda nonga.

*   *   *

Oqil odam bilmas so'ramoqni or.

*   *  *

Kimki shogirdlikka chin dilidan shod,

Bir kuni o'zi ham bo'lg’uvsi ustod.

*   *  *

G’am yemoqdan foyda topolmas odam.

*   *  *

Kosibdan shod-u xurram yo'q jahonda,

Hunardan yaxshi dur ham yo'q jahonda.

Butun kun rizqining bog'boni bo'lg'ay,

Keyin o'z uyining sultoni bo'lg'ay.

*   *  *

Ko'p yashay desang, berma dilga ozor,

Ko'p yashaydi doim kimki beozor.

*   *  *

Hamisha kishiga yaxshilik ko'zla,

Faqat yaxshilikdan omonlik izla.

*   *  *

Johil kishidan kech xeshing bo'lsa ham,

Zarar ko'p tegadi undan, foyda kam.

*   *   *

Ichga yut — jahlingni ko'rmasin kishi,

Shirin so'z, yumshoqlik oqillar ishi.

*   *  *

 

Aylansa ham boshda tegirmon toshi,

Yumshoq bo'l, bitmasin diling bardoshi.

*   *  *

Kuch-u qudratingdan bo'lmagil mag'rur,

Juda ko'p dunyoda sendan ko'ra zo'r.

*   *   *

Biror joyga kirmak istaganing dam,

Chiqish yo'lin ko'zlab, so'ngra qo'y qadam.

*   *  *

Tutgil qarilarning qaltiroq qo'lin,

Qarigach bilursan qarilik yo'lin.

*   *  *

Qurbi kelmagan ishga uringan —

Nasibasiz, baxtdan suringan.

*   *   *

Bahsda go'yo sen uchqur toysan,

Qizishmasang, ko'p yiqilmaysan.

*   *   *

Chinakam do'st aytgan har o'git, masal —

Sirti — zahar erur, tomiri — asal.

*   *   *

Keksaga ko'mak ber — suyangan tog'ing,

Buni tushunarsan qarigan chog'ing.

Shoislom Shomuhamedov tarjimasi


Orqaga qaytish