Rivoyatlar

4496 marta o'qildi
SHARQ RIVOYATLARI

Bir shogird ustoziga shikoyat qildi:

— Falon kishi meni ko'rolmaydi — hasadning zo'ridan tars yorilib ketay deydi.

Ustozi bunga javoban dedi:   

Ergash Ochilov

 

SHARQ RIVOYATLARI

 

HASAD VA G'lYBAT

Bir shogird ustoziga shikoyat qildi:

— Falon kishi meni ko'rolmaydi — hasadning zo'ridan tars yorilib ketay deydi.

Ustozi bunga javoban dedi:  

— Xo'sh, hasad-ku yomon ekan, lekin kim senga g'iybat yaxshi deb aytdi?! Boshqalarni yomonlagan kishi seni ham birovga yaxshi demaydi

 

AYB DARHOL KO'ZGA TASHLANADI

Bir oqil, hunarmand, notiq, solih, xullasi kalom, har jihatdan yetuk yigit bor edi. Uning ilmi, xulqi va oliyjanobligiga hamma tan bergan edi. Birgina aybi — «sh» harfini talaffuz qilolmas edi. Bir kishi aytdi:

— Oldingi tishlari yo'qmi nima balo? Bu gapni eshitib, bir donishmand dedi:

—    Bir dunyo fazilatidan ko'z yumib, shu birgina aybini ko'rdingmi?

 

O'G'RILIK VA G'lYBAT

Bir kishi:

— G'iybatdan o'g'rilik afzal, — dedi.  Hayron bo'lib so'radilar:

— O'g'rilikda nima fazilat borki, uni g'iybatdan yaxshi deding?

—    O'g'ri-ku kuch va hiyla ishlatib, jasorat ko'rsatib, hech bo'lmasa qornini to'yg'azadi. G'iybatchi esa hech narsa orttirmaydi — faqat o'zining sharmanda bo'lgani qoladi.

 

DONO ME'MOR

Me'mor Sinon mashhur Salimiya minoralarini qurarkan, bir to'da bolalar chug'urlashib, nimanidir ko'rsatayotganlarini ko'rib qolibdi. Ularga yaqinlashib:

— Nima gap? — deb so'rabdi.

— Amaki, — deyishibdi ular, — shu minorangiz biroz qiyshayibdi.

— Ha, unday bo'lsa, hozir minorani arqon bilan torttirib to'g'rilaymiz. Sizlar, qarab turinglar, — deb arqon keltirishni buyuribdi.

Me'mor Sinon to bolalar to'g'ri bo'ldi deyishmagunicha minorani bir arqon bilan torttiraveribdi. Bolalar to'g'ri bo'ldi deyishgach, to'xtatibdi. Shu orada bir kishi kelib:

— Usta, bu arqon shunday katta minoraga hech bir ta'sir qilmasligini yaxshi bilasiz. Nega endi bolalarning gapiga kirib, bunday qildingiz? — deganida me'mor javob beribdi:

— Shunday qilmasam, bu churvaqalar shahar bo'ylab minora qiyshiq, degan gap tarqatishadi. Minoraning egri emasligiga hech kimni ishontirolmaymiz. Endi esa, minora egri edi, arqon bilan torttirib to'g'rilatdik, degan gap tarqatishadi. Bu gapga esa aqli bor odam ishonmaydi!

 

TAQDIR

Bir jinoyatchi ushlandi. Jinoyatlari shu qadar og'ir ediki, hakamlar uni shu zahoti suvga cho'ktirib o'ldirishga buyurdilar. Jinoyatchi epchillik bilan suv ostida qo`l oyog'ini arqondan bo'shatib, sohilga chiqdi. Bu yer dunyodan bexabar bir zanji qabilasi yashaydigan manzil ekan! Ular ummondan chiqib kelgan oq tanli jinoyatchini tangrilarining yuborgan rizqi deb o'ylab, pishirib yedilar. Haq rost. Taqdirida o'tda kuyib o'lish yozilgan ekan, kishi suvda cho'kib o'lmaydi.

 

AJALDAN QUTULIB BO'LMAYDI

Bir qo'rqoq urushda pana-pastqamlarda yashirinib, jon saqlashni o'ylarkan. Bir kuni u hammani hayratga solib, qilich yalang'ochlagancha birinchi bo'lib jangga otilibdi. Oldingi safda botirlarcha jang qilibdi. Oxiri botir deb dong chiqaribdi.

Sababini so'rabdilar. U shunday debdi:

—    Avji jang vaqti bir xandaqda jon hovuchlab yotgan edim. Bir kimono o`qi boshimdan oshib o'tib, tuproqqa sanchildi. Bir payt qarasam, yerga qadalgan o'q qimirlaganday bolyapti. Qiziqsinib borib qaradim. O'q iniga kirib olgan ilonga suqilibdi! O'z-o'zimga dedimki, har qancha yashirinsang ham, ajal kelsa, baribir topib olar ekan! Shu-shu qo'rquvni tashladim.

 

CHARXPALAK DUNYO

 

Qadim zamonlarda Sirdaryo sohilida bitta boy yashagan ekan. Bir kuni suv toshqini ro'y beradi. Boyning to'plab qo'ygan davlati ham, mol-qo'yi ham oqib ketadi. Boy suzishni bilardi. U bir iloj qilib, omon qoladi. Dir-dir titrab, qirg'oqqa chiqar ekan, tizzasigacha suvga botib turgan holda:

 —Xudoyim, qolgan umrimni munosib o'tkazishim uchun imkon ber! — deb nola qiladi.

Uni kuzatib turgan havoyi yigitcha:

— Oqsoqol, yoshingiz yetmishdan oshib ketdi. Shu paytgacha yiqqan-terganingizdan ajraldingiz.Yanaqanday munosib umr haqida gapiryapsiz? — deydi piching aralash. So'ng otiga qamchi urib, qayoqqadir ketadi.

Oradan ancha yillar o'tadi. Bir yili qurg'oqchilik bo'­ladi. Piching qilgan o'sha navqiron yangi boy bitta bo'xcha bilan qoladi. Uning mol-qo'ylari qirilib ketadi, qarindoshlari ham ochlikdan o'ladilar. O'zi esa qornini to'ydirish uchun daydib yuradi. Och-yalang'och bechora Sirdaryo yoqalab daydib yursa, bir joydan chiqayotgan tutunga ko'zi tushib qoladi. O'sha tomon yo'l oladi va bitta o'tov qarshisidan chiqadi. Tovush beradi. Ayol eshikni ochib, uni uy to'riga o'tqazadi. Mehmonning ochligini ko'rib, unga ovqat beradi. Oshiq o'ynab o'tirgan bolakaylar sho'xlik qiladilar.

— Ovqatlanib oling, dam oling. Hademay xo'jayin ham kelib qoladi, — deb ayol uy yumushlari bilan ovora bo'ladi.

Birmuncha fursatdan so'ng o'tovga soqoli ko'ksiga tushgan chol kirib keladi. Ular bir-birini darhol taniydilar. Ovqatlanib bo'lgach, chol mehmonga yuzlanib:

— Sen meni kalaka qilib ketganingdan keyin men sohil bo'ylab yo'lga chiqdim va mana shu ovulga yetib keldim. Bu yerda hamdardlik bilan qabul qilishdi, ovqat, issiq kiyim berishdi, yordamlarini ayashmadi. Ushbu o'tovning sohibasi beva ekan. Biroz o'tgach, ikki yortidan bir butun bino qildik. Hozir mening hamma boyligim — anavi shumtakalar. Mol boqyapmiz. Tirikchilik bir navi o'tib turibdi. O'shanda men Xudodan shu narsalarni so'ragan edim. Niyatimga yetdim. Ollohdan ming bir marta roziman. Mana, umrimning qolganini munosib o'tkazyapman. Boylik qo'lning kiri, bugun bor bo'lsa, ertaga yo'q bo'ladi. Chirog'im, sen bir zamonlar juda qattiq adashding, endi iymon keltirdingmi, odamning xatosi sopqonday qaytib kelib boshiga tushadi.

 

YOVSHAN HIDI

Bir yigit yov qo'liga asir tushadi. Uni yot o'lkaga qul qilib sotib yuboradilar. Oradan yillar o'tadi. Yigit o'zi tug'ilib o'sgan yurtini ham, ota-onalarini ham unuta boshlaydi. U yot o'lkaga ko'nikadi. Oxir-oqibat sabr-toqati, aql-idroki, irodasining mustahkamligi tufayli o'sha o'lkaning hukmdori bo'ladi. Yillar uchqur otday uchib ketadi. Hukmdor  keksayadi. Kunlardan bir kuni uning ota yurti taraflardan karvon keladi. Karvonda bir bog'lam yovshan keltirilgan edi. Achchiq yovshan hidi dimog'iga gup etib urilgan hukmdor olis yurtda qolib ketgan olis bolaligini, sho'x-shodon o'tgan kunlarini, qadrdon dashtu dalalardan terib olgan lolalarni bir-bir eslaydi. Beixtiyor ko'zlarida yosh milt-milt qiladi, vatan sog'inchidan yuragi bir xil bo'lib ketadi. Endi uni yot o'lkada hech narsa ushlab qololmasdi: ko'pchilik orzu qiladigan toj-taxt ham, shon-shuhrat ham, boylik ham ko'ziga ko'rinmay qoladi. Qudratli hukmdor zudlik bilan otini egarlaydi-yu, ota yurtiga yo'l oladi...


Orqaga qaytish