Jahon mamlakatlari

4960 marta o'qildi
Avstraliya

Eng mitti, eng past, eng quruq materik, xaltali hayvonlar vatani, sayyoramizning yaxlit noyob qo’riqxonasi, o’rtasidan Janubiy tropik chizig’i o’tadi, evkalipt daraxti vatani (bo’yi 2 m dan 150 m gacha), materikdagi berk havza maydoni (60%) jihatidan birinchi o’rinda, yagona davlat – Avstraliya ittifoqi bor, aholisining yarmi ikkita shaharda (Sidney, Melburn) yashaydi.

 Umumiy tavsif:

Hududi: 7.7 mln. Kv. km

Aholisi: 18.7 mln. kishi

Poytaxti: Kanberra

Davlat tili: Ingliz tili

Pul birligi: Avstraliya dollari (100 sent)

Davlat tuzumi: Federativ Konstitutsion Monarxiya

Dini: xristian (protestant, katolik)

   Avstraliyaning asosiy xususiyatlari. Eng mitti, eng past, eng quruq materik, xaltali hayvonlar vatani, sayyoramizning yaxlit noyob qo’riqxonasi, o’rtasidan Janubiy tropik chizig’i o’tadi, evkalipt daraxti vatani (bo’yi 2 m dan 150 m gacha), materikdagi berk havza maydoni (60%) jihatidan birinchi o’rinda, yagona davlat – Avstraliya ittifoqi bor, aholisining yarmi ikkita shaharda (Sidney, Melburn) yashaydi.

 Geografik o’rni. Avstraliya (lotincha “australius” – janubiy) to’liq Janubiy yarimsharda joylashgan. Materik o’rtasidan janubiy tropik chizig’i o’tganligi uchun uning shimoliy qismi issiq yoritilish mintaqasiga janubiy qismi esa mo’tadil yoritilish mintaqasiga to’g’ri keladi. Quruqlikni shimol, g’arb va janubdan Hind okeani, sharqdan Tinch okean suvlari o’rab turadi. Maydonining kichikligiga ko’ra unga materik – orol nisbatini berishgan. Odam yashaydigan materiklardan ancha uzoqda joylashgan.

 O’rganish tarixi. Avstraliya odam yashaydigan materiklar orasida eng keyin kashf etilgan. Yevropaliklardan birinchi bo’lib Avstraliya quruqligiga qadam qo’ygan kishi gollandiyalik Villyem Yanszondir. U 1606-yilda Keyp-York yarimorolini tekshirdi va materikka Yangi Gollandiya deb nom berdi. Shu sana Avstraliyaning kashf etilgan vaqti bo’lib, geografiya tarixiga kirdi. Keyinchalik, ispaniyalik L. Torres, gollandiyalik A.Tasman va boshqalar materikni o’rgandilar.

    Geologik tuzilishi. Avstraliya ham Afrika singari qadimgi geologik o’tmishda Gondvana materigining bir qismi bo’lgan. Mezozoy erasining oxiriga kelib Avstraliya mustaqil materik tariqasida shakllandi. Materik asosini qadimgi qattiq va mustahkam platforma tashkil etadi. U Hind-Avstraliya litosfera plitasining bir bo’lagidir. Platformaning mustahkam kristalli zamini materikning shimolida, g’arbida va markaziy qismlarida yer yuzasiga chiqib yotadi. Sharqiy qismidagi Katta Suvayirg’ich tizmasi gersin tog’ burmalanishida ko’tarilgan. Lekin nurash ta’sirida pasayib qolgan. Platformaning botiqlari va dengiz sohillari cho’kindi tog’ jinslari bilan qoplangan. Demak, qadimgi magmatik va metamorfik jinslar past tog’, plato va yassi tog’liklarda, cho’kindi jinslar pasttekislik, tekislik va daryo havzlarida tarqalgan. Keyingi tektonik harakatlar natijasida Yangi Gvineya, Tasmaniya materik-orollari quruqlikdan ajralib qolgan.

    Foydali qazilmalari. Platformaning zaminida temir, mis, qo’rg’oshin, rux, uran rudalari, qalay, oltin, platina kabi rudali qazilmalar joylashgan. Cho’kindi jinslar bag’rida fosforit, osh tuzi, toshko’mir va qo’ng’ir ko’mir, neft, tabiiy gaz tarkib topgan. Avstraliya temir va rangli metallar (boksit, qo’rg’oshin, rux, nikel) hamda uran zaxiralari bo’yicha dunyoda yetakchi o’rinda turadi. Ko’pgina qazilma boyliklar yer yuzasiga yaqin joylashgan. Shu bois, ular arzon – ochiq usulda qazib olinadi. Avstraliya – rux, qo’rg’oshin va kumush qazib chiqarishda dunyoga mashhur.

  Relyefi. Avstraliya relyef tuzilishiga ko’ra uch qismga ajraladi. Birinchisi, G’arbiy Avstraliya yassi tog’ligidir. U yassi tog’lik va baland tekisliklaridan iborat. Nurash natijasida yemirilib, pasayib qolgan balandliklar va qoldiq tog’lar ko’zga yaqqol tashlanadi. Kelib chiqishiga ko’ra ularni palaxsali tog’lar guruhiga kiritish mumkin.

    Ikkinchisi, Markaziy tekislik bo’lib, u materikning eng past va yassi tekisliklaridan iborat. Ular dengiz va daryo yotqiziqlaridan tuzilgan. Tekislikning mutlaq balandligi 100 m dan oshmaydi. Materikning eng past joyi (Eyr ko’li – 16 m) ham shu yerda.

   Materikning sharqida uzoq masofaga cho’zilgan uchinchi tog’li qismi – Katta Suvayirg’ich tizmasini hosil qiladi. Bu tizmaning eng baland joyi janubiy qismidagi Avstraliya Alpi tog’lari (Kossyushko cho’qqisi, 2230 m) hisoblanadi.

   Iqlim xususiyatlari. Avstraliyaning geografik o’rni, havo massalari, okean oqimlari, relyefi materik iqlimining o’ziga xos xususiyatlarini shakllantirgan. Shunga ko’ra, Avstraliya yerimizdagi eng qurg’oqchil materik hisoblanadi. Uning hududida Afrikaga nisbatan besh baravar kam yog’in yog’adi. Bu yerda quruq tropik iqlim tipi hukmronlik qiladi. Shuning uchun materikning markaziy va g’arbiy qismlarida yog’ingarchilik juda kam bo’ladi. Okeandan esadigan janubi-sharqiy passatlar Katta Suvayirg’ich tizmasining sharqiy yon bag’irlariga yog’in keltiradi.

  Iqlim mintaqalari. Avstraliya materigida 4 ta iqlim mintaqalari tarkib topgan. Subekvatorial iqlim mintaqasi materikning 20o j.k. gacha bo’lgan hududlarni egallaydi. Yozda (dekabr-fevral) ekvatorial havo massalari ko’p yog’in keltiradi (800-2000 mm). Qishda (iyun-avgust) esa tropik havo massalari hukmronlik qiladi va havo quruq bo’lib, yog’in kam yog’adi. Bu mintaqada o’rtacha havo harorati yozda +24 oC, qishda esa 16-24 oC ni tashkil etadi.

   Tropik iqlim mintaqasi katta maydonni egallaydi. Oldingi mintaqa singari ko’p quyosh radiatsiyasini oladi. Ikkita iqlim tipi shakllangan.


Orqaga qaytish