Hikoyalar

5529 marta o'qildi
Sovga (hikoya) Olmas Umarbekov

— Men tayyorman. Tayyormisiz? — so’radi Valijon. — Tayyorman, bolam. Yoz! — dedi Shahodat xola. - Lekin nimadan boshlashni bilmay, o’ylanib qoldi. U sira o’g’liga xat yozmagan edi. Eriga yozar edi. Rahmatli Rahmonqul aka arabcha o’qishni bilardi. Innaykeyin, uning yozuvini yaxshi ko’rardi. «Shahodat, zerzabarini xo’p keltirasan-da. Pulemyotday o’qiyman xatingni!» — derdi har yozganida.

Sovg’a (hikoya)
O’lmas Umarbekov

— Men tayyorman. Tayyormisiz? — so’radi Valijon.
— Tayyorman, bolam. Yoz! — dedi Shahodat xola. - Lekin nimadan boshlashni bilmay, o’ylanib qoldi. U sira o’g’liga xat yozmagan edi. Eriga yozar edi. Rahmatli Rahmonqul aka arabcha o’qishni bilardi. Innaykeyin, uning yozuvini yaxshi ko’rardi. «Shahodat, zerzabarini xo’p keltirasan-da. Pulemyotday o’qiyman xatingni!» — derdi har yozganida.

O’g’li arabchani bilmaydi. O’zining esa yangi alifbega uquvi yo’q. Uquvi bo’lganda qo’shnisining o’g’lini chaqirib o’tirmasdi, o’zi yozardi. Yozadigan gapi ko’p edi. Mana, bir yil bo’ldiki, o’g’lidan xat olmaydi, nom-nishonsiz ketdi. O’qib yurgan paytlarida tuzuk edi, haftada, juda bo’lmasa oyda bir yozib turardi. Ishga kirdi-yu, bedarak ketdi. Ammo ishga kirganda o’n besh so’m pul yubordi! Erta kuz edi o’shanda. Avji dolzarb payt. Butun qishloq, tirik jon borki, dalada. Shahodat xola kolxoz bog’chasida tushlikdan keyin bolalarni endigina uxlatib o’tirgan edi, hovlini boshiga ko’tarib Qoravoy pochtachi kelib qoldi.
— Shovqining qursin, namuncha baqirasan? — dedi bo’g’ilib Shahodat xola. — Bolla uxlavotti! Nima deysan?
— Sizga pul keldi, pul! — dedi pochtalon og’zining tanobi qochib.
— Qanaqa pul? Qatdan? — hayron bo’ldi Shahodat xola.
— Qanaqa pul bo’lardi? Qog’oz pul-da! — dedi pochtalon. — Naxt o’n besh so’m! O’g’lingiz yuboribdi.
— O’g’lingiz yuboribdi? Voy, o’g’limdan aylanay! — Shahodat xola sevinib ketdi, bolalar esidan chiqdi, shang’illab gapira boshladi. — Voy, bolaginam-a! Pul yuborib nima qilarkan! Xat-pat ham bormi?
— E, xola! — pochtalonning jahli chiqdi. — Xatni nima qilasiz? Pul yuboribdi, bo’ldi-da. Nochor odam pul yuboradimi! Pul so’raydi. Xo’sh, hozir olasizmi? Yo ertaga pochtaxonadan olasizmi?

Shahodat xola o’ylanib qoldi. Nima qilish kerak? Hozir olib qolsa, hech kim bilmaydi. Bilsa yaxshi bo’lardi. Ayniqsa, Qumri otin bilan A’lobush bilsa yaxshi bo’lardi. Go’yo ikkalovining farzandi farzandu boshqalarniki farzand emas. Boladan gap ochildimi, tamom, biri biriga gap bermay ertani kech qilishadi, kechni erta. «Xolposhsham tushmagur... balo-da, balo!..» deb otin boshlasa, bilginki, ketidan A’lobush turadi: «Sobirjonimni aytmaysizmi, tasadduq!» «Tasadduq» demay ket ikkaloving ham!
— Ertaga pochtaxonadan ola qolay?!
— O’zim ham shunday dersiz, deb turuvdim, — pochtalon tirjaydi. — Butun qishloq bilsin, deysiz-da! Durust, durust. A’lobush kennoyim ham hech uyda olmaydilar, borib oladilar.

Ertasiga ertalab Shahodat xola yangi kavush-mahsisini, Qumri otin bilan birga o’zoq yili tiktirgan qora duxoba kamzulini kiyib ko’chaga chiqdi. Hali erta edi. Hech kim yo’q. Faqat muyulishda rais shofyorining eshigini taqillatib turardi. «Ichibdi-da yana, — xayolidan o’tkazdi Shahodat xola. — Rais endi yeb qo’yadi». Shu payt dimog’iga gup etib issiq nonning hidi urildi. Osmonga qaradi. A’lobushning mo’risidan tutun chiqib turardi. Shahodat xola shu yoqqa yurdi.
— A’lobush! Hoy, A’lobush! — dedi eshikni qiya ochib. — A’lobush-uvv!

Avval javob bo’lmadi. Keyin:
— Huvv, tasadduq, huv-v-v! — degan cho’ziq ovoz eshitildi.

Bu A’lobush edi. Shahodat xola jilmayib qo’ydi. Ko’p o’tmay bir savat bug’i chiqib turgan kulcha ko’tarib yo’lakda A’lobushning o’zi ko’rindi.
— Eshikda nima qilib turibsiz, tasadduq? — dedi A’lobush Shahodat xolaga boshdan-oyoq qarab chiqib. — Ichkariga kiring. Choyim tayyor.
— Shoshib turibman, rahmat, — dedi Shahodat xola.
— Ha, yo’l bo’lsin, tasadduq? — so’radi A’lobush, yangi kavush-mahsiga ko’z qirini tashlab.
— Po’shtaga ketyapman, aylanay, — dedi beparvolik bilan.
— Ha, tinchlikmi, tasadduq? — so’radi A’lobush.
— Adhamjon pul yuboribdi, — dedi Shahodat xola. — Shuni olib kelmoqchiman.
— Voy, tasaddug’-ey, ey, voy, tasaddug’-ey! Ho’-o’p bolalarimiz bor-da, tasadduq! — dedi A’lobush. — Sobirjonimni aytmaysizmi, tunov kuni xatida, oyi, mandalinni posilka qilsam nima deysiz, depti. Yo’q, dedim, tasadduq, yo’q, dedim. O’zing kiyaver, dedim. Maskopda yarashadi bunaqa kiyimlar, dedim.
— Mandalini nima ekan, aylanay? — so’radi Shahodat xola, kulgidan o’zini zo’rg’a tiyib.
— Nima bo’lardi, tasadduk, allambalo materiyal bo’lsa kerak-da!

Shahodat xola endi o’zini tutib turolmadi. Mandarinning nimaligini aytib yuboray dedi-yu, lekin aytmadi, o’rtog’ini xafa qilgisi kelmadi. Faqat to’yib-to’yib kuldi.
— Nega kulyapsiz, tasadduq? — so’radi A’lobush.
— Bolalarning qilgan ishiga kulmay bo’ladimi?
— To’g’ri aytasiz.

A’lobush qo’shnisiga qo’shilib kuldi. — Xo’p, men boray bo’lmasa, — dedi Shahodat xola va ko’chaga chiqdi. Chiqdi-yu, qurukdan-quruq ketayotganidan tortindi. Maqtangani kirgan ekan, deb o’ylamasin tag’in A’lobush! Orqasiga qaytdi.
— Aytganday, A’lobush! Esim qursin, nega kirding ham demaysiz. Bir qatim oq ipingiz bormi? Buvinisaning kenjasi fartug’ini yiritib qo’yibdi. Tikay desam, ipim tamom bo’libdi.
— Bir qatim emas, bir g’altak oling, tasadduk. Ip sizdan aylansin!

Pochta Qumri otinning uyidan ikki hovli nari edi. Shahodat xola kiray dedi-yu, bog’chaga kech qolishini o’ylab, kirmadi. Kirib ham nima qiladi?! A’lobush bildi — butun qishloq bildi degan gap!

Pochtada darrov ishi bitdi. Taxi buzilmagan o’n so’mlik bilan besh so’mlikni qo’liga olar ekan, ko’zlarida yosh yiltiradi. Pichirlab, o’g’lini duo qildi. Pulni cho’tagiga solishni ham, solmaslikni ham bilmay, qo’lida ushlagancha ko’chaga chiqdi. To’lib turgan yuragi bo’shashib ketdi — yig’lab yubordi. Uning birinchi marta shunday yig’lashi edi. Rahmatli eridan qolgan dard ham, o’zining tortgan hamma qayg’u-alamlari ham, o’g’lining mana shunday obro’ga erishib, pul yuborishi ham shu yig’ida aks etar edi.
— Shahodatxon, ho, Shahodatxon! Ko’chaning o’rtasidan nima qilib turibsiz?

Shahodat xola shosha-pisha ro’mol uchi bilan ko’zlarini artdi, yoniga qaradi.

Ikki qo’lini beliga tirab, eshik oldida Qumri otin turardi.

Shahodat xola o’zini bosib olib, shu tomonga yurdi. Pulni cho’ntagiga solmoqchi edi, solmadi. «Otin ham bilib ko’ysin!» — dedi ichida.
— Assalomu alaykum! Ertalab po’shtada nima qilib yuribsiz? Adhamjonga pul yuboryapsizmi? Bola tushmagurga haliyam pul yuborasizmi-a?
— Yo’q, otin, — Shahodat xola jilmaydi. — Men yuborayotganim yo’q. Adhamingizning o’zidan pul kelibdi. Shuni olib kelyapman!
— Shundog’ deng, voy, umringdan baraka topkurey. — Qumri otin qo’lini yozib duo qildi. — Martabasi baland bo’lsin, topgani tugallik bilan o’tsin. Omin! Shundoq deng?
— Shundoq, aylanay, shundoq.

Shahodat xola uyiga qanday yetib kelganini bilmadi. Keldi-yu, pulni kechagina o’qib o’tirgan «Yusuf va Zulayho»ning o’rtasiga solib, tokchaga qo’yib ko’ydi. O’n so’mligi hali ham taxi buzilmay turibdi. Besh so’mlikni ishlatib yubordi. Ishlatmoqchi emas edi, Adhamjon kelganda ikkovini ham o’ziga bermoqchi edi. Pulga zor bo’lmasa nima qiladi ishlatib? Buning ustiga yaqinda pensiya bera boshlashdi. Pulga zor emas. Lekin ishlatib yubordi. Qoravoy pochtachi uylanganda to’yona oldi-yu, miyonchaga yetishmay qoldi. Shunda ishlatib yubordi. O’n so’mligi turibdi. Juda o’ksib ketganda tokchadan kitobi bilan olib qarab o’tiradi. Kecha chidolmadi. Pochtaga bordi. Qoravoy yolg’iz o’tirgan ekan.
— Yo’qmi? — so’radi unga termilib.
— Yo’g’-a, xola, yo’q, — dedi Qoravoy aybdor ohangda. — Men ham tushunolmay qoldim. U yoq-bu yoqqa ketib qolgan bo’lsa kerak-da... — U shunday dedi-yu, yaxshi bahona topganday, shu gapga mahkam yopishib oldi. — Ha, u yoq-bu yoqqa ketgan!! Injener degan gap hozir juda zarur gap, xola. Injener hamma yoqda kerak. Biron yoqqa jo’natishgan. Kelib qoladi. Mana ko’rasiz, yo xat keladi, yo o’zi kelib qoladi.

Shahodat xola uyiga qaytdi. Ko’ngli xira edi. Zora Qoravoyning aytgani kelsa?! U erinibgina ovqatga unnadi. Piyoz bilan go’shtni qovurib bo’lib, nima qilishini bilmay o’ylanib qoldi. Keyin, bo’lganicha bo’lar, deb bir tovoq suv solib yopib qo’ydi.

Shu payt kimdir eshik tomondan:
— Xola, kirsam maylimi? — deb qichqirdi.
— Bo’masa-chi, kiraver, — dedi Shahodat xola. Bu Buvinisaning to’ng’ichi — Valijon edi.
— Kel, bolam, kel, — dedi Shahodat xola. — Ha, nima deysan?
— Xola, meni maktabimdan yuborishdi, yo’q... o’zim keldim. Anaqa... — Valijon tutilib qoldi.
— Ha, qanaqa? Gapiraver, — dedi Shahodat xola.
— Bilasizmi, yaqinda... Sakkizinchi Mart, — dedi Valijon o’ylanib-o’ylanib. — Shunga... shunga sovg’a qilmoqchiydik. Men. Annaqa... qanaqa sovg’a qilishimni bilmayman.

Valijon burnini sho’lq etib tortdi-da, Shahodat xolaga qarab javdiray boshladi.
— Tuzukroq gapir, bolam, nima qilmoqchisan, qanaqa sovg’a?
— Sizga sovg’a, — dedi Valijon.
— Menga? — hayron bo’ldi Shahodat xola.
— Sizga. Uchinchi «B» dagilar hama xotinlarni bo’lib olishdi. Men oyim bilan sizni tanladim. Ukam sizni yaxshi ko’radi. Nuqul bog’chadan kelganda «buvimga boyaman» deb yig’laydi.

Shahodat xola jilmaydi.
— Shuning uchun menga sovg’a qilmoqchimisan?
— Ha, — dedi Valijon. — Lekin nima qilishimni bilmayapman. O’zingiz aytib bera qoling.

Shahodat xola kulib yubordi. Ko’ngli birdan yorishib ketdi. Valijonni bag’riga bosdi.
— Rahmat, bolam, rahmat, — dedi u Valijonni o’parkan. — Menga sovg’a kerakmas. Hamma sovg’ani oyingga qilgin. Oyingga kerak sovg’a. Senlarni boqaman, deb bechora tinim bilmaydi.
— Oyimlarga tayyorlab qo’ydim, — dedi Valijon.
— Bo’lmasa, qo’ya qol. Menga kerakmas.
— Ayta qoling!

Valijon yig’laguday bo’lib turardi. Kampir o’ylanib qoldi.
— Nima sovg’a qilsang ekan? Ko’p o’yladi. Nihoyat topdi:
— Yozuving ko’hlikmi? — so’radi u.
— Doim besh olaman! — dedi Valijon.
— Bo’lmasa Adham akangga bitta xat yozib berasan.
— Xat? — Valijonning lablari cho’chchaydi.
— Men aytib turaman, sen yozasan. Bu juda g’alati xat. Ana shu menga sovg’ang bo’ladi. Bo’ptimi?
— Bo’pti! — dedi Valijon.
— Yozmaymizmi? — so’radi Valijon zerikib.
— Yozamiz, bolam, yozamiz, — dedi Shahodat xola o’pkasi to’lib va sekin gapira boshladi.

U shunchalik sekin gapirardiki, Valijonga bir marta ham qayta so’rashga to’g’ri kelmadi. Qosh qorayganda xat tayyor bo’ldi.
— Qani, o’qib ber-chi, — dedi Shahodat xola.

Valijon salmoqlab o’qiy boshladi:

«Assalomu alaykum, Adhamjon, o’g’ilginam! Esonmisan, omonmisan? Tinchmisan? Yuborgan pulingni olib, boshim osmonga yetdi. Rahmat. Rahmatli dadangning o’rnini bosib turganligingdan benihoya xursandman. Ishqilib, umring uzoq, martabang baland bo’lsin. Niyatingga yet.

O’g’lim, bolajonim, ko’nglimni g’ash qilib turgan bir gapni aytsam, xafa bo’lma, har holda onangman. Mana, yil bo’lib qoldi, sendan xat olmayapman. O’zing ham kelmaysan. Bilaman, ishing ko’p, vaqting yo’q. Lekin ikki enlik bo’lsa ham xat yozsang, shu menga kifoya. Sog’lig’ingni, o’ynab-kulib yurganingni bilsam, bas.

Mendan ahvol so’rasang, ahvolim yaxshi. Hali ham bog’chada bolalar bilan bag’-bug’lashib yotibman. Kecha mozor boshiga borib, dadangning mozorini suvab keldim. Rahmatli orzu-havasingni ko’rolmay ketdi. Tunov kuni Sobirjondan xat kelgan ekan, seni so’rabdi. Yaxshi, dedim. Ishqilib, qaerda bo’lsang ham omon bo’l.

Sen sog’inib kutguvchi oying Shahodat».

Valijon xatni shu kuniyoq pochta qutisiga tashladi.

Oradan bir hafta o’tdi. Shahodat xola bog’chadan kelib, ayvonda ko’rpa qavib o’tirardi. Ko’chadan shang’illab A’lobush o’tib qoldi. Ko’p o’tmay o’zi kirib keldi. Qo’lida posilka quti.
— Tasadduq! Sobirjoningizdan posilka keldi, — dedi u ayvonga chiqib va birdan kulib yubordi.
— Ha, tinchlikmi? — so’radi Shahodat xola.
— Tinchlik, tasadduq, tinchlik!... — u kulgidan o’zini to’xtatolmay zo’rg’a gapirardi: — Maldalini tushmagur kiyimlik emas ekan, tasadduq, yeydigan narsa ekan, yeydigan! Nima ekan, deb sabrim chidamay po’shtada ochdim. Bundoq qarasam maldalin! Oling, mazasini ko’ring, tasadduq.

U bir hovuch mandarinni Shahodat xolaning etagiga tashladi.
— Biram mazali, biram mazali! Maskopda yo’q narsa bor ekan, tasadduq, yo’q narsa bor ekan.

Shahodat xola zo’r-bazo’r iljaydi.
— Umridan baraka topsin Sobirjon.
— Iloyim aytganingiz kelsin, tasadduq. Xo’p, men chiqay, ovqatim kechikib kstdi. Chiqing, tasadduq chaqchaqlashib o’tiramiz, chiqing.

A’lobush yana shang’illab chiqib ketdi.

Shahodat xola mandarindan bittasini archib, og’ziga soldi. Lekin o’tmadi. Chaynalib qoldi. Ko’zlari yoshga to’ldi. Miyasiga quyilib kelayotgan og’ir fikrlarni haydamoqchi bo’lib o’rnidan turdi. Hovliga, tushib og’zidagini tupurib tashladi. O’choq boshiga borib, qaytib keldi. Ayvon ustuniga suyandi.
— Yana ko’z yoshimi-a? — dedi shu payt kimdir. Shahodat xola cho’chib orqasiga o’girildi. Yo’lakda og’zi qulog’iga yetib Qoravoy turardi.
— Qani, darrov ko’zingizni artib oling-chi!
— Xo’p, bolam, xo’p.

Shahodat xola yengi bilan ko’zlarini artib, jilmaygan bo’ldi.
— Mana bu boshqa gap, — dedi Qoravoy. — Endi manavi xatni oling.

Shahodat xolaning yuragi o’ynab ketdi.
— O’g’limdanmi?
— Ha, o’g’lingizdan.
— Voy, bolam-ey, bolajonim-ey! — Shahodat xola gullik konvertdagi xatni bag’riga bosib yig’lab yubordi.
— Iya-iya! Bu qanaqasi bo’ldi? — dedi Qoravoy kulib. — Xat kelmasayam yig’i, kelsayam yig’i ekan-da? O’qib beraymi?

Shahodat xola bosh irg’adi.
— Bu yoqqa bering.

Qoravoy konvertni ochdi-yu, hayron bo’lib qoldi. Xatni u yoq-bu yoqqa aylantirib ko’rdi, konvertni yangitdan qarab chiqdi. Keyin o’ylanib qoldi.
— O’qimaysanmi?! — dedi Shahodat xola yengidan tortib. — Adhamdan ekanmi?
— Ha, ha, o’g’lingizdan.. Adhamdan... — dedi Qoravoy xatdan ko’zini o’zmay.
— O’qi bo’lmasa!
— Hozir... mana... eshiting, — Qoravoy Shahodat xolaga bir qarab qo’ydi-da, o’qiy boshladi. — «Assalomu alaykum, oyijon. Sizni sog’intirib qo’yganim uchun meni kechiring. Uzoqqa ketib qoluvdim. Oyijon, sizni juda sog’indim. Ahvollaringiz tuzukmi? Xatingizni olib juda xursand bo’ldim. O’znngizni urintirmang. Mening ishlarim yaxshi. Yaqinda uchrashib qolamiz.

Oyijon! Sizni xotin-qizlarning xalqaro bayrami — Sakkizinchi Mart bilan tabriklayman. Xatingizni sog’inib kutuvchi o’g’lingiz — Adham».
— Bolam, bolajonim!

Shahodat xola ko’zini daryo qilib xatni Qoravoyning qo’lidan oldi-da, bag’riga bosganicha uyga kirib ketdi.

Qoravoy hech narsaga tushunmay joyida turib qolgan edi.

Xatni Valijon yozganidan u ham xabarsiz edi.

1964


Orqaga qaytish