Mashxur shaxslar

5083 marta o'qildi
Yunon olimlari - Pifagor, Arastu va Suqrot kim bo'lgan ?

Suqrot chindan ham donishmand odam ideali hisoblanadi. Lekin Suqrotning o‘zi, chinakam donishmandlik o‘zining sariqchaqaga arzimasligini anglashdadir, deb uqtirgandi. U Yunonistonda, Afinada taxminan eramizdan avvalgi 470- yillarda tug’ilgan. Uning bolaligi va ota-onasi to‘g’risida ma'lumot juda kam. U o‘zidan keyin hech qanday asar qoldirmagan

SUQROT KIM BO‘LGAN?

Suqrot chindan ham donishmand odam ideali hisoblanadi. Lekin Suqrotning o‘zi, chinakam donishmandlik o‘zining sariqchaqaga arzimasligini anglashdadir, deb uqtirgandi.

U Yunonistonda, Afinada taxminan eramizdan avvalgi 470- yillarda tug’ilgan. Uning bolaligi va ota-onasi to‘g’risida ma'lumot juda kam. U o‘zidan keyin hech qanday asar qoldirmagan. Biroq uning shogirdi, qadimgi yunon faylasufi Aflotun Suqrot ta'limoti va g’oyalarini ustozi hayotidan olingan lavhalar bilan uyg’unlashtirib, muloqot shaklida bayon qilib bergan.

Aflotun ta'kidlashicha, Suqrot butun vaqtini Afina bozorlarida, o‘z so‘zlarini tinglashga rozi bo‘lgan har qanday odam bilan gaplashib

o‘tkazardi. U, ayniqsa, biron-bir masalada o‘zining qat'iy fikriga ega bo‘lganlar bilan suhbatlashishni yoqtirardi. Suqrot bunday odamlarga yo‘l-yo‘lakay savollar berib, ularni gaplashishga majbur qilar, so‘ng esa ular bu qadar ishonch bilan fikr yuritayotgan masalada johil ekanliklarini ko‘rsatib berardi. Shu bois savollar berish orqali bahs olib borish — uslubi Suqrot uslubi, degan nom oldi. Uning asosiy hayotiy qoidasi «O‘z-o‘zingni anglab yet» qoidasi bo‘lgan.

Afinaliklar o‘zlaryning olam to‘g‘risidagi asosiy g’oyalarini Suqrot rad etganligi tufayli uni yoqtirishmasdi. Ular Suqrotga u xudolarga, haqiqatga va adolatga ishonmasligini aytishardi.

Eramizdan avvalgi 399- yilda dushmanlar uni Afina yoshlarini buzishda hamda diniy majburiyatlarini mensimaslikda ayblab, sudga chaqiradilar. Bunday ayblovlarga hech kim ishonmasdi. Buni Suqrot ham yaxshi bilardi. Uning sudda o‘zini himoya qilib so‘zlagan, keyinchalik Aflotun tomonidan yozib olingan nutqi mardona, hazil va istehzoga boy edi. U o‘ziga o‘lim jazosini tayinlashlarini bilgani holda, o‘zini haqiqatni topishga bagishlab, avvalgidek yashayverishi darkorligini bayon etadi.

Suqrot o‘zining so‘nggi kunini ham do‘stlari bilan jonning abadiyligi to‘grisidagi masalani muhokama qilgan holda hibsda o‘tkazdi. U o‘ziga berilgan, og‘u solingan idishni dadil qo‘lga olib, aslo ikkilanmay, sipqarib yuboradi. Do‘stlari ko‘z yosh qilishadi, ammo Suqrot ulardan sukut saqlashni iltimos qiladi hamda mamnun — lablarida tabassum bilan jon taslim qiladi.

ARASTU KIM?

Arastu (Aristotel) Qadimgi Yunonistonda buyuk kishilardan bo‘lgan. U hamma davrlarda yashab o‘tgan buyuk faylasuflar sirasiga kiradi.

Arastu faylasuf Aflotun huzurida yigirma yilga yaqin ta'lim oladi. Aflotun vafot etgandan so‘ng Arastu o‘z ta'lim uslubini rivojlantira boshlaydi. U amalda inson duch keladigan barcha muammolar bilan qiziqardi. Aql qay tarzda ishlaydi? Haqiqat qayerda-yu yolg‘on qayerdaligini qanday ajratib olishimiz mumkin? Hokimiyatning qanday shakli afzalroq?

Arastu atrof muhitni kuzatgan va dalillar to‘plagan holda bu savollarga javob topishga intildi. U har bir hodisa o‘zining mantiqiy izohiga ega deb hisoblagan hamda tadqiqotlar va kuzatuvlardan hu$sm chiqarib, uni ta'riflab bergan ilk olimlar qatorida turadi.

Arastu o‘z maktabiga asos soladi va unga «Liseum» deb nom beradi. U har bir kishi yaxshi va foydali yashab o‘tish imkoniyatini bilish yo‘li bilan olamda o‘z o‘rnini egallashi mumkinligiga ishontirishga harakat qiladi. U yoshlik va qarilik oralig‘idagi umrga — «oltin o‘rtalik»ka ishonardi.

Guvohlik berishlaricha, Arastu astronomiya, fizika, poeziya, zoologiya, notiqlik san'ati, biologiya, mantiq, siyosat, boshqaruv, axloq ilmi bo‘yicha to‘rt yuzga yaqin asar yozgan.

Arastu asarlarini butun jahonda odamlar yuzlab yillar davomida o‘qib-o‘rganishmoqda. Hyech bir olim shuncha uzoq davr mobaynida odamlar tafakkuriga bu qadar ta'sir kursatmagandi.

Hozirgi olimlar Arastuning ikki ming yildan ziyodroq vaqt ilgari olib borgan kuzatishlari bugungi kun nuqtai nazaridan ham to‘g‘ri

ekanligini tasdiqlashmoqda. U har bir fikr isbotlanishi darkorligini hamda bilimlar asosi dalillar ekanligini bizga anglatadi.

 

PIFAGOR KIM BO‘LGAN?

Qadimgi Yunoniston ko‘plab buyuk zotlar vatanidir. Ular orasida eng e'tiborlilaridan biri eramizdan avvalgi VI asrda yashab o‘tgan mashhur olim Pifagordir.

Pifagor g‘oyaviy targ‘ibotchi — ya'ni voiz; matematik va faylasuf bo‘lgan. O‘z g‘oyalari va e'tiqodi tufayli u Yunonistonni tark etib, janubiy Italiyaga ko‘chib ketishga majbur bo‘lgan.

Pifagor ta'limoti nimasi bilan bu qadar g‘ayriodatiy bo‘lgan? U ruhning o‘lmasligi va «ko‘chishi»ga ishongan. Boshqacha aytganda, uning fikricha, o‘limdan so‘ng jannatga kirmagan ruhlar boshqa odamlar va hayvonlar taniga o‘tadi. Shu bois u o‘z shogirdlariga go‘sht yeyish hamda xudolarga jonliq qurbon qilishni taqiqlagan.

Pifagor izdoshlari, pifagorchilar boshqa qat'iy qoidalarga ham rioya qilishgan. Masalan, ular sukut saqlashi va sharob ichmasligi shart edi.

Pifagor g‘oyalarining ba'zilari sodda va hatto bema'niga o‘xshab ko‘rinishi mumkin, albatta. Biroq u fanga katta hissa qo‘shganini unutmaslik kerak. U torlar tovushining past-balandligi matematik jihatdan uning uzunligiga bog‘liqligini kashf etadi. Shundan kelib chiqib, uyg’unlik nazariyasini rivojlantirdi hamda koinotda mavjud bo‘lgan jamiki narsa-hodisaning asosida sonlar yotadi, degan fikrni ilgari suradi.

Pifagorchilar Quyosh sistemasiga oid nazariyani ham yaratishdi. Ularning bu sohadagi g‘oyalari haqiqatdan yiroq emasdi. Ular Yer yoritqich atrofida aylanuvchi shardan iborat, deb hisoblashgandi. Albatta, Pifagorning to‘g’ri burchakli uchburchak tomonlarining nisbatini belgilovchi mashhur teoremasini hamma biladi.


Orqaga qaytish