Rivoyatlar

4745 marta o'qildi
Sharq rivoyatlari (Ergash ochilov)

Muhammad ibn Ahmad Bag'dodiyning mushugi bor edi. Har kuni unga bir parchadan go'sht berib turardi. Bir kuni mushukni kabutarxonadan tutib oldilar, so'yib terisini shildilar va uni cho'pga ilib, kabutarxona eshigiga ilib qo'ydilar.

OCHKO'Z MUSHUK

         Muhammad ibn Ahmad Bag'dodiyning mushugi bor edi. Har kuni unga bir parchadan go'sht berib turardi. Bir kuni mushukni kabutarxonadan tutib oldilar, so'yib terisini shildilar va uni cho'pga ilib, kabutarxona eshigiga ilib qo'ydilar. Shu payt favqulodda Muhammad ibn Ahmad Bag'dodiy kabutarxona oldidan o'tib qoldi va mushugini shu ahvolda ko'rib dedi:

—  Biz berib turgan bir parcha go'shtga qanoat qilganingda bu ahvolga tushmagan bo'larding.

MUTTAHAM DA'VOGAR

         Bir kuni janjallashgan ikki kishi qozi Shurayhning oldiga kelib, biri ikkinchisiga katta mol da'vo qildi. Unisi esa men bu kishini umrimda ko'rmaganman, qanday qilib qarzdor bo'lishim mumkin, deb tonib turib oldi. Qozi da'vogardan so'radi: - O'sha molni qayerda bergan eding. Da'vogar dedi:

—  Falon sahroda, bir daraxtning ostida.

— O'sha daraxtni topa olasanmi?

—  Bo'lmasa-chi, — dedi da'vogar, — cho'lning o'rtasida bitta-yu bitta daraxt.

—  Xo'p, — dedi qozi, — borib o'sha daraxtdan toza barg olib kelgin. Chunki barglar gapning rostini aytadi.

Da'vogar barg olib kelgani ketdi. Sherigi esa qoldi. Qozi boshqa kishilarning arzini eshitishga kirishdi va unga e'tibor ham bermadi. Ancha vaqt o'tgandan keyin, gapning o'rtasida qozi unga luqma tashlab qo'ydi:

— O'sha daraxtga yetib bordimikin?

—  Hali yetmagan bo'lsa kerak, — dedi noxosdan haligi kishi, — u yer ancha uzoq.

Qozi dedi:

—  Barakalla. Endi iqror bo'la qolgin, chunki sen avval hamma narsadan tonding. Endi ma'lum bo'ldiki, sen u daraxtni bilar ekansan.

U kishi xijil bo'ldi. Qozi tadbir bilan uning ko'nglini yumshatib, olgan qarziga iqror qildi. Shu asnoda da'vogar ham daraxt barglarini olib keldi.

—  Barglar guvohlikni berib bo'ldi, — dedi qozi da'vogarga. — Mana, olgan narsasini qaytarib beradi.

Haligi kishi da'vogarni o'z uyiga olib bordi, izzat-ikrom ko'rsatib, molini topshirdi.

MEHMONDO'STLIK

         Bir odamning onasining joni endi uzilib, dod-faryod bo'lib turgan ekan. Shu orada ko'cha eshigi taqillab qolibdi. Chiqib eshikni ochsa, ot ustida uzoq shahardan kelgan mehmon turibdi. Uy egasi mehmon bilan salom-alik qilib, darhol uyiga kiribdi-yu, hovlidagilarning yig'isini tinchitibdi. Hech voqea bo'lmagandek mehmonni uyga

olib kirib, oldiga dasturxon yozibdi. Ochiq chehra bilan qornini to'yg'azib, shu yerda tunatibdi.

Bu ko'ngilsiz voqeani mehmon faqat tong otgandagina sezgan ekan.

Mehmonga buning aytmaganligiga sabab shuki, agar mehmon buni eshitganida albatta ovqat yemasdi, uzoq yo'ldan charchab kelgan odam yarim kechada qayergadir daydib ketishi mumkin edi.

ODDIY ODAMNING MEROSI

         Bir xorazmlik kishi nafaqaga chiqqandan keyin bekor yotgandan bekor ishla tarzida o'zi Xorazmda ko'rgan, ba'zan suhbatlarida bo'lgan shoir, san'atkorlar haqida o'z fikr-xotiralarini bo'sh vaqtlarida yozib boraveribdi. Umrining so'nggi kunlarida farzandlarini chaqirib:

— Bolalarim, anavi odam qanday bo'lgan, mana bunisi qanday qilib yashagan, deb so'rardinglar. Qo'limdan kelgancha bo'sh vaqtlarimda mana shu narsalarni yozib qo'y-dim, o'qib chiqarsizlar, — deb o'g'illariga qoldiribdi.

Oddiy bir odamning qoldirgan bu merosi ikki o'g'liga doktorlik darajasini olishi uchun yetarli bo'lgan ekan.

HOTAMNING OTI

         Hotamning bulutga uchadigan tulpori bo'lar ekan. Hotamning saxiyligi rostmi, yolg'onmi, sinash maqsadida bir-ikki odam o'sha tulporni so'rab, oldiga boribdi. Hotam ularni kechasi bilan mehmon qilibdi, ertasiga ertalab mehmonlardan biri:

—  Biz sizning huzuringizga katta iltimos bilan keldik. Ukamiz uylanmoqchi edi, ammo qiz poygada yutib chiqqan odamga tegaman deb shart qo'ygan. Sizda bulutlarga sakray-digan tulpor bor deb eshitdik, shunga kelgan edik, — degan ekan, Hotam: — Bir emas, o'nta otim bo'lsa sizlardan ayamayman. Lekin sizlar tunda kelgan vaqtlaringizda oyoqlaringizga jonliq so'yay desam, yilqilar hammasi yaylovda edi, mehmonning hurmati, ilojim bo'lmaganidan o'sha tulporni kechasi so'yib yuborgan edim. Sizlar yeganlaringiz o'sha tulporning go'shti, — degan ekan.


Orqaga qaytish