Hikoyalar

5528 marta o'qildi
Uch oga-ini (hikoya) - Anvar Obidjon

Uch og‘a-ini bor ekan. Biri biridan sho‘x, biri biridan o‘yinqaroq bolalar ekan. Chetdan qaraganda, ularning yurish-turishi bir xildek ko‘rinsa-da, kenjasi sal pismiqligi bilan ajralibroq turarkan. Uning juda kichkintoylikdagi ajabtovur qilig‘ini oiladagilar haligacha hiringlab-hiringlab eslashar ekan.

Uch og‘a-ini bor ekan. Biri biridan sho‘x, biri biridan o‘yinqaroq bolalar ekan. Chetdan qaraganda, ularning yurish-turishi bir xildek ko‘rinsa-da, kenjasi sal pismiqligi bilan ajralibroq turarkan. Uning juda kichkintoylikdagi ajabtovur qilig‘ini oiladagilar haligacha hiringlab-hiringlab eslashar ekan.

Mahalla bolalarining salomatligini ko‘rikdan o‘tkazib turuvchi qishloq do‘xtiri bir kuni kenjatoyni tekshirib bo‘lib, ota-onasiga: “Qoni jinday kamroqqa o‘xshayapti, bu bolaga alohida parvo qilib turinglar”, deb tayinlabdi. Shu gap bahona bo‘lib, kenjatoy g‘alati odat chiqaribdi. Nonushta paytida: “Men ko‘proq murabbo yalaganim yaxshi, mening qonim ka-a-m”, deb idishni o‘ziga yaqinroq surib olarkan, osh yeyishsa: “Men kuch to‘plashga majburman, mening qonim ka-a-m”, deb birvarakayiga ikkitadan go‘shtni lunjiga tiqarkan, oyisiga tixirlik qilib: “Menga kuniga uch marta muzqaymoq olib bermasangiz bo‘lmaydi, mening qonim ka-a-m”, deb turib olarkan. Oxiri, shu gapga o‘rganib qolibdi, dadasi: “Vaqt allamahal bo‘ldi, televizorni o‘chirib, tezda uxla”, desa ham, u: “Men televizorni ko‘proq ko‘rishim kerak, mening qonim ka-a-m”, deb qo‘yarkan.

Shunaqa erkagina, shunaqa mug‘ombirgina bola ekan kenjatoy.

Shu uch og‘a-inilarning ko‘chasida Tillavoy degan bir kishi yashar ekan. Boshqalardan boyroq bo‘lishiga qarmay, bir tiyinning ustida o‘mbaloq oshadigan darajada xasis, bitta tekin mag‘izning daragini eshitsa, qirq chaqirim joyga yayov borishdan erinmaydiganlar xilidan ekan. Uyidagi kechki taomni tejab qolish uchun, sizlardan bir xabar olib qo‘yay dedim, deb, har kuni shomda u yoki bu qo‘shninikiga kirib borarkan, oldiga ovqat qo‘yishsa, to palov kelmaguncha, bezrayib o‘tiraverarkan. Shu tufayli “Sullavoy” degan laqab orttirgan ekan.

Bir kuni uch og‘a-inining dadasi xotiniga qarab: “Onasi, tashqini yaxshilab supurib qo‘ying, Sullavoy kecha yon qo‘shnimiznikida mehmon bo‘luvdi, menimcha, bugun navbat bizniki”, debdi. Buni eshitib turgan bolalarning ensasi qotib, bir-birlariga ma’noli qarab qo‘yishibdi. Keyin, o‘zaro shivirlasha boshlashibdi. Hamma yomon ko‘radigan Sullavoyga qarshi bir hiyla o‘ylab topishib, gijinglab-gijinglab kulishibdi.

Uch og‘a-ini shunaqa inoq, shunaqa quvnoq bolalar ekan.

Shom bo‘lib, qosh qorayib qolgan pallada ko‘cha eshigi tomondan Sullavoyning: “Hov! Kim bor?” – degan tovushi yangrabdi. Uy begi uni qarshilashga borayotgan chog‘da, to‘ng‘ich o‘g‘il elektr hisoblagichning ostidagi murvatni burab, chiroqni o‘chirib qo‘yibdi. Chiroq chindan ham o‘chib qoldi deb o‘ylagan ota: “Ozib-yozib bir kelganingizda, bunaqa bo‘lganini qarang”, deya o‘ng‘aysizlangan ekan, Sullavoy burnini g‘o‘ppaytirib turib: “Hechqisi yo‘q, sham yoqib o‘tiraveramiz”, debdi.

Uy bekasi sham yoqib bergach, Sullavoy va ota-bolalar mehmonxonadagi xontaxta tevragidan joy egallashibdi. Oldindan hozirlik ko‘rib qo‘yilgani bois, tez orada dasturxonga palov tortilibdi. Sullavoy ochko‘zlarcha tamshanib, tovoqqa endigina qo‘l urayotganida, to‘ng‘ich o‘g‘il qattiq chuchkurib yuboribdi-yu, sham lip etib o‘chib qolibdi. Qorong‘idagi g‘imir-g‘imirlardan hadiksiragan mehmon: “Hov, bo‘richalar, eslikkina bo‘lib o‘tiribsizlarmi?” – deb ovoz qilgan ekan, og‘a-inilar: “Xavotir olmang, Sullavoy tog‘a, miq etganimiz yo‘q”, deb javob qaytarishibdi. Begona erkakdan tortinib, boshqa xonada ovqatlanayotgan beka gugurt bilan kirib kelibdi, shamni yoqibdi. Mundoq qarashsa, oshtovoq yap-yalang emish. Ota: “Osh qani, quluntoylarim?” – desa, og‘a-inilar: “Biz ham shuni bilolmay hayronmiz, dadavoy”, dermish-u, lablarida yog‘ yiltillab turganmish.

         Bundan Sullavoyning ko‘ngli zil ketgan bo‘lsa-da, sirni boy bermay: “Mehmon osh yeyolmadi deb xijolat tortmanglar. Ochig‘ini aytsam, qaymoqni ko‘proq yaxshi ko‘raman”, debdi. Beka bir kosa qaymoq keltirib, xontaxtaga qo‘yibdi. Sullavoy og‘zidan oqayotgan so‘lakni artib olib, qaymoqqa endigina qo‘l cho‘zganida, bu gal o‘rtancha o‘g‘il jarangdor chuchkiribdi-yu, sham lip etib o‘chibdi. Qorong‘ida taralayotgan “chipira-chipir”lardan bezovtalangan mehmon: “Hov, bo‘richalar, eslikkina bo‘lib o‘tiribsizlarmi?” – deb do‘rillagan ekan, og‘a-inilar: “Tashvishlanmang, Sullavoy tog‘a, qoqilgan qoziqdek qimirlamay turibmiz”, deyishibdi. Beka kirib yana shamni yoqibdi. Mundoq qarashsa, na dasturxonda non bormish, na kosada qaymoq. Ota: “Qaymoq qani, quluntoylarim?” – desa, og‘a-inilar: “Ie, bu kosada qaymoq bormidi, dadavoy?” – dermish-u, og‘izlarining atrofi oppoq emish.

Uch og‘a-ini shunaqa ishtahali, shunaqa polvon bolalar ekan.

Bu safar Sullavoyning yuragi tars yorilgudek bo‘libdi. Xo‘rligi kelsa-da, baribir biron nima yemasdan ketadigan ahmoq yo‘q, deya ich-ichidan tugunib: “Aslida, dasturxonga fotiha qilsak ham bo‘lardi-yu, birorta taomga qo‘l urmasdan jilvorishim sizlarga og‘ir botishidan cho‘chiyapman. Mayli, hech bo‘lmasa, shirinlikdan totib ko‘raylik”, deb surlanibdi. So‘ng, ko‘zini ochofatlarcha o‘ynatib, taqsimchadagi konfetlarga tashlanayotganida, kenja o‘g‘il jon-jahdi bilan chuchkurib yuboribdi-yu, sham lip etib o‘chibdi. Qorong‘ida qog‘ozlar shildiray boshlaganini eshitib turgan mehmon: “Hov, bo‘richalar, eslikkina bo‘lib o‘tiribsizlarmi?” – deb bezovtalanibdi. Og‘a-inilar: “G‘am yemang, Sullavoy tog‘a, qo‘limiz tugul sochimiz ham qimirlagani yo‘q”, deyishibdi. Beka uchinchi marta shamni yoqqach, mundoq qarashsa, taqsimchada quruq qog‘ozlardan bo‘lak hech vaqo yo‘q emish. Ota: “Qog‘ozchaga o‘ralgan qandlar qani, quluntoylarim?” – desa, og‘a-inilar: “Bu qog‘ozlarning ichida qand bo‘lishligini endi eshitib turibmiz, dadavoy”, dermish-u, og‘izlari qolib hatto yuzlari ham shira emish.

Dasturxonda bor-yo‘g‘i konfet qog‘ozchalari bilan non uvoqlari turganini ko‘rib, yebto‘ymas Sullavoy yomon ezilibdi, irg‘ishlab-irg‘ishlab dodlagisi kelibdi.

Aytishlaricha, bu hangoma ertasigayoq mahallaga tarqalib, Sullavoy o‘lgudek izza bo‘libdi. Uch og‘a-inining sabog‘i esini kiritib, chaqirilgan joylargagina borishni odat qilibdi.

Uch og‘a-ini shunaqa topqir, shunaqa qiziq bolalar ekan.


Orqaga qaytish