Referatlar

5536 marta o'qildi
Estetika fani haqida

ESTETIKA (yunoncha aisthetikos - hissiy idrok, sezgi) – 1) voqyelikni hissiy ta'sirchan, emotsional o‘zlashtirish; 2) estetik faoliyat qonuniyatlari to‘g‘risidagi fan, nafosatshunoslik. Estetikaga oid dastlabki ta'limotlar miloddan avvalgi 2-3 ming yil muqaddam Qadimgi Misr, Hindiston, Xitoyda vujudga kelib, Qadimgi Yunonistonda Aflotun, Arastu, rimlik Lukretsiy, Goratsiy singari mutafakkirlarning asarlarida har tomonlama rivojlandi.

ESTETIKA FANI HAQIDA

 ESTETIKA (yunoncha aisthetikos - hissiy idrok, sezgi) – 1) voqyelikni hissiy ta'sirchan, emotsional o‘zlashtirish; 2) estetik faoliyat qonuniyatlari to‘g‘risidagi fan, nafosatshunoslik. Estetikaga oid dastlabki ta'limotlar miloddan avvalgi 2-3 ming yil muqaddam Qadimgi Misr, Hindiston, Xitoyda vujudga kelib, Qadimgi Yunonistonda Aflotun, Arastu, rimlik Lukretsiy, Goratsiy singari mutafakkirlarning asarlarida har tomonlama rivojlandi. O‘rta asrlarda Yaqin Sharq va Markaziy Osiyoda ham o‘ziga xos estetik g‘oyalar vu-judga keldi. Nizomiy, Sa'diy, Yusuf Xos Hojib, Navoiy, Behzod kabi san'atkorlar ijodida go‘zallik va ezgulikning uyg‘unligini tarannum etuvchi estetik tasavvurlar tarkib topdi. Shuningdek, tasavvufona qarashlar keng yoyildi. O‘rta asrlar Yevropasida "ilohiy go‘zallik" (Avreliy Avgustin, Foma Akvinskiy) haqidagi tasavvurlar keng yoyildi. Uyg‘onish davri arboblari (Leonardo da Vinchi, L.Alberti, M.Monten, V.Shekspir, M.Servantes) tabiat bilan jamiyat mohiyatan go‘zaldir, san'atkor esa, tabiat va insonning go‘zalligini kuylashi kerak, degan estetik tamoyilni qo‘llab-quvvatladilar. Nemis mutafakkirlaridan Lessing, Gerder, shuningdek, Gyote, Shiller san'atda haqqoniylik g‘oyasini ilgari surdilar; Kant, Fixte, Shelling, Gegel kabi donishmandlar estetik tafakkur taraqqiyotiga samarali hissa qo‘shdilar. Chunonchi, Gegel estetika predmeti nafis san'atdagi go‘zallikdan iboratdir, degan g‘oyani ilgari surdi. XVIII asr o‘rtalarida nemis ma'rifatparvari Aleksandr Gotlib Baumgarten (1714-1762) "Poetik asarga doir ba'zi masalalar xususida falsafiy mulohazalar" (1735) asarida estetikani alohida fan deb hisobladi va uning san'atda yorqin namoyon bo‘lishini ko’rsatdi.

Tafakkur tarixini chuqur o‘rganish estetikani fan sifatida e'tirof etish imkonini berdi. Estetika fan sifatida estetik tafakkur tarixi, estetikaning nazariy-metodologik muammolari va estetik tarbiya masalalarini o‘z ichiga oladi, Estetika falsafa, milliy istiqlol g‘oyasi, sotsiologiya, san'atshunoslik, psixologiya, pedagogika kabi fanlar bilan uzviy bog‘langan, ayni vaqtda, ularning umumestetik madaniyatini shakllantirishdagi funksiyalarini amalga oshirishda muhim o‘rin tutadi. Bozor munosabatlariga o‘tish jarayonida umumestetik ehtiyojlarning ortishi, ularni qondirishga qaratilgan faoliyatning chuqurlashib borishi, komil insonni tarbiyalash vazifalarining chuqurlashuvi, shuningdek, ijtimoiy hayotda milliy san'atimiz rolining ortib borishi jarayonida estetikani o‘rganish va rivojlantirishning ahamiyati yanada kuchaydi.

 

ESTETIK DID - voqyea-hodisalarning estetik sifatlarini idrok etish va baholash jarayonida olinadigan qoniqish yoki qoniqmaslik tuyg‘usi, estetik mezon. Estetik did insonning fikr-mulohazalari, xulq-atvori, xatti-harakatlari moddiy va ma'naviy ijod mahsulotlarida o’z ifodasini topadi. Estetik did zaminida go‘zallikni xunuklikdan ajrata bilish va undan beg‘araz shodlanish hamda lazzatlanish qobiliyati yotadi. Estetik did odamlarning dunyoqarashidan, ayniqsa, estetik qarashlaridan ajralmagan holda amal qiladi. Estetik bilimlar va qarashlar didda ifodalanishi uchun ular shaxsning ichki dunyosiga, idrok qilish jarayonining o‘ziga singib ketishi, shaxsning mustahkam e'tiqodiga aylanishi lozim. Estetik did o‘zida bevosita va bilvosita, hissiy va aqliy, yakka odam va jamiyat estetik didi qarama-qarshiliklari birligini mujassamlashtiradi.

Estetik didning ziddiyatli tabiati haqida dastlab Kant munosabat bildirgan edi. Kant nazarida did yakka odamga xos bo‘lgan insonning tug’ma qobiliyatidir. Did shu qadar yakka tartibda ifoda topadiki, uni hech qanday dalillar bilan inkor etib bo‘lmaydi. Did mulohazasi nihoyatda shaxsiy tabiatga molikdir. Shu boisdan ham "did to‘g’risida bahslashmaydilar". Lazzatlanish ob'yekti bo’lgan hissiylik, nafosat barcha uchun barobar darajada ahamiyatlidir, u faqat mazkur shaxsning o‘zigagina emas, balki hammaga yoqadi. Inson o‘ziga yoqqan narsalarni boshqalarga ham yoqadi deb o‘ylaydi. Demak, didlar uchun umumiy hisoblanadigan tomonlari ham bor. Shu sababli did to‘grisida bahslashish asoslilir. Kant ikkala mulohazani antinomiya sifatida ta'riflaydi. Inson amaliyotining boy va xilma-xilligi ma'naviy munosabatlarning ham boy va xilma-xil bo‘lishiga olib keladi, did esa, ularning eng muhim namoyon bo‘ladigan tuyg‘ularidan hisoblanadi. Alohida shaxsning estetik didi uning betakror hayotiy tajribasi zaminida shakllanadi. Tabiiyki, alohida tarbiya sharoitlari, hayotiy tajriba, tabiati va ehtirosi ta'siri ostida u yoki bu estetik qadriyatlar tabiat hodisalari, inson moddiy faoliyati mahsulotlari, badiiy qiymatlarga ko‘proq moyillik vujudga keladi. Estetik ong bilan badiiy ongni tenglashtirib bo‘lmaganidek, estetik did bilan badiiy didni ham tenglashtirish mumkin emas. Estetik did badiiy did bilan bog‘liq bo‘lib, ko‘p jihatdan uning ustiga quriladi, lekin u bilan qo‘shilib ketmaydi. Badiiy va estetik did o‘rtasidagi tafovug ularning turlicha idrok etish ob'yektlariga ega bo‘lishi bilan bog‘liqdir. Ikki did o‘rtasidagi farqni hisobga olish bilan birga, ularni bir-biriga qarama-qarshi qo‘ymaslik lozim. Badiiy did hamma vaqt estetik didga asoslanadi, undan kelib chiqadi.

 

ESTETIK MUNOSABAT - sub'ekt bilan ob'yekt o‘rtasidagi o‘zaro harakat va o‘zaro ta'sirning maxsus turini anglatuvchi falsafiy tushuncha. Estetik munosabat nafosatli ob'yektdir. Aslini olganda. nafosatli bo‘lmagan narsalarning o‘zi yo‘q. Muayyan shart-sharoitda har qanday narsa, voqyea-hodisa nafosatli tabiatga ega bo‘lib, estetik munosabat va nafosatli baho ob'yektiga aylanishi mumkin. Lekin ular ma'lum talablarga javob berishlari kerak: birinchidan, aniq his-tuyg‘u, sezgi-idrok qobiliyati ia imkoniyatiga ega bo‘lishi, ikkinchidan, u yoki bu voqyea-hodisa insoniy aloqalar va munosabatlarga kirishib, ijtimoiy ahamiyat kasb etishi kerak. Shundagina muayyan voqyea-hodisa estetik munosabat ob'yektiga aylanadi, ya'ni u o‘z qadrini topadi, baholash esa voqyea-hodisalarning qadri yoki ijtimoiy ahamiyatini anglashning maxsus shaklidir. Insonning voqyelikka nafosatli munosabati aslida voqyelikka baho berishning alohida turi, voqyea-hodisalarni nafosatli qadrlash usulidir. Shunday qilib, nafosatli ob'yekt odamlarning nafosatli ehtiyojlarini qondirishga xizmat qiladigan voqyelikning xilma-xil ko‘rinishlarida o’z ifodasini topadi. Nafosatli ob'yektning zarur tomoni estetik munosabat sub'ektidir. Estetik munosabat sub'yekti o‘z tarkibida jamiyatning zarur bo‘laklarini biriktirgan, turli sohalarda moddiy-ma'naviy faoliyat olib boradigan ijtimoiy guruhlar hamda ayrim shaxslardan iborat juda murakkab ijtimoiy hodisadir. Estetik munosabatda his-hayajon maxsus o‘rin egallaydi. His-hayajon estetik munosabatning barcha pog‘onalarida amal qilib, lazzatlanish, hayajonlanish holati bilan yakunlanadi.

 ESTETIK ONG - olamni estetik anglash, dunyoga inson munosabatining sub’yektiv tomoni. U ijtimoiy ong shakllaridan biri sifatida axloqiy ong, siyosiy ong, huquqiy ong, diniy ong, falsafiy ong kabi ijtimoiy hodisalar bilan bir qatorda turadi. Estetik ong ma'naviy-ruhiy voqyea-hodisalar majmui bo‘lib, ular ijtimoiy hayot zaminida vujudga keladigan estetik his, estetik did, fikr, orzu-qarash nazariy tizimini anglatadi. Estetik ong axloqiy ong bilan barobar tarzda, ijtimoiy ongning boshqa shakllaridan oldinroq vujudga kelgan. Dastlabki paytlarda estetik his-tuig‘u, kechinmalar olamlarning bevosita moddiy va ma'naviy faoliyatiga chirmashib ketgan bo‘lib, tabiatni ijtimoiy taraqqiyyotning bu pallasida estetik his-tuyg‘u, kechinma va mulohazalar vujudga kelishi hamda rivojlanishi moddiy asoslar bilan chambarchas bog‘lanib ketganida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Tarixiy rivojlanish estetik his-tuyg‘ular shakllanishi, ularning amal qilish sur'atlariga estetik qarashlar va g‘oyalar mazmuniga kuchli ta'sir o‘tkazib borgan. Shuningdek, estetik ong rivojiga san'at ta'sir kuchining tobora ortib borishini ham ta'kidlash kerak. Estetik ong ijtimoiy ongning maxsus shakli sifatida estetik faoliyat bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, estetik faoliyat jarayonida shakllanadi va qaror topadi. Estetik ong badiiy ong bilan ham chambarchas bog‘liq. Ular bir-biriga yaqin tushunchalar bo‘lsa-da, aynan bir ma'noni anglatmaydi. Estetik ong voqyelikni bir butunligicha idrok etib, qayta ishlash jarayonida vujudga kelsa, badiiy ong voqyelik yordamida san'atni yaratish va idrok etish natijasidir. Badiiy ong badiiy asarlar tizimida ifodalansa, estetik ongning aks etish ko‘lami ancha kengdir: u odamlarning mehnat faoliyati, unipg natijalari, moddiy va ma'naviy qadriyatlarida o‘z ifodasini topadi.

 ESGETIK HIS-TUYG‘ULLR - olamni estetik anglash asosida shakllangan his-tuyg‘ular. Ular inson ongining ajralmas tomoni bo‘lib, nafosatli ong sohasida maxsus o‘rin tutadi. Ular estetik ongning alohida qatlami, uning poydevorini tashkil qiladi. Estetik his –tuyg’ular estetik ongning barcha jabhalariga sayqal beradi va boyitadi. Ruhiy hayotning boshqa bo‘laklari singari , estetik his –tuyg’ular ham voqyelik in'ikosini antlatadi, lekin bu tarzdagi in'ikos etish alohida tusda qaror topadi. Ularda bilish, kechinmalar o’zaro chirmashib ketgan bo‘ladi. His-tuyg‘ular hamma vaqt insonning o‘z ehtiyojlari qondirilishi yoki qondirilmasligiga bo‘lgan munosabati bilan bog‘liq holda vujudga keladi. O‘z mohiyatiga ko’ra, ijtimoiy tabiatli ma'naviy hosilani tashkil etgan nafosatli his-tuyg‘ular ma'lum fiziologik asoslar va shart-sharoitlarga ham ega. Ular birinchi va ikkinchi ogohlantirish (signal) sistemalarining amal qilishi bilan bog‘liq bo‘lib, ularni fiziologik hamda ruhiy- fiziologik jihatlardan ham o‘rganish imkoniyatini yaratadi. Estetik his –tuyg’ular  o‘z shakli, o‘zining namoyon bo‘lishi va amal qilishi jihatidan sub'yektiv tabiatga molik bo‘lib, inson ichki dunyosining bir qismi va sub'yektiv voqyelikning bir bo‘lagini tashkil etadi. Lekin nafosatli his-tuyg‘ularning konkret mazmuni bir maqsad tomon yo‘naltirilgan inson faoliyatida o’z ifodasini topadi. Eng murakkab va turg‘un estetik his –tuyg’ular  qatoriga go‘zallik, olijanoblik, fojialilik va kulgililik hislari kiradi. Bu qatorda markaziy o‘rinni esgetik his egallaydi.  Estetik his –tuyg’ular  kechinmalardan ajralgan holda namoyon bo‘la olmaydi, nafosatli his-tuyg‘uning o‘zi alohida ko‘rinishdagi kechinmalar jarayoni sifatida sodir bo‘ladi. Uning o‘ziga xos belgisi sub'yekt bilan ob'yektning qo‘shilib ketishida namoyon bo‘ladi. Estetik kechinma yengillik, huzurlanish, estetik ob’ektga nisbatan ishonchli munosabatda bo‘lish kabi belgilarni o‘z ichiga oladi. U sub’yektning alohida faolligi, xususan, xayol, tasavvur qila bilish kuchi bilan belgilanadi.


Orqaga qaytish