Jahon adabiyoti

5353 marta o'qildi
SOFOKL

Sofokl qadimgi Yunoniston (Gretsiya) ning Esxildan keyingi ikkinchi buyuk fojianavisi sanalgan.

SOFOKL

(miloddan avvalgi 496 - 406)

Sofokl qadimgi Yunoniston (Gretsiya) ning Esxildan keyingi ikkinchi buyuk fojianavisi sanalgan. Shoir eramizdan oldingi 496 - yilda Afina yaqinidagi Kolon shahrida badavlat oilada tug‘ilgan, yoshligida yaxshi tahsil ko‘rgan. U Afinaning ijtimoiy va siyosiy hayotida faol qatnashgan. Sofokl umri davomida 120 dan ortiq asarlar yaratgan. Shulardan 7 tasigina bizgacha to‘liq yetib kelgan: «Shoh Edip», «Antigona», «Elektra», «Filoktet», «Traxinalik ayollar», «Ayaks», «Edip Kolonda». Sofokl Esxil an’analarini davom ettirgan, tragediyani tantanali qo‘shiq shaklidan dramaga aylantirish ishiga katta hissa qo‘shgan. «Shoh Edip» va «Antigona» fojialarini o‘zbek tiliga Asqad Muxtor tarjima qilgan.

 

«Shoh Edip» tragediyasi haqida

Bu tragediyada taqdiri azal hukmining qudrati ko‘rsatilgan. Edip («tovoni shishgan» degan ma’noni anglatadi) o‘z otasini o‘ddirib, o‘z onasiga uylangan bo‘lib chiqadi. Kunlardan bir kuni shaharga o‘lat yog‘iladi. Buning sababi, kohinlar so‘zicha, shaharda Layning qotili borligi, to uni topib jazolamagunlaricha, o‘lat davom etaverar emish. Edip bu qotilni izlatib, har tomonga chopar yuboradi. nihoyat, Tiresiy ismli folbin jahl ustida Edipga «O’sha qotil - o‘zingsan!» degan gapni aytadi. Edip bu voqeadan dahshatga tushadi, ikki ko‘zini o‘yib tashlaydi. Norasida qizlarining taqdirini ham tog‘asi, ham qaynisi Kreontga topshiradi. Bundan 25 asr oldin yozilgan bu asar hozir ham o‘z qimmatiga ega.

Asarning asosiy qahramonlari: Lay (Fiva viloyatining shohi), Edip (Layning o‘g‘li, podsho), Iokasta (Edipning onasi), Kreont (Iokastaning ukasi), Polib (Korinf viloyatining shohi, Edipni asrab olgan odam), Tiresiy (folbin), Cho‘pon, Xor (yunon tragediyalarida sahnadagi voqealarni muallif tilidan izohlab turuvchi).


Orqaga qaytish