O'zbekiston tarixi

4723 marta o'qildi
Afrosiyob tarixi

AFROSIYOB — Samarqandning qadimgi shahar xarobasi. Shahariing mazkur qadimgi nomi miloddan avvalgi VIII-VII asrlarda Turon davlatini boshqargan harbiy sarkarda va mashhur davlat arbobi Afrosiyob nomidan kelib chiqqan. Turkiy manbalarda u  Afrosiyob Er To‘nga, forsiy manbalarda  Afrosiyob nomi bilan tilga olinadi.

AFROSIYOB — Samarqandning qadimgi shahar xarobasi. Shahariing mazkur qadimgi nomi miloddan avvalgi VIII-VII asrlarda Turon davlatini boshqargan harbiy sarkarda va mashhur davlat arbobi Afrosiyob nomidan kelib chiqqan. Turkiy manbalarda u  Afrosiyob Er To‘nga, forsiy manbalarda  Afrosiyob nomi bilan tilga olinadi. Ko‘pchilik mutaxassislar  Afrosiyobni hozirga qadar afsonaviy timsol sifatida e'tirof etadi. Ammo Abu Rayhon Beruniy, Mahmud Koshg’ariy, Alisher Navoiyning asarlarida va yana ko‘plab boshqa manbalarda u real tarixiy shaxs ekani qayd qilinadi.  Afrosiyob nomi tarixiy manbalarda qadimgi Samarqandga nisbatan XVII asrdan boshlab qo‘llaniladi.  Afrosiyob hozirgi Samarqandning shimoliy chegarasiga tutash keng tepaliklardan iborat bo‘lib, uning maydoni 219 ga. Tepalikning shimoli Siyob arig’i bilan chegaralangan. Janubiy tomondan "eski shahar" deb atalgan qismi Samarqandga ko‘shilib ketgan. Shaharning dastlabki tarixi haqida yozma manbalarda ma'lumotlar juda kam uchraydi. Asosiy ma'lumotlar ko‘hna shaharda o‘tkazilgan arxeologik qazishmalar natijasida qo‘lga kiritilmoqda. Arxeologik qazishmalar qalin madaniy qatlamlarning qanday bo‘lganiga aniqlik kiritish bilan birga, boylar va kambagallarning uylarini, hunarmandlarning ustaxonalarini, savdogarlarning do‘kon-larini, ko‘cha va maydonlarni, shohona saroylar va ibodatxona, masjid va mad- rasalarni, mudofaa inshootlarini, shaharning suv bilan ta'minlanish tizimini aniqlashga yordam beradi.

1930 yillarga qadar Afrosiyobda olib borilgan arxeologik qazishmalar qadimgi Samarqand tarixiga oid juda kam ma'lumot bergan. II jahon urushidan keyin O‘z FA Tarix va arxeologiya instituti olimlari, A.I.Terenojkin tomonidan Afrosiyobda  jiddiy dala tadqiqotlari o‘tkazildi. Natijada uning eng pastki qatlamidan miloddan avvalgi VI-V asrlarga taalluqli buyumlar, uy-joy xarobalari topildi. Ya.G‘.G‘ulomov (1967-70) va V.A.Shishkin (1958-66) rahbarligida olib borilgan keng ko‘lamli arxeologik qazishlar natijasida qadimgi madaniy qatlam namunalari Afrosiyobning boshqa joylaridan ham topildi. 1966 yil 13 iyulda Afrosiyobni arxeologik jihatdan komlleks o‘rganishni tashkil etish maqsadida respublika hukumatining maxsus qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra,  Afrosiyob "arxeologik qo‘riqxona" deb e'lon qilinib, uni o‘rganish ishiga Toshkent va Samarqand davlat universitetlari hamda Madaniyat vazirligining San'atshunoslik instituti olimlari safarbar etildi. Aniq ilmiy reja asosida boshlangan arxeologik tadqiqotlar tufayli nafaqat shaharning ko’p asrlik yoshi, balki uning har xil davrlardagi tarixiy topografiyasi, shahar tarkibi, shahar hayotining rivojlanish bosqichlari, bosqinlar tufayli yuz bergan bo‘hronlar davri aniqlandi. Samarqand ixshidlarining shohona saroyi ochildi. Afrosiyobda topilgan arxeologik materiallar Samarqand miloddan avvalgi VIII-V asrlarda Sug‘diyonaning markaziy shahri sifatida vujudga kelganligini ko‘rsatadi. Miloddan avvalgi 329 -yilda shahar Aleksandr Makedonskiy qo‘shinlari tomonidan vayron etilgan, uning izlari hozirgacha shahar mudofaa inshootlarida saqlanib qolgan. Miloddan avvalgi III-I asrlarda shahar hayotida yana yuksalish yuz bergan. Miloddan avvalgi III asrda shahar qo‘shaloq mudofaa devori bilan o‘rab olingan. U davrlarga oid qalin madaniy qatlam Afrosiyobning shimolida, uning arki joylashtan qismida yaxshi saqlangan. Arxeologik materiallarning guvohligi hamda yozma manbalarda ta'kidlanishicha, o‘sha davrda Samarqand orqali Buyuk ipak yo‘li o‘tgan, ichki va tashqi savdo, hunarmandchilik rivoj topgan. Ilk o‘rta asrlarda Samarqand Sug‘diyonaning bosh shahri sifatida nufuzli mavqega ega bo‘lib, shaharning ijtimoiy va iqtisodiy hayotida tub o‘zgarishlar yuz bergan. Badavlat dehqon xo‘jaliklari kuchayib, xuddi shu kezlarda ularning qasrlari joylashgan Afrosiyobning shimoliy qismi mudofaa devori bilan o‘rab olingan. Bu holat Movarounnahr va unga qo‘shni viloyatlarda ham yuz bergan. Bu davrda Samarqand hukmdorlari "ixshid" deb atalgan. 712 yilda arab sarkardasi Qutayba ibn Muslim qo‘shin tortib kelganda, Samarqandning mudofaa devorlari mustahkam bo‘lib, atrofi suv to‘la xandaq  bilan o‘rab olingan edi. Qutayba Samarqandga Farg‘ona, Shosh va turklardan yordamga kelgan lashkarlarni yenggach, ko‘maksiz qolgan Sug‘d hokimi Gurak noiloj u bilan sulh tuzadi, shaharning ichki qismini (shahriston) arablarga bo‘shatib berishga  majbur bo‘ladi. Arxeologik topilmalar islomga zid bo‘lgan haykal va devoriy rasmlarning ataylab qilich bilan chopilganini isbotlaydi. IX asrning ikkinchi choragidan Movarounnahrda hokimiyat somoniylar qo‘liga o‘tdi. Buxoro ularning markaziga aylandi. Shu davrda Samarqand iqtisodiy va madaniy jihatdan tez rivojlandi. Afrosiyobda somoniylar davrida o‘ymakor ganch naqshlar bilan bezatilgan saroylar, badavlat dehqon xonadonlari, masjid va mad-rasalar, hammom va quvurlar, tosh ko‘chalar topilmoqda. Shahar aholisining suvga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida shahar hayotining dastlabki yillaridayoq Darg’om tomonidan kanal qazib, suv keltirilgan. Ana shu kanal izlari hozirgi shahar hiyobonining janubida, Alisher Navoiy haykali qad ko‘tarib turgan maskanda ochib o‘rganildi. Bu kanal Registon maydoni orqali Hazrati Xizr masjidi tomon cho‘zilib ketgan. Tarixiy manbalarga ko‘ra, Afrosiyobga janubdan kiraverishda shaharni o’rab turgan xandaq ustiga pishiq g‘ishtlardan ravoqli suvayrig‘ich qurilib, uning tepasidan katta ariq o‘tkazilgan. Bu ariqni "Juyi arziz" ("Qo‘rg‘oshin ariq") deb ataganlar. Ariq shu yerda uchga bo‘lingan va shahar oralab Siyob arig‘iga qadar borgan. X asrning oxirida Movarounnahrda hokimiyat qoraxoniylar qo‘liga o‘tganda ham Samarqandda savdo, hunarmandchilik, obodonchilik ishlari davom etadi. Shaharda hunarmandchilik rivojlanib, zodagon dehqon qasrlari endi shahar tashqarisida, ularning dala hov-lilarida markazlashadi.

1220 yilda Chingizxon qo‘shinlari "Juyi arziz" to‘g‘onini buzib, shaharni suvsiz qoldirdi. Shahar mudofaachilari tengsiz jangda taslim bo‘ldilar. Bosqinchilar shaharning devor va darvozalarini vayron qilib, saroy, masjid va madrasalarga, aholi xonadonlariga o‘t qo‘ydilar. Aholining katta qismi jangda qirildi, hunarmandlar Mo‘g‘ilistonga haydab ketildi. Shaharning so‘nggi mudofaachilari Jome masjidida yashirinib, qarshilikni davom ettirdilar. Ularning olovda yongan tanalari jang kiyimida saqlanib qolgan bo‘lib, arxeologik qazishlar chog‘ida topilgan. Shundan keyin "Qo‘rg‘oshin ariq" qayta tiklanmagan. Afrosiyobda suvsiz qolgan aholi Siyobdan charxpalakda suv chiqarib, kun ko‘rgan, keyinchalik aholi Afrosiyobni butunlay tashlab ketgan. Kimsasiz xarobaga aylangan qadimgi Samarqand avvallari "Hisori ko‘hna", "Qal'ai Hisor" deb atalib, XVII asrdan boshlab aholi orasida "Qal'ai Afrosiyob" yoki "Afrosiyob" deb atala boshlagan. Afrosiyobda qazishma ishlari ayniqsa Samarqandda O‘z FA Arxeologiya instituti tashkil topgandan keyin keng ko‘lamda yo‘lga qo‘yildi. 1989 yildan boshlab Afrosiyobni arxeologik jihatdan tadqiq etish ishiga fransuz arxeologlari - Pol Bernar, Frani Grene va boshqalar jalb etilgan. Fransuz arxeologik missiyasi O‘zbekiston arxeologlari bilan birga Afrosiyobni o‘rganishda qatnashmoqda. O‘zbekiston va fransuz olimlarining hamkorlikda olib borgan tadqiqot natijalari qadimgi Samarqand tarixiga oid qator masalalarga aniqlik kiritdi, ya'ni miloddan avvalgi VI-V asrlarga taalluqli shahar mudofaa devorlari ostidan guvaladan qurilgan yanada qadimgi devor qoldiqlari ochilib, Samarqandning yoshi miloddan avvalgi VIII asrning o‘rtalariga oid ekanligini isbotladi: shaharning ark qismidan miloddan avvalgi VIII asrga oid murabba shaklidagi Samarqand ixshidlarining mahobatli saroyi qoldiqlari ochildi.

Afrosiyobda arxeologik tadqiqot ishlari davom etmoqda. Afrosiyobda arxeologik qazishmalar natijasida mahobatli rangtasvirning noyob dastlabki namunalari arxeolog V.Vyatkin tomonidan topilgan (1913). Keyingi qazishmalar davrida (1965-1968) o‘zbek arxeologlari 30 ga yaqin saroy xonalarini ochishga muvaffaq bo‘lganlar, bu xonalarning ko‘plari devoriy rasmlar, naqshlar bilan bezatilgan. Shulardan katta (11x11) va kichik (7x7) xonalardagi rasmlarda bir necha erkak va ayol ark oldida o‘tirgan holda tasvirlangan. Katta xona devorlariga ishlangan rasmlar detallarga boyligi, sug‘d yozuvlarining saqlanib qolganligi bilan ahamiyatga ega. Xona devorlariga ishlangan rasmlarda to‘y marosimi, Sug‘d hukmdorining xorijiy davlatlarning elchilarini qabul qilishi, bu elchilarning yo‘ldagi sarguzashtlari, yirtqich hayvonlar bilan olishuv, ov manzaralari, afsonaviy maxluqlar tasvirlangan. Saqlanib qolgan rasmlar tahlili o‘rta asr mahobatli tasviriy san'atining g‘oyaviy-badiiy yo‘nalishi, musavvirning ish usul va vositalari haqida, tafsilotlarga boy maishiy sahnalar, etnik ko‘rinishlar o‘sha davr haqida fikr yuritish imkonini beradi. Afrosiyob devoriy rasmlari yagona mazmunga bo‘ysundirilgan: markazda Sug‘d hukmdori Varxumon turadi, an'anaga ko‘ra, rassom uni boshqalarga nisbatan yirik ko‘rinishda (butun devor balandligida, 5-6 m) tasvirlab, hukmdorning buyukligini e'tirof etadi, unga abadiylik, qahramonlik baxsh etadi. Afrosiyob devoriy rasmlari O‘rta Osiyoda arablar istilosiga qadar mahobatli rangtasvir san'ati yuksak darajada rivojlangani, Samarqand esa uning markazi bo‘lganidan dalolat beradi.


Orqaga qaytish